Andijon viloyatida 1–10 aprel kunlari “Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha eng faol targ‘ibotchi” respublika tanlovining tuman-shahar bosqichlari bo‘lib o‘tdi. G‘olib uchlikka topshirilishi kerak bo‘lgan jami 6 million so‘mlik kitoblar jamlanmasi berilmagan.
Tanlov nizomida belgilangan kitoblarni faqatgina Andijon tumani (!) g‘oliblarga risoladagidek topshirgan.
Mazkur tanlov nizomi Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi, Xalq ta’limi vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi tomonidan imzolangan. Tanlov asosan umumta’lim maktablarining targ‘ibotchilari orasida o‘tkaziladi.
Nizomda ham yuqoridagi tashkilotlarning quyi bo‘g‘inlari tomonidan tuman va shahar bosqichlarida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan targ‘ibotchi maktabiga 3 mln so‘mlik, 2-o‘ringa 2 mln so‘mlik, 3-o‘ringa esa 1 mln so‘mlik kitoblar jamlanmasi berilishi belgilangan.
Viloyat Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Murodil G‘ofurovning Kun.uz muxbiriga aytishicha, ijod fondida yetarli mablag‘ bo‘lmagani bois, g‘oliblarni kitoblar jamlanmasi bilan taqdirlash masalasi bo‘yicha viloyat hokimligiga xat kiritilgan. Mazkur xatga javoban, viloyat hokimi o‘rinbosarining tuman/shahar hokimlariga g‘oliblarni taqdirlash va kerakli kitoblarni olib berish bo‘yicha topshiriq xati tushirilgan.
“Bu yil tanlov birinchi marta o‘tkazilayotgani uchun ozgina muammolar bo‘ldi. Tuman-shahar bosqichlarida kitoblar berilmagan bo‘lsa-da, sovg‘alar berildi. Masalan, Andijon shahrida televizor berildi. Ayrim tumanlarda biroz kitoblar berildi. Viloyat bosqichida esa nizom asosida barcha g‘oliblar taqdirlandi. O‘sha paytda hokimlar Mo‘ynoqda xizmat safarida bo‘lgani uchun mablag‘ ajratisha olmadi. Lekin imkon darajasida sovg‘alar berildi”, – dedi Murodil G‘ofurov.
E’tiborlisi shundaki, ijodiy va madaniy targ‘ibotchilar uchun bor-yo‘g‘i 6 mln so‘mgina ajratish uchun “qorni og‘rigan” ayrim tuman hokimliklari boshqa maqsadlarda yuz millionlab sarflamoqda.
Jumladan, Jalaquduq tumani hokimi aprel oyida budjet mablag‘laridan sarf qilish uchun ikki bor farmoyish imzolagan. Bu farmoyishlarga ko‘ra, tuman hududini obodonlashtirish hamda tuman hokimligi binosini joriy ta’mirlash uchun 100 mln so‘mdan ajratilgan. Umuman, hokimlik turli yo‘nalishlarga jami 592 million so‘m miqdorida mablag‘ ajratgan.
Prezident tomonidan 1 apreldan boshlab budjet mablag‘larini ortiqcha narsalarga sarf-xarajat qilmaslik topshiriq qilib belgilangan bir paytda, tuman hokimligi binosi ta’mirlanishi uchun mablag‘ ajratilishi tushunarsiz.
O‘ylaymizki, Andijon viloyatidagi barcha tuman/shahar hokimliklari tanlov g‘oliblarini nizomda belgilangan tartibda taqdirlab, kitoblarni maktablarga yetkazib berishadi.