Moliya vazirligi bugun, 1 fevraldan boshlab fuqarolar “Ochiq budjet” portali orqali takliflar qoldirishi mumkinligini ma’lum qildi. Takliflar 20 fevralga qadar davom etadi. 3 martdan 22 martgacha qoldirilgan takliflarga ovoz berish bosqichi bo‘lib o‘tadi.
“Ochiq budjet” portalida barcha o‘zbekistonliklar o‘z hududidagi muammolar yuzasidan takliflarini qoldirishi mumkin. 2022 yil uchun “Tashabbusli budjet” loyihasiga 1 trln so‘m mablag‘ ajratilgan.
Avvalroq, Moliya vazirligi departamenti boshlig‘i Sherzod Muhammedov Kun.uz’ga 2022 yil uchun “Tashabbusli budjet” loyihasiga o‘tgan yilga nisbatan 3-4 barobar ko‘proq mablag‘ sarflanishini ma’lum qilgandi.
“2022 yilda ushbu maqsadlar uchun yo‘naltiriladigan mablag‘lar miqdori 4 barobarga oshirildi. Ya’ni joriy yilda 400 milliarddan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgan bo‘lsa, kelgusida tuman, shahar tasdiqlanadigan budjetlarining 5 foizi sarflanadi. Ushbu mablag‘larning o‘zi ham 1,5 trln so‘mdan ortiqroq bo‘ladi. Bundan tashqari, tuman va shahar budjetlari qo‘shimcha manbalarining 30 foizi ham “Tashabbusli budjet” loyihasi uchun yo‘naltiriladi. Joriy yilda 1600 dan ortiq taklifni moliyalashtirish imkoni yaratilgan bo‘lsa, kelgusi yilda 4-5 barobar ko‘proq takliflarni moliyalashtirish imkoniyati yaratiladi”, - degandi vazirlik mas’uli.
2022 yilda loyiha ikki bor o‘tkaziladi. Ikkinchisi 15 avgustdan 15 sentyabrgacha o‘tkazilishi reja qilingan.
Loyiha haqida qisqacha:
Moliya vazirligi iyul oyida yangilangan “Ochiq budjet” portalini (Openbudget.uz) ishga tushirgan, u yerda davlat budjeti, davlat qarzi haqida ma’lumot e’lon qilindi va unda “Tashabbusli budjet” bo‘limi yaratilgan.
Fuqarolar mahalla, aholi punktlari va tumandagi muammolarni hal qilish bo‘yicha loyihalari bilan Openbudget.uz platformasi orqali murojaat qilishadi. Masalan, shahar infratuzilmasini yaxshilash, xiyobonlar, bolalar va sport maydonchalari qurish, ekologik vaziyat va suv ta’minotini yaxshilash, ko‘cha chiroqlarini ta’mirlash va o‘rnatish, maktablarni ta’mirlash, jihozlash va hokazo.
2021 yilda loyiha ilk marta o‘tkazildi va 1600 dan ortiq loyiha moliyalashtirildi. Fuqarolardan eng ko‘p ichki yo‘llarni ta’mirlashga oid takliflar kelib tushgan.