Quduqqa boshqa bola tushirilgan - FVV Chiroqchida bolani qutqarish operatsiyasiga oid qo‘shimcha tafsilotlarni ma’lum qildi

Jamiyat 13:39 / 13.06.2022 42881

Chiroqchi tumanidagi quduqqa tushib, deyarli bir sutka qolib ketgan 6 yashar bolakayning qutqarilishiga oid qisqa lavha ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilikning xursandchiligiga sabab bo‘ldi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot kotibi Murod Sodiqovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, soha xodimlari hamisha bunday holatlarga tayyor turishadi va ularning o‘zlari ham bola eson-omon qutqarilganidan juda xursand bo‘lib ketishgan. Bu holatda bola ham yosh bo‘lishiga qaramay, ko‘rsatmalarni aniq bajargan, qo‘rqmagan, arqonni o‘zi beliga bog‘lagan.

Sodiqovga ko‘ra, vazirlik rahbariyati mazkur o‘ziga xos operatsiyada ishtirok etganlarga minnatdorlik bildiradi.

“Shu o‘rinda ko‘pchilikda “Nima uchun qutqaruv operatsiyasi bu qadar uzoq, ya’ni bir sutka davom etdi?” degan savol tug‘ilmoqda. Gap shundaki, bu yerda eng katta xavf – bolaning ustiga tuproq bosib qolishining oldi olingan va juda ehtiyotkorlik bilan harakat qilingan. Xodimlar barchasini qo‘llanmaga ko‘ra bajarishgan. Atrofda chuqur qazish uchun ham katta texnika jalb qilingan va ulkan o‘ra qazilib, katta hajmdagi tuproq chiqarish ishlari bajarilgan.

Yana bir muhim jihat – quduqqa tana xususiyatlari mos kelgani uchun 8-sinf o‘quvchisi Ozodbek Yo‘ldoshev arqonga bog‘lab tushirilgan va shu orqali bola qutqarib olingan. Eng muhimi, natija ko‘ngildagidek bo‘ldi va bu qiyinchiliklar ortda qoldi”, – dedi FVV vakili.

Ko‘proq yangiliklar: