Markaziy bank yanvar oyi yakuni bo‘yicha asosiy oziq-ovqat narxlari o‘sishi sharhini e’lon qildi. Unga ko‘ra, 2022 yilning ilk oyida asosiy iste’mol tovar va xizmatlari narxlari o‘sishi 0,9 foizni (2021 yilda 1 foiz), yillik inflatsiya darajasi esa 9,8 foizni tashkil etgan.
Oy davomida oziq-ovqat narxlari 1,3 foizga qimmatlagan. Yillik hisobda esa ushbu guruh mahsulotlari 13,1 foizga qimmatlashgan.
Oziq-ovqat narxlarining yillik o‘sishi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan pasaygan bo‘lsa-da, ushbu guruhning umumiy inflatsiyaga ta’siri hamon yuqoriligicha (5,5 foiz band) saqlanib qolmoqda.
Qayd etilishicha, yanvar oyida transchegaraviy yuk tashishdagi qisqa uzilishlar va qo‘shni davlatlar tomonidan eksport cheklovlarining kiritilishi bug‘doy uni, import go‘shti va boshqa ayrim tovarlar taklifi qisqarishiga sabab bo‘ldi.
Ayrim sabzavotlarning bozordagi taklifi muzlatkichlardan savdoga chiqariladigan mahsulotlar hajmining kamayishi hisobiga qisqardi. Tadbirkorlar tomonidan ushbu mahsulotlarni erta bahorda qimmatroq narxlarda taklif etish kutilmoqda.
O‘tgan yili kam miqdorda ekilgan (suv tanqisligi sababli) karam mahsuloti narxi oshishiga qo‘shni davlatlarga faol tarzda eksport qilinayotgani, shuningdek, sarimsoq narxining oshishiga esa mahalliy mahsulot taklifi kamaygani, asosan, Erondan import qilinishi va kasallik tarqalishining tezlashishi sabab bo‘lmoqda.
Saqlash xarajatlari va mavsumiy taklif hajmining kamayib borishi fonida meva narxlari o‘suvchi dinamikani aks ettirdi.
QQS bo‘yicha berilgan imtiyozlar natijasida import taklifining ko‘payishi ichki bozorlarda parranda go‘shti narxlarining pasayishiga xizmat qilmoqda. Odatda yanvar va fevral oylarida bozorlarda iste’mol faolligining mavsumiy pasayishi kuzatiladi, deyiladi sharhda.
Nooziq-ovqat mahsulotlari
Yanvar oyida nooziq-ovqat tovarlari narxining o‘sishi o‘tgan dekabr oyiga nisbatan 0,28 foiz bandga pasayib, 0,5 foizni tashkil qildi.
Qish oylarida shamollashga qarshi dori vositalariga talabning o‘sishi mahsulotlar narxini oshirdi. Shuningdek, yanvarda qurilish materiallaridan sement, yoqilg‘i mahsulotlaridan benzin va propan narxlari arzonlashdi.
2021 yilning sentyabr-noyabr oylarida kuzatilgan yoqilg‘i mahsulotlari qimmatlashishining ta’siri oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklarni yetkazib berish bo‘yicha xizmatlar narxi o‘sishida aks etishi davom etmoqda.
Avvalroq ayrim oziq-ovqat mahsulotlari importiga berilgan imtiyozlar davri tugagach, may-dekabr oylarida narxlar oshmasligi borasida qanday choralar ko‘rilayotgani ma’lum qilingandi.