Transport vazirligi va Birlashgan Arab Amirliklarining JETEX kompaniyasi o‘rtasida fuqaro aviatsiyasi sohasida yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.
Transport vaziri Ilhom Maxkamov hamda JETEX kompaniyasi ta’sischisi Adel Mardini bilan o‘tkazilgan uchrashuvda imzolangan ushbu memorandum doirasida «Toshkent-Sharqiy» aeroportida FBO shaklida davlat xususiy sherikchiligi asosida VIP va CIP mijozlarga xizmat ko‘rsatishni tashkil etish bo‘yicha investitsion loyiha amalga oshiriladi.
Jumladan, kichik aviatsiya sohasida ta’mirlash, sotish va saqlash xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi va VIP taksi joriy etiladi. Ta’kidlanishicha, bu turizm sohasining rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi hamda VIP mijozlar uchun qulaylik yaratadi. Qolaversa, biznes aviatsiya sohasida 200 dan ko‘proq yuqori malakali ish o‘rinlari yaratiladi.
JETEX kompaniyasi 2005 yilda tashkil etilgan bo‘lib, 5 qit’ada 30 ta biznes birlashmasiga ega global tarmoqni tashkil etgan. Butun dunyo bo‘ylab 50 dan ortiq nuqtalarda, jumladan Yaqin Sharq, Yevropa, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Afrika va Amerikada kunu tun mijozlarga xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.
FBO (Fixed Base Operator) – aeroportlarda havo kemalari va yo‘lovchilarga kompleks servis xizmatlari ko‘rsatuvchi, xususan, havo kemalariga yoqilg‘i quyish, to‘xtash joyi, angarda saqlash, texnik va ta’mirlash xizmatlarini ko‘rsatish, havo kemalarini ijaraga berish, charterlarni sotish, taksi va yana boshqa ko‘plab xizmat turlarini ko‘rsatuvchi tashkilotdir.