Ukrainada rossiyalik yana bir general halok bo‘ldi

Jahon 19:46 / 08.11.2024 24676

Chorshanba kuni Ukrainada Rossiya qurolli kuchlari general-mayori Pavel Klimenko halok bo‘ldi. Bu Ukrainaga bosqin davomida o‘limi tasdiqlangan sakkizinchi rossiyalik general bo‘ldi.

Klimenko Donetskdagi 5-motoo‘qchilar brigadasiga qo‘mondonlik qilgan. Bu bo‘linma 2014 yil «DXR» rasmiylari tomonidan Rossiya ko‘magida «Oplot» batalyoni bazasida tashkil etilgan. 2023 yilda brigada Ukrainaning okkupatsiya qilingan hududlarida tashkil etilgan boshqa harbiy tuzilmalar qatori Rossiya qurolli kuchlari tarkibiga kiritilgan.

Generalning o‘limi haqidagi xabarni BBC’ga uning yaqinlari tasdiqlagan. Ushbu yuqori martabali harbiyning o‘limi haqidagi dastlabki xabar «VKontakte» ijtimoiy tarmog‘ida, harbiy mavzudagi «Donbass-serdse Rossii!» pabligida paydo bo‘lgandi.

Klimenko Donetskda qiynoqlar lageri tashkil etishda ayblangan, OAVdagi xabarlar va jabrlanuvchilarning qarindoshlari bergan ma’lumotlarga ko‘ra, bu joyda rossiyalik harbiylarni qiynashgan va ularning maoshlari olib qo‘yilgan. Generalning qo‘li ostida jang qilganlar ham uni askarlarni «go‘shtqiymalagich shturmlar»ga yuborganlikda ayblashgan.

«Dose Shpiona» Telegram-kanali Klimenkoning o‘limi tafsilotlarini aniqlagan. Unga ko‘ra, yuqori martabali harbiy jangchilar guruhi bilan mototsikllarda ketayotgan vaqtida FPV-dronlar hujumiga yo‘liqqan. Natijada Klimenko ko‘p sonli tan jarohatlari olgan.

Yomon nom qozongan general

Klimenko Stavropol o‘lkasida tug‘ilgan, Sankt-Peterburgdagi Oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtini tamomlagan va shundan keyin  Qora dengiz floti dengiz piyodalari polkiga qabul qilingan. 1990-yillar oxirida Klimenko Chechenistonda jang qilgan, keyin katta desant kemada xizmat qilgan, O‘rta yer dengizidagi dengiz kampaniyasida hamda Boltiq dengizidagi strategik mashg‘ulotlarda ishtirok etgan. General pogoni unga 2024 yil mayida berilgan.

ASTRA nashri surishtiruviga ko‘ra, Klimenko Doneks oblastining okkupatsiya qilingan qismidagi tashlandiq Petrovskiy koni hududida rossiyalik harbiylar uchun qiynoqlar lageri tashkil etgan.

Nashrning yozishicha, Klimenkoning ruxsati bilan uning qo‘li ostidagilar qiynoq qo‘llagan holda askarlarni o‘z maoshi va yaradorlik uchun berilgan pullarni komandirlarga berishga majburlagan.

Donetskdagi huquq faollari general rahbarlik qilgan 5-brigada qo‘mondonligi vakillari o‘z yaqinlariga ishonchnomalar rasmiylashtirib, halok bo‘lgan askarlar uchun to‘lovlarni ham o‘zlashtirgan. Shuningdek, qurbonlarning qarindoshlari aytishicha, kasal askarlarni davolash o‘rniga shturmda ishtirok etish uchun oldingi chiziqqa yuborishgan.

Halok bo‘lgan askarlarning qarindoshlari general o‘limi to‘g‘risidagi post ostida tinimsiz izoh qoldirib, uni jinoyatlarda va o‘z yaqinlari o‘limida ayblashgan.

«Mening o‘limga olib keladigan kasallik tashxisi qo‘yilgan o‘g‘limni... bola harbiy-shifokor ekspertizasi uchun hujjat topshirganidan xabar topgan hamono shturmga yuborishgan. Hayvondek yerto‘lada ushlab turishgan, telefonini olib qo‘yishgan, hojatga ham avtomat bilan qo‘riqlab olib borishgan», — deyiladi izohlardan birida.

