Rossiya qo‘shini Lugansk markazini shturm qilmoqda, «hayot yo‘li» xavf ostida. Voqealar qanday rivojlanishi mumkin?

Jahon 18:00 / 26.05.2022 46901

Rossiya armiyasi Lugansk oblastining Ukraina nazoratidagi qismining ma’muriy markazi hisoblangan Severodonetsk shahrini shturm qilmoqda. Shahar deyarli qurshab olingan, uni mamlakatning boshqa qismi bilan bog‘lovchi asosiy yo‘l esa doimiy ravishda o‘qqa tutilmoqda. BBC ayni vaqtda ukrainlar uchun frontning eng murakkab uchastkasidagi vaziyat hamda Ukraina qurolli kuchlari Severodonetskni tashlab ketish ehtimoli qanchalik yuqori ekanini ko‘rib chiqdi.

Lugansk oblasti ma’muriyati rahbari Sergey Gayday Severodonetsk Rossiya artilleriyasi va aviatsiyasi tomonidan tinimsiz ravishda o‘qqa tutilayotgani va bombalanayotgani haqida aytdi. «Shahar kechayu-kunduz vayron qilinmoqda. Samolyotlardan bombalar tashlashmoqda... «Grad» va «Smerch», artilleriyadan foydalanishmoqda», degan u.

Xabar qilinishicha, rossiyalik harbiylar Severodonetskni uch tomondan shturm qilmoqda va shahar atrofida janglar boshlanib ketgan: Gaydayning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shini shaharni minomyotlardan o‘qqa tutish uchun yetarli darajada yaqin kelgan.

Oblast ma’muriyati rahbari shahardagi vaziyat o‘ta murakkab ekani va keyingi bir necha kun juda og‘ir bo‘lishini aytgan. «Agar [rossiyaliklar] hafta oxirigacha, ya’ni shanba va yakshanbagacha muvaffaqiyatga erisha olmasa, ular to‘xtab tin olishadi va o‘shanda vaziyat biz uchun kamida barqarorlashadi», deb hisoblaydi Gayday.

Rossiya armiyasi Lugansk oblastida bir necha hafta davom etgan shiddatli janglardan keyin Ukraina mudofaasini yorib o‘tib, Severodonetskdan 30 kilometr masofada, tepalikda joylashgan Popasnaya shahrini egallagach, atrofdagi hududlarga osonlik bilan hujum qilish imkoniyatiga ega bo‘lgandi.

Ekspertlar hisoblashicha, hozirda RF armiyasi Severodonetsk va unga yondosh joylashgan Lisichanskdagi kattagina ukrain guruhini qurshab olishga intilmoqda. Bu maqsadga erishish uchun rossiyalik harbiylar 25 kilometr masofani bosib o‘tishi va halqani yopishi talab etiladi.

Avvalroq Gayday BBC Ukraina xizmatiga Ukraina qurolli kuchlari keng ko‘lamli hujum boshidayoq ataylab Severodonetskka chekingani haqida aytgandi. Bu yuzlab kilometrlarga cho‘zilgan front bo‘ylab emas, so‘nggi sakkiz yil davomida mustahkamlab kelingan, Lugansk oblasti shimolidagi Rubejnoye va janubdagi Popasnaya o‘rtasidagi kichikroq uchastkada himoyalanish uchun qilingan. Ammo Ukraina bu ikki shahar ustidan nazoratni boy bergach, vaziyat ular uchun keskin yomonlashdi.

Shaharda nimalar bo‘lmoqda?

Hozirda Severodonetskda 15 ming atrofida tinch aholi vakillari qolgan, bu urushdan oldingi shahar aholisining 10 foiziga yaqinni tashkil etadi.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Severodonetsk to‘xtovsiz o‘qqa tutilmoqda. Foto: ARIS MESSINIS / AFP

Severodonetsk qariyb 100 yil muqaddam qo‘shni Lisichanskdagi kimyo zavodi ishchilari uchun posyolka sifatida yuzaga kelgan. Ikki shaharni Shimoliy Don daryosi ajratib turadi. Shaharlarni bog‘lovchi uch ko‘prikdan ikkitasi buzib tashlangan.

