Frontdagi vaziyat: Rossiya va Ukraina Kuraxovo uchun kuzning hal qiluvchi jangini boshladi

Jahon 21:28 / 31.10.2024 11236

Donetskdan g‘arbdagi Selidove shahri egallanganidan keyin Rossiya armiyasi Kuraxovoni o‘rab olish bo‘yicha amaliyotga kirishdi — bu Ukraina qo‘shinining Donbass janubiy qismidagi asosiy logistik habi hisoblanadi. RF qurolli kuchlari allaqachon mexanizatsiyalashgan kolonna bilan ushbu shahar sharqiy chekkasiga kirib kelgan, bu hujum davomida ko‘plab texnikalar boy berilgan. Xuddi shu vaqtda boshqa guruhlar Kuraxovoga shimol (Selidove tomondan) va janubdan (Vuhledar orqali) hujum qilmoqda. Ukraina mudofaasi ayniqsa janubdan qilinayotgan hujum qarshisida ojiz ko‘rinmoqda — Vuhledardan tartibsiz chekingan va endilikda Kuraxovo janubini qo‘riqlayotgan brigadalar holdan toygan holatda. Zaporijjya oblastidan olib kelingan zaxira kuchlar ham yordam bermayapti. Bu vaqtda esa Kursk oblastida Ukraina qurolli kuchlari Rossiya qo‘shinining chegara bo‘ylab Sudja tomon yurishini to‘xtatishga muvaffaq bo‘lgan.

Kursk oblasti

Vladimir Putin o‘tgan haftada Kursk oblastida ikki ming ukrainalik harbiy xizmatchi qurshovga tushib qolgani haqida aytgandi. Katta ehtimol bilan, u Korenevo rayoni markazidan shimoli-g‘arbdagi Olgovka qishlog‘idan chekinib, Korenevo — Sudja yo‘li yoqasidagi o‘rmonzorga yashiringan bir necha yuz kishini nazarda tutgan.

E’lon qilingan videolarga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari Korenevodan Sudjaga olib ketuvchi yo‘l ustidan nazoratni boy bergan bo‘lsa ham, hech qanday qurshov holati yo‘q: Malaya Loknyadan dalalar va jarliklar oralab o‘tuvchi yo‘lni hamon Ukraina qurolli kuchlari nazorat qilmoqda.

Ukraina qo‘shini Olgovka tomon qarshi hujum qilishga urinishlarini davom ettirmoqda, bunda Pokrovsk atrofidan olib kelingan hamda Abrams tanklari va Bradley zirhli mashinalari bilan qurollangan 47-mexanizatsiyalashgan brigada batalyonlari jangga tashlanmoqda. Ammo Novoivanovka qishlog‘i va v Zeleniy Shlyax xutori uchun janglardan keyin Rossiya qo‘shini o‘z pozitsiyalarini saqlab qolmoqda.

Rossiya qo‘shini Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi platsdarmiga sharqdan ham hujum qilmoqda. Bir hafta oldin Sudjadan janubdagi Plexovo qishlog‘iga zirhli texnikalar kolonnasi bilan yurish qilish muvaffaqiyatsizlikka uchragandi, endi esa RF qurolli kuchlari zirhli texnikalari ukrainlar shiddat bilan o‘qqa tutganiga qaramay, shahardan sharqdagi Russkaya Konopelkaga bostirib kirishgan.

Rossiya yurishining asosiy maqsadi — Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi guruhiga ta’minot yetkazib beriladigan, Sumidan Sudjaga olib boruvchi yo‘l hamda chegaradagi «Sudja» nazorat-o‘tkazish punktidir. RF qurolli kuchlari bu maqsadga erishishdan hali ancha uzoqda: yurish asta-sekinlik bilan kechmoqda — Ukraina qurolli kuchlari pozitsiyalariga sentabrdan buyon hujum qilayotgan Rossiya qo‘shini besh—yetti kilometr masofani bosib o‘tganidan keyin har safar pauza qilishga, artilleriya, front orti bazalari hamda zaxira kuchlarni tortib kelishga majbur bo‘lmoqda. Bu esa Ukraina qurolli kuchlari Sudja atrofidagi mudofaa chizig‘ini yaxshiroq tashkil etish imkonini beradi, katta ehtimol bilan, ular bu yerda Rossiya kuchlarini ushlab turishga harakat qiladi.

Selidove, Kuraxovo va Vuhledar

Rossiya armiya Pokrovsk janubidagi kattagina Selidove shahrini osonlik bilan egallab oldi. Buning uchun so‘nggi oylardagi standart operativ usul qo‘llandi: shahar uch tomondan qurshab olindi, uning chekkalaridagi tepaliklar egallandi, shundan keyin Ukraina bo‘linmalari to‘liq qurshovga tushmaslik uchun pozitsiyalarini tark etishdi.

Selidovedan janubi-sharqdagi Gornyak shaharchasi ham shu tarzda egalladi. Endi Rossiya armiyasi deyarli qurshov holatidagi Kuraxovka posyolkasi hamda Selidove va Kuraxovo suv ombori oralig‘idagi qishloqlarni shturm qilmoqda.

RF qurolli kuchlari yaqin vaqtlar ichida shimoldan keng front bo‘ylab Kuraxovo suv ombori tomon harakatlanib, uning g‘arbiy qismidagi ukrain qo‘shinini chekintirishi kutilmoqda.

Suv omboridan keyin Ukraina qurolli kuchlarining Donbass janubiy qismidagi eng yirik transport habi — Kuraxovo shahri joylashgan. Rossiya qo‘shini allaqachon uning sharqiy chekkalariga yetib kelgan, ammo shahar «ro‘paradan» shturm qilinishi dargumon.

Katta ehtimol bilan, shahar shimol (suv omborining g‘arbiy chekkasiga yetib borish bilan), sharq va janubdan o‘rab olinadi — Kuraxovoga janubdan Rossiyaning yaqinda Vuhledarni egallab olgan Sharqiy harbiy okrugiga mansub yirik qo‘shini jadal harakatlanmoqda.

Vuhledar egallangach, frontning janubiy uchastkasida bir necha haftalik sukunat hukm surdi. Ammo oktyabr oyi oxirida RF qurolli kuchlari yangidan kuchli yurish boshladi. Rossiya bo‘linmalari shimolga, Kuraxovo tomonga uch guruhga bo‘linib harakatlanmoqda. Yo‘l-yo‘lakay Vuhledar boy berilganidan keyin Ukraina batalyonlari chekingan qishloqlar ham egallandi: Shaxterske va Bogoyavlenka. Buning ortidan Shaxterskedan shimoldagi Yasnaya Polyana qishlog‘i mudofaasi ham quladi. Bogoyavlenka va Shaxterske oralig‘idagi Novoukrainka uchun janglar davom etmoqda. Umuman olganda, rus qo‘shini shimol tomon sakkiz-to‘qqiz kilometr ilgarilagan.

Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi Shaxterske mudofaasi uchun Zaporijjya atrofidan 128-tog‘-shturm brigadasi bo‘linmalarini olib kelgan, ammo ular hozircha  Rossiya yurishini to‘xtata olmayapti.

Kuraxovo boy berilishi bilan amalda Ukraina qurolli kuchlarining Donbass janubida Velika Novosilkadan Selidovega qadar hududdagi qarshiligiga butunlay barham beriladi.

Chasiv Yar

RF qurolli kuchlari bir necha oy oldinroq Chasiv Yar yaqinidan o‘tgan Severskiy Donets — Donbass kanalini kechib o‘tgandi. Ammo shahar chekkasidagi binolar oralab harakatlanish haddan tashqari sekin bo‘ldi: so‘nggi oylarda Rossiya qo‘shini shahar sharqidagi faqat bir necha ko‘chani egallay oldi.

20 oktyabrda RF qurolli kuchlari kutilmaganda kanal orqali Chasiv Yar janubiga o‘tib, uning janubiy chekkalarini egalladi. Endi Ukrainaning Chasiv Yardagi guruhi ta’minoti amalga oshiriladigan, Toretsk va Konstantinovkaga olib boriladigan asosiy yo‘llar xavf ostida qolgan.

Kupyansk va Svatove

RF qurolli kuchlari bir necha oy davom etgan «sudraluvchi» yurishdan keyin bu amaliyotning birinchi galdagi vazifasini hal qilib, Oskol daryosiga yetib keldi, ushbu daryo yoqalab Ukrainaning Kupyanskning sharqiy sohilidagi qismidagi qo‘shinini Borovaya posyolkasi bilan bog‘lovchi ta’minot yo‘li o‘tgan.

Bu muhim yo‘l hisoblanadi, chunki Rossiya aviatsiyasi muntazam ravishda Oskol orqali o‘tuvchi kechuv moslamalarini yakson etadi — bu esa Ukraina qurolli kuchlarini ta’minotni va qo‘shimcha kuchlar yetkazib berishni sharqiy sohil bo‘ylab amalga oshirishga majbur qiladi.

Endi RF qurolli kuchlari keyingi vazifani hal qilish imkoniyatiga ega: Kupyanskka uch yo‘nalishda hujum qilish va daryo bo‘ylab janubga, Borovaya tomon harakatlanish. Oskol daryosini kechib o‘tishga ham urinib ko‘rish mumkin.

Hozircha Rossiya qo‘shini Oskol sohilidagi Kolesnikovka va Kruglyakovka qishloqlaridagi platsdarmni kengaytirish bilan mashg‘ul.

Ko‘proq yangiliklar: