2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi prezident farmonida 2026 yil yakuniga qadar maktablar sig‘imini 6,4 milliongacha yetkazish rejalashtirilgan.
Shuningdek, 2022 yil 1 apreldan nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari va maktablarga farzandlarini yuborayotgan ota-onalarning oyiga 3 mln so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlari daromad solig‘idan ozod etilishi belgilanmoqda.
Parlament deputati Doniyor G‘aniyev Telegram kanalida yozishicha, bu ta’lim sohasidagi xususiy sektor rivojlanishi va xususiy ta’limga bo‘lgan talab ortishiga katta ijobiy turtki bo‘ladi.
«Birinchidan, fuqarolar to‘laydigan soliqlarning katta qismi budjet orqali ta’limga yo‘naltirilishi inobatga olinsa, soliqdan tushadigan mablag‘larning davlatdan ko‘ra fuqarolar qo‘lida qoldirilishi bu mablag‘larning ta’lim uchun maqsadli va samarali sarflanishini ta’minlaydi.
Ikkinchidan, hozir hududlarda ta’lim sifati va sharoiti qoniqarli xususiy maktablar narxi o‘rtacha 700 ming so‘mdan 1,5 mln so‘mgacha (poytaxtda bundan 2 barobargacha qimmat ). Ya’ni bolani xususiy maktabga yuborish xarajatining bir qismini soliqlardan tejalgan 360 ming so‘m (3 mln x 12 foiz) hisobiga qoplash mumkinligini anglatadi. Bu bir tomondan hozirda farzandi xususiy maktabda ta’lim olayotgan oilalarni moliyaviy tomondan qo‘llab-quvvatlasa, ikkinchi tomondan farzandi xususiy maktabga bormaydigan ota-onalarni endilikda xususiy maktabga yuborishga rag‘batlantiradi.
Uchinchidan, farzandi xususiy maktablarda ta’lim olishini istaydigan oilalar soni oshishi tabiiyki, xususiy maktablarga bo‘lgan talabni oshiradi. Talab oshgan joyda esa o‘z navbatida taklif ham oshadi. Xuddi maktabgacha ta’lim sohasidagi kabi qisqa muddatlarda tadbirkorlar tomonidan ochilgan xususiy maktablar soni ortib, xususiy sektor ulushi hozirgi 1 foizlik achinarli ko‘rsatkichdan sezilarli darajada oshishiga imkoniyat yaratiladi.
To‘rtinchidan, xususiy maktablar ko‘payishi o‘z navbatida ta’lim sohasida raqobat muhitini yaratadi, farzandlarimizga taklif etilayotgan ta’lim sifatini oshiradi. Qolaversa, bu raqobat yaxshi o‘qituvchilarga bo‘lgan talab oshishiga, ularning maoshi va ijtimoiy mavqeyi ortishiga sabab bo‘ladi.
Beshinchidan va eng asosiysi, ta’lim sohasida xususiy sektor ulushi ortishi hamda nisbatan yuqori daromad va moliyaviy imkoniyatga ega oilalarning farzandlari xususiy maktabga borishi davlat maktablariga bo‘lgan bosimni kamaytirib, eng qisqa muddatlarda o‘quv o‘rinlariga nisbatan o‘quvchilar soni mutanosib bo‘lishiga erishish imkoniyatini yaratadi, deb o‘ylayman», deya fikr bildirdi deputat.