Severodonetskdagi asosiy sanoat obekti mineral o‘g‘itlar ishlab chiqaruvchi «Azot» kimyo korxonasi hisoblanadi. Ammo 2014 yilda Lugansk oblasti ma’muriy markazi shu yerga ko‘chirilganidan keyin shaharda madaniy hayot va savdo ham faol rivojlangan, xalqaro tashkilotlar ofislari, masalan Qizil Xoch jamiyati qarorgohi paydo bo‘lgan.

Gaydayning so‘zlariga ko‘ra, hozirda regionda elektr, gaz va ichimlik suvi ta’minoti yo‘q. «Hammayoqda gaz o‘chgan… Rossiya armiyasi zarbalari tufayli GRS [gaz taqsimoti stansiyasi - tahr.] faoliyati to‘xtagan… Oblast hamon elektrdan uzilgan holatda qolmoqda. Markaziy suv ta’minoti ham yo‘q. Aholi ehtiyojlari uchun qutqaruvchilar suv yetkazib bermoqda», deya qayd etgan oblast ma’muriyati rahbari.

Severodonetskdan qaytgan amerikalik harbiy shifokor Dallas Entoni Keysi BBC bilan suhbatda shahar to‘xtovsiz ravishda o‘qqa tutilayotganini aytgan. «Artilleriyadan o‘t ochilmagan vaqt bo‘lmadi. Ko‘pincha shunday bo‘ladi: biz mashinaga qayergadir yo‘l olamiz va qaysidir binoga snaryad kelib tushishiga guvoh bo‘lamiz - to‘xtaymiz, binoga kiramiz va qutqarish kerak bo‘lgan kimdir bor-yo‘qligini tekshiramiz».

Harbiy shifokor Dallas Entoni Keysi. Foto: DALLAS ANTHONY CASEY

«Ikki kun oldin ko‘ngillilardan biri uylarni aylanib yurganida zarba ostida qoldi. U oyog‘ining bir qismidan ayrildi - unga yetib borgunimizgacha, juda ko‘p qon yo‘qotdi. Biz dastlabki reanimatsiya harakatlarini amalga oshirishimizga to‘g‘ri keldi», deya qo‘shimcha qiladi u.

Shunga qaramay, shifokorning so‘zlariga ko‘ra, mahalliy aholi vakillarining bir qismi shaharda qolishga qaror qilgan. «Shahar bo‘ylab o‘tayotganimizda, velosipedda ketayotgan yoki shunchaki aylanib yurgan odamlarni uchratamiz. Bu vaqtda atrofda uylar portlayotgan bo‘ladi. Ular hech qayoqqa ketishga shoshilmaydi va o‘z yumushlari bilan band bo‘ladi», deya davom etadi u.

«Kimdir rossiyaliklar hokimiyatni egallaydi va ularning hayoti yaxshilanadi, deb hisoblaydi. Ayrim odamlarni o‘zimiz bilan ketishga ko‘ndirdik, qolayotganlar esa ularning ustidan kulishdi. Yana bir toifa odamlar borki, ular bo‘layotgan hodisalardan shok holatida. Biz ularning uyiga boramiz va evakuatsiya kerakligi haqida so‘raymiz, ular esa uydan chiqishga qo‘rqishadi. Ular aytishadi: «Borim shu, men qayerga boraman?» deya davom etadi Keysi.

«Hayot yo‘li»

25 may kuni kunduzi ukrainalik harbiy ekspert va jurnalist, janglar ketayotgan hududda bo‘lgan Yuriy Butusov rossiyalik harbiylar Severodonetsk hamda Lisichanskni Donetsk oblasti hududida, janubi-g‘arbda joylashgan Baxmut shahri bilan bog‘lovchi «hayot yo‘li»ni to‘sib qo‘ygani haqida xabar berdi.

Severodonetskka olib boruvchi yo‘l uni nazoratga olishga harakat qilayotgan Rossiya armiyasi tomonidan muttasil ravishda o‘qqa tutilmoqda
SOPA IMAGES

«Rossiyalik harbiylar kecha (24 may kuni) Nagornoye va Belogorovka qishloqlari hududida Baxmut - Lisichansk trassasiga chiqishdi. Trassa to‘silgan.... Agar dushman bu yerda mustahkam o‘rnashib olsa, bu Severodonetsk va Lisichanskdagi qo‘shinlarimiz qurshovda qolishini anglatadi», deya yozdi Butusov va bu vaziyat Kiyev uchun «ikkinchi Mariupol»ga aylanmasligi kerakligini qo‘shimcha qildi.

Butusov Baxmutdan Severodonetsk orqali Rossiya chegarasigacha boruvchi T1302 avtomagistralini nazarda tutgan. Popasnaya egallangach, rossiyalik harbiylar ushbu magistralni nazoratga olish uchun, uning atrofidagi hududlarda faollashgan.

Ammo chorshanba kuni kechqurun Gayday trass to‘sib qo‘yilgani haqidagi xabarni rad etdi. U 25 may kuni bu yo‘l orqali insonparvarlik yordamlarini yetkazib berish davom ettirilganini aytgan. «Lisichansk - Baxmut trassasi o‘qqa tutilmoqda. Kecha dushmanning qo‘poruvchi-razvedka guruhi yo‘lga chiqdi, otishma bo‘lib o‘tdi, bosqinchilar hatto o‘z blok-postlarini o‘rnatishdi, ammo... Bugun yo‘l ochiq, gumanitar yuklar olib o‘tilmoqda», dedi u.

Avstriyalik harbiy tahlilchi, har kuni frontdagi vaziyatni sharhlab boruvchi Tom Kuper ham ukrain harbiylari bu yo‘nalishda qurshovga tushganiga shubha bildirgan. Shu bilan birga, «hayot yo‘li» doimiy ravishda o‘qqa tutilayotganini qayd etgan.

«Nariroqda, shimoli-g‘arbda boshqa yo‘l ham bor va u orqali ukrainlar o‘z harbiylariga ta’minot yetkazib berishi mumkin», deya yozgan Kuper 25 may kungi hisobotida.

U aytgan trassa Lisichansk va Severodonetskdan 20 km masofada joylashgan Seversk shahri orqali o‘tadi. May oyi boshida Seversk yaqinida rossiyalik harbiylar Shimoliy Dondan kechib o‘tishga harakat qilgan va hatto bir necha ponton ko‘priklar o‘rnatishgandi. Agar bu urinish muvaffaqiyatli chiqqanida shimol bilan «hayot yo‘li» uzilib qolgan va ukrain qo‘shini qurshovga tushish xavfi yuzaga kelgan bo‘lardi. Ammo Ukraina qurolli kuchlari artilleriyasi RF armiyasining kechuv moslamalarini yakson etdi va ko‘plab texnika hamda harbiylarini yo‘q qildi.

Ammo RF armiyasi bu yo‘nalishda faollashishga urinishlarini davom ettirmoqda.

Severodonetsk himoyasi uzoq davom etadimi?

Nisbatan yosh shahar bo‘lgan Severodonetskda asosan sovetlarning to‘qqiz qavatli panelli binolar qurilgan hamda keng prospektlari bilan ajralib turadi. U tekislikda joylashgan hamda kichik daryolardan boshqa jiddiy tabiiy to‘siqlarga ega emas. Uning maydoni Rossiya armiyasi 80 kunga yaqin davomida egallagan Mariupolnikidan uch barobar kichik.