«Donbass-serdse Rossii!» posti ostida salbiy izohlar ko‘payib ketgach, sahifa admini postni o‘chirib yuborib, qaytadan qo‘yishgan, ammo holat takrorlangan, shundan keyin post yana o‘chirilib, uchinchi bor joylashtirilgan, ammo izoh qoldirish yopiq holatda.

«Mojyem ob’yasnit» nashri izoh yozish yopib qo‘yilishidan oldingi oxirgi yozgan ayol bilan gaplashgan. 

Mariyaning turmush o‘rtog‘i Ivan 2022 yil kuzida safarbar qilingan. Harbiy mutaxassisligi bo‘yicha u aloqachi bo‘lgan. Sentyabrdayoq uni Klimenkoning brigadasiga biriktirishgan.

«Uni darhol, hech qanday tayyorgarliksiz go‘sht shturmga yuborishgan, – deydi Mariya. – 25 kishilik guruhdan hech kim qaytmagan, barchasini bedarak yo‘qolgan deb yozishgan. U omon qolgan, ammo kontuziyaga uchragan va mustaqil qayta olmasdi. «Kulrang zona»da (front chizig‘i oralig‘ida hech kim nazorat qilmaydigan hudud) bir hafta qolgan, keyin boshqa qism harbiylari uni topib olishgan. Unga telefon berishgan – qo‘ng‘iroq qilib, tirikligini aytgan...»

5-brigadaga qaytganidan keyin bir kun o‘tib Ivanni yangi shturmga yuborishadi. U bu safar ham qaytmaydi – va yana bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatiga kiritiladi. «O‘sha hududdan evakuatsiya bo‘lmaydi. Komandirlar o‘lganlar uchun guruhni xavf ostida qoldira olmasligini aytishadi. Ammo axir o‘tgan safar u tirik qolgandi!» – deya g‘azablanadi Mariya. 

Unga eri brigadadagi qat’iy tartib haqida gapirib bergan: shturmlar chog‘idagi katta yo‘qotishlar tufayli yaradorlar ham oldingi chiziqqa yuborilgan, bundan bosh tortishga harakat qilganlar qamab qo‘yilgan va deyarli ovqat berilmagan, hojatxonaga ham avtomat bilan olib borilgan.

Rossiya rasmiylari Klimenko manziliga yo‘llangan ayblovlarga munosabat bildirmagan.

Safarbar qilingan nogiron va qiynab o‘ldirilgan amerikalik

5-brigadadagi qiynoqlar haqidagi eng mashhur hikoya — okkupatsiya qilingan Makiyivkadan safarbar qilingan musiqa o‘qituvchisi Vladimir Frolovning tarixidir.

2014 yilda 19 yoshda bo‘lgan Vladimir rossiyaparast ayirmachilar va ukrain harbiylari o‘rtasidagi to‘qnashuv chog‘ida jarohat olgan. Bir o‘q uning qorniga, ikkinchi va uchinchisi son qismiga tekkan. Yakunda u uchinchi guruh nogironiga aylangan.

2022 yilda Vladimir musiqa o‘qituvchisi bo‘lib ishlardi, ammo uni frontga safarbar qilishadi, bosh torsa, barmoqlarini kesib tashlash bilan tahdid qilishadi. U jangda yaralanadi, ammo Severomorsk gospitalidagi og‘ir jarrohlik amaliyotidan keyin yana qo‘ltiqoyoqda oldingi chiziqqa yuborishadi.

«Uni o‘rada, keyin esa yerto‘lada ushlab turishgan. U davolanishi lozimligidan xabar topishgach, darhol shturmga tashlashgan va keyin o‘lgudek kaltaklab, asta-sekin jon berishi uchun o‘sha yerda qoldirishgan… O‘zingnikilar begonadan yomonroq», — deya Frolovning qarindoshidan iqtibos keltiradi ASTRA. Uning so‘zlariga ko‘ra, qiynoq izlari tufayli uni yopiq tobutda ko‘mishga to‘g‘ri kelgan.

