Mamlakatimizda oxirgi yillarda intellektual mulk obektlariga bo‘lgan e’tibor oshib bormoqda. Buni so‘nggi yillarda ushbu mulk turlariga nisbatan amalga oshirilgan huquqbuzarlik bilan bog‘liq nizolarning ko‘payishida ko‘rishimiz mumkin. Shunday nizolardan biri bu “DINAY” va “NASh SAD” o‘rtasidagi nizodir.
Aniqlanishicha, Namangan viloyatida tadbirkorlik sub’yekti sifatida ro‘yxatdan o‘tgan “CHUST BOG’ AGRO” MChJ “NASh SAD” nomi ostidagi salqin ichimliklarni ishlab chiqarishda “RICOMEL BEVERAGES” MChJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan “DINAY” salqin ichimligini qadoqlash uchun mo‘ljallangan maxsus shaklga ega idish (baklajka) hamda idishni to‘liq qoplab turuvchi etiketka (o‘rov) dizaynlaridan huquq egasining ruxsatisiz, qonunga xilof ravishda foydalanib kelgan.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi tomonidan 08.06.2016 yilda “DINAY” tovar belgisi “RICOMEL BEVERAGES” MChJ nomiga ro‘yxatdan o‘tkazilgan va MGU 29546-sonli guvohnoma berilgan. Shuningdek, Intellektual mulk agentligi tomonidan 20.01.2022 yilda “DINAY” salqin ichimligini qadoqlash uchun mo‘ljallangan maxsus shaklga ega idish (baklajka) uchun MGU 44137-sonli guvohnoma hamda 21.01.2022 yilda MGU 44138-sonli guvohnomalar berilgan. Ushbu tovar belgilariga doir mutlaq huquq “RICOMEL BEVERAGES” MChJga tegishli.
“RICOMEL BEVERAGES” MChJ nomiga ro‘yxatdan o‘tkazilgan tovar belgilari
MGU 29546-sonli guvohnoma
MGU 44137-sonli guvohnoma
MGU 44138-sonli guvohnoma
“CHUST BOG’ AGRO” MChJ tomonidan “NASh SAD” nomi ostidagi salqin ichimliklarning tashqi ko‘rinishi
Mazkur holat yuzasidan “RICOMEL BEVERAGES” MChJning bosh direktori Sh.Bazarov Namangan viloyati adliya boshqarmasiga murojaat qilib huquqbuzarning mansabdor shaxslariga qonunchilikda belgilangan tegishli choralarni ko‘rishni so‘ragan. Holat yuzasidan atroflicha tekshiruvlar o‘tkazilishi hamda Intellektual mulk agentligi mutaxassislarining fikrlari o‘rganilishi natijasida, “CHUST BOG’ AGRO” MChJ tomonidan “NASh SAD” nomi ostidagi salqin ichimliklarni ishlab chiqarishda maxsus idishdan (bakalajka) foydalanishi tovar belgilariga nisbatan mutlaq huquqlarning buzilishi deb topildi va tegishli ma’muriy bayonnoma tuzilib jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan tuman sudiga yuborildi.
“RICOMEL BEVERAGES” MChJning vakili X.Jurayevning so‘zlariga ko‘ra “NASh SAD” nomi ostidagi mahsulotlarning qadog‘i tashqi shakli jihatidan, idishning aynan ma’lum joylarida chiziqlar mavjudligi, qopqoq shakli va ranglar uyg‘unligi jihatidan tovar belgisi egasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan “DINAY” nomi ostidagi mahsulotlarga adashtirib yuborish darajasida o‘xshashdir, shuningdek ushbu tovarlarning bir turdagi tovarlarga mansubligi, bir xil materialdan ishlab chiqarilgani va bir joyda sotilishi iste’molchida mazkur mahsulotlar bitta ishlab chiqaruvchiga qarashli degan tasavvur paydo qiladi va ularning tovar ishlab chiqaruvchisi xususida chalg‘ishiga olib keladi. Shu bilan birga, “RICOMEL BEVERAGES” MChJning bosh direktori Sh.Bazarov iste’molchilarni chalg‘itishga qaratilgan bunday harakatlar jamiyat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazayotganini ta’kidlab o‘tdi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi Qonunning 26-moddasiga binoan tovar belgisining egasi tovar belgisidan foydalanish va uni tasarruf etish mutlaq huquqiga ega. Tovar belgisini yoki shu belgi bilan belgilangan tovarni ruxsat berilmagan tarzda tayyorlash, qo‘llash, olib kirish, savdoga taklif etish, sotish, o‘zgacha tarzda fuqarolik muomalasiga kiritish yoki ularni shu maqsadda saqlash yoxud ular bilan adashtirib yuboradigan darajada aynan o‘xshash bo‘lgan bir xildagi tovarlarni belgilash tovar belgisiga doir mutlaq huquqni buzish deb e’tirof etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 177-moddasida o‘zganing tovar belgisidan, xizmat ko‘rsatish belgisidan yoki adashtirib yuborish darajasida ular bilan o‘xshash bo‘lgan belgilardan shu turdagi tovarlarga (xizmatlarga) nisbatan qonunga xilof ravishda foydalanish yoxud o‘zga firma nomidan qonunga xilof ravishda foydalanish ma’muriy javobgarlikka tortilishi belgilangan.
Natijada, jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan tuman sudi tomonidan tuzilgan ma’muriy bayonnoma, mutaxassis fikri hamda sud majlisida ishda qatnashayotgan tomonlarning keltirilgan vajlariga tegishli baho berilib, mazkur yilning 27 may kunidagi qarori bilan “CHUST BOG’ AGRO” MChJning mansabdor shaxslariga bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
Qarordan norozi taraflar qaror e’lon qilingan kundan boshlab, xuquqbuzar va jabrlanuvchi qaror nusxasini olgan kundan boshlab 20 (yigirma) sutka muddat ichida apellyatsiya tartibida shikoyat berishi yoki protest bildirishi mumkin.
Reklama huquqi asosida