Ziyorat turizmi sohasida jahonning yirik va yetakchi namoyandalaridan bo‘lgan Sara International Travel hamda Imom G‘azoliy instituti (Imam Ghazali Institute) O‘zbekistonga sayohat uyushtirdi. Joriy yilning 5-13 mart kunlari Amerika, Buyuk Britaniya va Yevropadan tashrif buyurgan bir guruh musulmon-sayohatchilar yurtimizning Samarqand, Buxoro, Toshkent va Termiz shaharlarini ziyorat qilishdi.
2021 yilda yosh tadbirkor Shuhrat Qosimov tashabbusi bilan ziyorat turizmi bo‘yicha AQShning eng taniqli agentligidan biri bo‘lgan Sara International Travel'ning vakillari O‘zbekistonda ham o‘z faoliyatini boshladi. Hozirgi kunda ushbu agentlikning Amerikadagi bosh ofisidan tashqari Turkiya, Kanada, Buyuk Britaniya, Gayana, Trinidad va Tobago, Barbadosda filiallari faoliyat olib boradi.
Ilk safar doirasida turoperator vakillari O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek A’zamov bilan uchrashib, yurtimizga ziyorat maqsadida sayohat tashkil etishga oid masalalar muhokama qilindi.
Muhammad Adnan Sitar, Imom G‘azoliy instituti asoschisi:
“Avvallari institutimiz tomonidan Marokash, Misr, Malayziya, Indoneziya, Ispaniya, Turkiya kabi davlatlarga ziyorat safarlari tashkil etilgan bo‘lsa, endilikda biz dunyoning eng mashhur muhaddislari yetishib chiqqan O‘zbekistonni ham ziyorat qilishga muvaffaq bo‘ldik. Mazkur tashrif bizning muassasa a’zolari uchun juda katta ahamiyatga ega. Yevropa, Buyuk Britaniya, Amerikada yashaydigan bir guruh musulmon-ziyoratchilar O‘zbekistonga islom turizmi maqsadida tashrif buyurishdi. Mazkur ziyorat safarini tashkil etishda yaqindan ko‘mak bergan Sara International sayohat agentligiga minnatdorchilik bildiramiz”.
Sara International hamda Imom G‘azoliy instituti (Imam Ghazali Institute) 2022 yilda yana bir qator ziyorat safarlarini tashkil etishni, xorijlik dindoshlarimizga Buxoriy, Termiziy kabi ulamolarimiz va Vatanimizni yaqinroq tanishtirishni rejalashtirgan.
“Guruhimiz uchun orzumizdagi safarlardan biri amalga oshdi, Alhamdulillah. Imom al-Buxoriy, Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Nasafiy, Naqshbandiy, Marg‘iloniy kabi Islom dinining ulamolarini butun dunyo taniydi va bunday buyuk insonlar yetishib chiqqan davlatni ziyorat qilish biz uchun ham farz, ham sharafdir. Biz ushbu ziyorat safarini uzoq vaqtdan beri kutgan edik. Umumiy olganda, men O‘zbekistondagi ziyorat turizmi yaxshi rivojlanganidan, qadimiy masjid va madrasalar, ulamolarimiz dafn etilgan maqbara binolari yaxshi saqlanib kelinayotganidan juda mamnun bo‘ldim. Birgina istagim, yaqin yillarda xorijliklar uchun yanada qulayroq viza tizimi (elektron tarzda onlayn viza rejimi) joriy etilsa, bu yerga yanada ko‘proq musulmon-sayohatchilar tashrif buyurib, Islom sivilizatsiyasi rivojining markazi bo‘lgan O‘zbekistonni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishga muvaffaq bo‘lishar edi. Men albatta, bu davlatga yaqin kelajakda yana ko‘p bor tashrif buyurishni niyat qildim”, – deydi sayohat ishtirokchilaridan biri Hamza Maqbul.
Ma’lumot o‘rnida:
Sara International Travel – Haj va Umra safarlarini tashkillashtirish bo‘yicha jahonning yetakchi kompaniyalaridan biri sanaladi. 1994 yil AQShda Zamir Ikram Sattar tomonidan asos solingan ushbu kompaniya xizmatidan shu kunga qadar 26 mingdan ortiq musulmon-ziyoratchilar foydalangan. Kompaniya ilk marotaba o‘z faoliyatini Amerika musulmonlari uchun Haj va Umra ziyoratlarini tashkillashtirishdan boshlagan bo‘lsa, ayni damda butun dunyo bo‘ylab Islom ziyorat turizmini tashkillashtiradi va targ‘ib etadi.
Imom G‘azoliy instituti 2007 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Amerika va Buyuk Britaniyalik musulmonlarga Islom dunyosini tanitish va diniy ta’limotlardan saboq berish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, ta’lim muassasasi o‘z a’zolariga ziyorat safarlarini uyushtirish hamda ularga Islom dunyosi tarixining yorqin namoyandalarini tanishtirishda yordam berib keladi.
Reklama huquqi asosida