Lisichansk va Severodonetsk o‘rtasidagi vayron qilingan ko‘prik. Foto: ARIS MESSINIS

Ukrainalik ekspertlar hisoblariga ko‘ra, Severodonetsk atrofida hozirda rossiyaliklarning 25 ga yaqin batalon-taktik guruhlari harakatlanmoqda, bu 13 ming atrofida harbiy demakdir. Rossiya frontning bu uchastkasida texnika bo‘yicha jiddiy ustunlikka ega - prezident Volodimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, bu nisbat 1 ga 20 ni tashkil etadi.

Ukraina guruhi qurshovga tushishi xavfi yuzaga kelgan sharoitda harakatlanish uchun variantlar ko‘p emas. Qo‘mondonlik front chizig‘ini ushlab turish uchun bu yerga zaxiradan katta kuch tashlashi yoki «Severodonetsk to‘sig‘i»ni tark etib, Baxmutga ko‘chish va shu yerda yangi mudofaa liniyasi tashkil etishi mumkin. Shu kunlarda ukrain harbiylari xuddi shu tarzda qayta guruhlandi va Baxmutdan 20 kilometr masofada joylashgan Svetlodarskni tark etishdi. Bu yerda ham qo‘shin o‘rab olinishi xavfi yuzaga kelgandi - RF armiyasi shaharning janubiy va shimoliy bo‘sag‘alarini nazorat qilayotgandi.

Ukraina qurolli kuchlari maxsus topshiriqli kuchlari rahbarining sobiq birinchi o‘rinbosari, general Sergey Krivonos raqib harbiy-texnik ustunlikka ega bo‘lgan vaziyatda ma’lum hududni ushlab turishni maqsadga muvofiq emas deb hisoblaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina G‘arb qurollari yetib kelishi va harbiy xizmatchilar hamda mobilizatsiya qilingan zaxiradagi bo‘linmalar tayyorgarlikdan o‘tishini kutishi kerak.

«Ma’lum nuqtalarda taktik yon berib, biz strategik jihatdan g‘alaba qilishimiz mumkin. Menimcha, hozir asosiysi sharqdagi ukrain harbiylarini asrashdir, chunki bu ishtiyoqli odamlar katta harbiy tajribaga ega. Bu odamlarni ehtiyot qilish kerak, kelgusida ularni G‘arb yordami va ichki imkoniyatlar hisobiga texnik jihatdan kuchaytirish va Ukraina armiyasi imkoniyatlari oshirish mumkin bo‘ladi», degan Krivonos BBC Ukraina xizmatiga bergan intervyusida.

Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari general Igor Romanenko bu borada Krivonosning fikrlariga qo‘shiladi. «Agar qurshovga tushib qolish xavfi mavjud bo‘lsa, harbiy nuqtayi nazardan qo‘shinlarni olib ketish maqsadga muvofiq bo‘ladi», deydi u. Romanenko bu Ukraina uchun fojia hisoblanmasligini aytgan. «Agar biz Qurolli kuchlarni yo‘qotsak, bu fojia bo‘ladi. Agar Qurolli kuchlarga ega bo‘lsak, kelgusida bu hududlarni qaytarib olishimiz mumkin bo‘ladi. Aks holda, unisi ham, bunisi ham bo‘lmaydi», deydi ekspert.

Shu bilan birga, Ukraina mudofaa vazirligi hozirda Ukraina qurolli kuchlarining Lugansk oblasti hududlaridan chekinishi haqida gapirishning mavridi emasligini aytmoqda. Idora rasmiysi Aleksandr Motuzyanik Ukraina armiyasi frontning alohida uchastkalarida «manyovrlar bilan himoyalanayotgani», pozitsiyalarni o‘zgartirayotgani, zarur bo‘lgan holatlarda ortga chekinayotgani, imkoni bo‘lganida qarshi hujumlarga chiqayotgani haqida aytgan.

Shu bilan birga, u hozirda Ukraina sharqi va janubida Rossiya yurishi eng faol fazaga o‘tganini tan olgan.

Ko‘proq yangiliklar: