“Pul topish uchun yoshlik qilyapman…” - onasini asrab qolish umididagi 12 yashar o‘g‘il

Jamiyat 16:38 / 12.05.2022 14733

Bugun Dildora opaga yillar davomidagi ezilishlar va uch farzandning kelajagi haqida qayg‘urilgan o‘ylar ortidan ikkinchi kasallik ergashdi. Eng qizig‘i, u butun tanasiga bez toshirib yuborgan bu kasallikning nomini ham bilmaydi. Tekshirtirish uchun esa uning puli yo‘q.

Ikki yarim yildan buyon onasining uyida 6 yoshli Rixsixonning 1-guruh nogironlik nafaqa puliga ham davolanib, ham kun kechirayotgan qahramonimiz kuni kecha Kun.uz sayti eshigini taqillatdi.

Dildora opa Egamberdiyeva boshidan kechirgan hayot hikoyasini so‘zlar ekan, uning ko‘zidan oqayotgan ko‘z yoshlar oilalarda ayollarga nisbatan ro‘y berayotgan zo‘ravonlik oqibati ekaniga amin bo‘lasiz.

Uch kunlik kelin hikoyasi

“2008 yil 18 yoshimda uyimizdan 9 hovli narida turadigan qo‘shni yigitdan sovchi keldi. Bir ko‘chaning odamimiz, kasalmand onasiga qarab duosini olsang ko‘karasan, deb ota-onam rozi bo‘lishdi.

Uch kunlik kelin edim. Ertalab payti qaynonam menga “kelin, bir choy damlab bering”, dedi. Hali yangi kelin emasmanmi, nima qayerda turishini bilmaganim uchun “oyijon, choynak qayerda?” deb so‘radim. Shunday deyishim bilan “sen oyimning turolmasligiga kinoya qilib so‘rayapsan” deya turmush o‘rtog‘im kaltaklagan. Uch kunligimdan boshlangan kaltakbozlik uch farzandimni dunyoga keltirgunimcha ham to‘xtamadi. Shuncha azoblarga qaramasdan, o‘zbekchilikda qiz bola uyiga qaytib borsa, oilasi isnodga qoladi, deb ota uyimga ketmadim.

Qaynotam shifoxonasi avtoturargohida qorovul bo‘lib ishlardi. Erim bo‘lsa, biz bilan uyda o‘tirardi. Qaynotamning maoshiga kun kechirar edik, xolos.

Qaynonamning ahvoli kun sayin og‘irlashar, davolanishga esa pul yo‘q edi. Yurak infarkti bilan insult bo‘lib yotib qolgani bois sal tobi qochsa, o‘lib qolishidan qo‘rqardim. Shu sababli, yillar davomida qilmagan halol mehnatim qolmadi. Avvaliga bozorda manti, somsa qilib sotdim-u, keyinchalik mahsulot yetkazolmadim. Tirikchilikning aybi yo‘q, deb baklashga terib sotgan kunlarim ham bo‘ldi. Shundan olinadigan foyda ham ancha-muncha dardimizni yengillatardi. Hech bo‘lmasa, kunlik topganim oyijonimning dorisiga yetsa xursand bo‘lardim. Chunki qaynonam farishta ayol edi”.

Kenja qizim nogiron tug‘ildi

“O‘sha paytlar kichkina qizimga homiladorligimni o‘zim ham bilmaganman. Shu holimda ham tinimsiz yegan og‘ir kaltaklarimning evaziga kenja qizim nogiron tug‘ildi.

Shu qizim uch yosh kirguncha shifoxonada davolanib yotdik. Bolam bechorani bir tomondan tserebral falaj kasalligi qiynasa, ikkinchi tomondan, mendagi epilepsiya tutib qolgan paytda narigi dunyoning eshigidan qaytardi. Bu orada bizga juda ko‘p pul kerak bo‘ldi. Dori-darmon tugul, kunimiz bazo‘r o‘tardi.

Bir kuni to‘satdan hamshiralardan shifoxona hovlisiga qorovul kerakligi haqida eshitdim. Keyin surishtirib, umr yo‘ldoshimni shu ish o‘rniga qo‘yish uchun harakat qila boshladim. Dastavval, qamalib chiqqanligi uchun qabul qilishmadi. So‘ngra bosh shifokorning yoniga kirib, bolam uchun dori puli kerak, deya zo‘rg‘a ruxsat oldim. Turmush o‘rtog‘im shifoxonaga qorovul bo‘lib ishga kirdi. Dadasining maoshi oila budjetimizga ozgina bo‘lsa ham quvvat bo‘ldi. Chunki qizimizning dorilariga ko‘p pul ketardi”, deya yig‘lab so‘zlaydi Dildora opa.

12 yoshli farzand pul topib, oilaga yordam bermoqchi

Onasining gaplarini tasdiqlab turgan bolajonlarning ko‘zlarida yosh aylanadi. Oilaning 11 yillik nosog‘lom muhitini ko‘rib ulg‘ayayotgan uch farzandning ma’naviy zarari va doimiy stresslar tanganing bir tomoni bo‘lsa, ikkinchi tomoni 4-5 yil oldin tashlab ketgan otasi bilan onasining o‘rtasidagi sarsongarchilik.

Ba’zida ochlik hissini ham qondirmayotgan non muammosi Muhammadsolihni ham pul topishga majbur qilmoqda.

Mavzu yuzasidan Dildora opa yashaydigan Shayxontohur tumani “Katta hovuz” MFY raisi Fathulla Qo‘ldoshev bilan bog‘landik. U oilaning chindan ham og‘ir ahvolda ekanini tasdiqlab, 12 yoshli Muhammadsolihning mahalla idorasidan, onasining dori pullari uchun ishlamasa bo‘lmasligi va unga ish topib berishini iltimos qilganini aytib berdi.

Hali o‘smirlik yoshiga ham yetmagan bolakayning dardi dadasining his qilmayotgan oila boqish mas’uliyatidan og‘irroq ko‘rinadi, kishiga. 10 yoshli Bibisora esa onasini urintirib qo‘ymaslik uchun ro‘zg‘or yumushlarini gardaniga olgan. Qizaloqning so‘zlariga quloq tutar ekanmiz, uning kattalardek fikrlashi-yu, onasiga achinib aytayotgan hasratlari hayotning achchiq haqiqati ekanini anglatib turadi

Onamning o‘lib qolishidan qo‘rqamiz.

“Dadam bizni 4-5 yil oldin tashlab ketgan. Shunday bo‘lsa ham, tog‘amlar bilan bir hovlida siqilib qolamiz, deb ijaralarda yashab yurdik. Buvimlarnikiga kelganimizga ikki yarim yildan oshdi. Bilishimizcha, dadam bizdan keyin bir necha marta oila quribdilar. Biroq shu paytgacha bizdan biror marta xabar olmadi.

Dadam va singlimni o‘ylayvergan oyimning badaniga toshma toshib ketdi. Bu qaysi kasallik alomati ekanini bilmayapmiz. Oyim oilaviy poliklinikamizga borganida shifokorlar saraton kasali boshlanayotgan bo‘lishi mumkinligini aytibdi. To‘liq tekshiruvdan o‘tishimiz uchun yetarlicha pul topolmayapmiz. Biz oyim o‘lib qolishidan juda qo‘rqamiz. Undan boshqa yaqin insonimiz yo‘q.

Onamiz hayotga qaytishi uchun yaxshi insonlardan yordam so‘raymiz. Xudo xohlasa, katta bo‘lganimizda, albatta, qaytaramiz. Biroq hozir ko‘p pul topishga kichiklik qilganimiz uchun oyijonim aytib beradigan rivoyatlardagi saxovatpesha insonlardan yordam berishlarini iltimos qilamiz”, deydi Muhammadsolih.

Oilaga yordam berish istagida bo‘lganlar uchun:

Uzcard: 8600 3329 8477 9714 (Dildora Egamberdiyeva nomida)

Umida Sattorova yozib oldi.

Ko‘proq yangiliklar: