“Odam bu kasallikni eshitganida bir o‘lib bir tiriladi” - oqqon tufayli g‘am yutayotganlar 

Jamiyat 14:53 / 27.05.2022 6354

Xasta bolamning yuziga qarab yuragim eziladi

Jizzaxning Baxmal tumanidan kelgan qizaloqni ko‘rganda uning dardmandligi xayolga kelmaydi. Lekin 6 yoshli Kamolada oqqon aniqlangan.

Onasi Dilnoza Ochilovaning aytishicha, bir yildan beri bu xastalik bilan nafaqat farzandi, balki butun oila azob chekadi.

“Tashxisni eshitganimda xayolimdan qizimdan ayrilib qolish xavfi borligi o‘tdi. Chunki o‘zim ham tibbiyot sohasida ishlaganman, bu kasallikdan xabarim bor. Hozir davolatyapmiz, shifoxonalarda bolamning yuziga termulib o‘tiraman, yuragim ezilib ketadi”, — deydi u.

Kamola Xushmurodovaga oid ma’lumotlar:

Uzcard: 8600 0610 0493 1944 buvisi Oysapar Ochilova nomida 

Bir o‘lib tirildik

“Oqqon degan tashxisni eshitganda a’zoyi badanim titilib ketdi. Bir o‘lib tirildik hammamiz. Bo‘yi bo‘yimga teng bo‘lganda shunday dardga chalinish og‘ir bo‘ldi. Qizim kasalga duchor bo‘lgani otasiga qattiq ta’sir qildi. O‘ziyam xastalanib qoldi”, — deya o‘kinadi qashqadaryolik Charos Qushmanova. Uning 17 yashar qizi Zaynab ichki ishlar xodimi bo‘lish orzusida yashayotgan edi. Ammo oqqon qizning hayotini, orzularini butunlay o‘zgartirib yubordi. Olis tumanda istiqomat qiladigan bu oila to‘rt farzandni voyaga yetkazayotgan edi. Kutilmagan bu zarba ular uchun juda og‘ir keldi.

Zaynab Toshevaga oid ma’lumotlar:

Uzcard: 8600 0610 2852 2992 onasi Charos Qushmanova nomida

Humo: 9860 0303 0305 8322 onasi Charos Qushmanova nomida 

Bolam o‘z dardidan bexabar

Umidjon 10 yoshda. U oqqon bilan og‘riydi, lekin bu dardi haqida bolaning o‘zi bilmaydi. Og‘riqlardan qiynalganda beradigan savollariga javob topish og‘ir keladi.

“10 yilda biror marta kasallik nimaligini bilmagan bolam to‘satdan holsizlanib, badanida ko‘karishlar paydo bo‘la boshladi.

Shu musibatga duch kelganimizdan beri oilamizda halovat yo‘qolgan. Qo‘rquv bilan yashaymiz hammamiz. Yaqinlarimiz, o‘zimiz bor narsamizni sotib davolatdik. Oxirgi choramiz ilik ko‘chirish operatsiyasini o‘tkazish qoldi”, — deydi bemorning onasi.

Umidjon Muhammadjonovga oid ma’lumotlar:

Humo: 9860 0308 0113 5291 otasi Ulug‘bek Nishonov nomida

Bemor bolasi parvarishida umr kechirayotgan onalarning hasratiga befarq bo‘lishning imkoni yo‘q. Shunday saxovatli qalb sohiblari oramizda ko‘p ekaniga ishonamiz.

Gulmira Toshniyozova tayyorladi.
Tasvirchi: Azimjon Vohidov.

Ko‘proq yangiliklar: