Ma’lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Shahrisabz tuman bo‘limi tomonidan AT “Xalq bank” Shahrisabz filialining murojaatiga asosan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.
Unda, filialining 4-sonli sayyor kassa buxgalter nazoratchisi S.I. va kassiri N.R. o‘zaro til biriktirib, tumandagi 150 nafar fuqaroga joriy yilning mart, aprel va may oylari uchun ajratilgan 100,5 mln so‘m pensiya va nafaqa pullarini fuqarolarga berilishini ta’minlamagani aniqlangan.
Qayd etilishicha, yuqoridagi shaxslar pensiya va nafaqa pullarini o‘zlarining shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab talon-toroj qilgan. Tekshiruv davomida yetkazilgan zararning to‘liq qoplanishi ta’minlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Departament ma’lumotiga ko‘ra, hozirgi vaqtda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.