Klimenkoning qo‘li ostidagilar sodir etgan yana bir shov-shuvli ish — AQSh fuqarosi, Donbassdagi urushlarda ayirmachilar tomonida jang qilgan Rassel Bentlining o‘ldirilishidir. Ushbu amerikalik 2024 yil aprelida Donetsk atrofida yo‘qolib qolgan. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, uni ko‘chada Klimenko brigadasidan bo‘lgan to‘rt askar to‘xtatgan va so‘roq qilish uchun olib ketgan.

Tergov versiyasiga ko‘ra, Bentli qiynoqlardan vafot etgan, keyin jinoyatni yashirish uchun, uning jasadini trotilli shashka bilan portlatib, uzoqqa olib borib tashlashgan.

Amerikalikning o‘limi bo‘yicha hali sud bo‘lmagan, ammo uning rafiqasi turmush o‘rtog‘ining o‘ldirilishida ishtirok etgan to‘rt harbiy ham Rossiya armiyasi bilan yangi shartnoma imzolab, frontga ketgani va jazodan qutulib qolganini aytgan.

Rassel Bentli «Vostok» batalyonidagi xizmat vaqtida. Foto: VK

Halok bo‘lgan sakkizinchi general

Klimenko Rossiya 2022 yil fevralida Ukrainaga bostirib kirganidan buyon halok bo‘lgan sakkizinchi rossiyalik general bo‘ldi.

Bosqinning ilk oylarida to‘rt general o‘lim topgandi — Andrey Suxovetskiy, Vladimir Frolov, Kanamat Botashev va Roman Kutuzov. Keyin ropp-rosa bir yil davomida Rossiyaning yuqori martabalari zobitlari o‘limi bo‘yicha tasdiqlangan xabarlar bo‘lmaydi.

Rossiyalik generallar orasida yangi yo‘qotishlar 2023 yil iyunidan uchray boshlaydi — bu ukrainlarning qarshi hujumi boshlangan vaqtga to‘g‘ri keladi.

Yoz oxiridan noyabrgacha yana ikki general — Rossiya 35-umumqo‘shin armiyasi shtabi boshlig‘i, general-mayor Sergey Goryachev hamda Janubiy harbiy okrug qo‘mondoni o‘rinbosari general-leytenant Oleg Tsokov.

2023 yil noyabrda 14-armiya korpusi qo‘mondoni o‘rinbosari general-mayor Vladimir Zavadskiy ham halok bo‘ladi.

Bundan tashqari, urush boshlanganidan buyon Ukrainadagi manbalar yana yetti nafar rossiyalik generallar o‘limi haqida xabar tarqatgan.

Ammo ulardan kamida uch nafari — Magomed Tushayev, Vitaliy Gerasimov va Andrey Mordvichev — tirik ekani ma’lum bo‘lgan. Ushbu uch general vaqti-vaqti bilan yangi videoyozuvlarda ko‘rinish bergan va Ukraina hududidagi harbiy harakatlarda ishtirokini davom ettirmoqda.

Ukraina nashrlarida o‘lgani aytilgan boshqa generallar dafn etilgani yoki o‘limini tasdiqlovchi boshqa qo‘shimcha dalillar paydo bo‘lmagan.

Ammo sakkiz general ham oliy ofitserlik korpusi uchun jiddiy yo‘qotish. Ekspertlar fikricha, generallar o‘limi Rossiya armiyasi tuzilishining o‘ziga xosliklari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Masalan, bosqinning birinchi bosqichida xavfsiz aloqa kanallari va moddiy-texnik ta’minotni yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq keng tarqalgan muammolar tufayli generallar vaziyatni kuzatish va buyruqlar berish, vaziyat o‘zgarishiga tezkor reaksiya ko‘rsatish uchun shaxsan front chizig‘i yaqiniga borishiga to‘g‘ri kelardi. Bu esa halok bo‘lish xavfini oshirardi.

Keyinroq esa generallar Ukrainaga g‘arblik hamkorlar tomonidan yetkazib berilgan uzoq masofali artilleriya tizimlarining aniq zarbalari oqibatida ham halok bo‘la boshlaydi.

Ko‘proq yangiliklar: