BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining (FAO) oziq-ovqat narxlari indeksiga ko‘ra, hozirda jahon miqyosida, ayniqsa, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqalarida, oziq-ovqat narxlari rekord darajada qimmat. EastFruit axborot-tahliliy platformasida e’lon qilingan FAO eksperti Andrey Yarmakning tahlillariga ko‘ra, 2022 yilda oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, sabzavot va mevalar narxi yanada keskin oshishi va tarixiy rekordlarni yangilashi ehtimollari juda yuqori.
Ekspert oziq-ovqat narxlari qimmat ekanligini bir necha omillar bilan bog‘lagan:
- Makroiqtisodiy;
- Sanoat;
- Siyosiy;
- Logistik;
- Energetik.
1. Siyosiy sabablar. Mahsulotlar eksporti yoki importiga cheklovlar soni ortib borayotgani, shuningdek, turli mamlakatlar o‘rtasida davom etayotgan savdo urushlari global narxlarga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ya’ni erkin bozor faoliyatining cheklanishi va unga davlatning aralashuvi misolida namoyon bo‘luvchi hamma narsa shu mamlakatlar aholisi uchun oziq-ovqat narxlari oshishiga olib keladi. Boshqacha aytilganda, so‘nggi yillarda kuzatilgan globallashuv jarayoni har bir tranzaksiya uchun xarajatlar kamayishi hisobiga mahsulotlarning arzonlashuviga olib kelgan bo‘lsa, hozir bu jarayon teskari yo‘nalishda rivojlana boshlagan: davlatlar bojlarni oshirmoqda, tartibga solishning turlicha usullari joriy qilinib, zaxiralar oshirilmoqda.
2. Makroiqtisodiy sabablar bugungi kunda mahsulotlar narxiga eng asosiy ta’sir ko‘rsatuvchi omil bo‘lib qolmoqda. Pandemiya davrida jahonda juda ko‘p pul «chop etilgan». Bu esa narxlar oshishiga qaramay, talab kamayishiga yo‘l qo‘ymayapti. 2021 yil yakunlari bo‘yicha AQShdagi inflatsiya 7 foizga baholangan – bu deyarli 40 yil ichidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Ya’ni agar kimdir pulni dollarda jamg‘argan bo‘lsa, unda 2021 yil boshidagi 100 dollar 93 dollar bo‘lib qolgan. Tabiiyki, inflatsiya oziq-ovqat narxlari oshishiga ham olib kelgan.
3. Logistika masalasi. Dunyo tarixdagi eng shafqatsiz logistik inqirozlardan birini boshdan kechirmoqda va hozircha uni hal etishning uddasidan chiqib bo‘lmayapti. Bir mamlakatdan boshqasiga oziq-ovqat yetkazib berish narxi doimiy ravishda o‘sib bormoqda va yetkazib berish imkoniyati har doim ham mavjud emas. Yil davomida transport xarajatlari o‘rtacha 3-4 barobar oshgan va nafaqat dengiz konteynerlari, balki quruqlikdagi tashuv narxi ham qimmatlashgan. Ko‘pgina mamlakatlarda yuk mashinalari haydovchilarining yetishmasligi muammosi ham bor. Bunga Sovid-19 sababli sayohat bilan bog‘liq vaqti-vaqti bilan o‘rnatilayotgan cheklovlar muammosi ham qo‘shiladi va bularning bari iste’molchi to‘laydigan tovarlar narxlariga ko‘chadi.
4. Energetik sabablar oziq-ovqat narxi o‘sishiga hozir ham sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda, ammo 2022 yilda buning ta’siri yanada oshadi. Aytish mumkinki, energiya komponenti oziq-ovqat narxlariga bevosita va bilvosita ta’sir ko‘rsatadi. Neft va gaz narxi oshishi bevosita shakar, makkajo‘xori va ayrim o‘simlik moylari narxi oshishiga va bilvosita boshqa mahsulotlar narxi qimmatlashiga olib keladi. Qanday qilib neft shakar va makkajo‘xori narxiga ta’sir ko‘rsatmoqda? Savolga javob juda oddiy – bioetanol orqali. Neft qanchalik qimmat bo‘lsa, bioetanol ishlab chiqarish shunchalik foydali bo‘ladi va yetishtirilgan shakarqamish hamda makkajo‘xori hajmi bioetanol ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi va shakar va ozuqa ishlab chiqarish uchun ular shuncha kam taklif qilinadi. Shunda narxlar yana oshadi. Bundan tashqari, narxlarga logistika (lekin bu unchalik muhim emas) va o‘g‘itlar narxi oshishi ham ta’sir ko‘rsatadi.
Hozir jahonda mineral o‘g‘itlarning o‘rtacha narxi o‘tgan yilga nisbatan 70-80 foizga oshgan. Eng sezilarli o‘sish esa barcha qishloq xo‘jaligi ekinlari narxiga ta’sir o‘tkazadigan azotli o‘g‘itlar narxlarida o‘z aksini topgan. Bunga tabiiy gaz narxlarining oshishi jiddiy ta’sir o‘tkazgan. Hozirda Yevropada tabiiy gaz bahosi bir yil avvalgidan o‘rtacha 10 barobar qimmatroq.
Shunga ko‘ra, azotli o‘g‘itlar ishlab chiqaradigan ko‘plab zavodlar faoliyatini to‘xtatdi, chunki ishlab chiqarishning iqtisodiy maqsadga muvofiqligini saqlab qolish uchun azotli o‘g‘itlar narxini 5-8 barobar oshirish kerak. Biroq o‘g‘itni bu narxda hech kim sotib olmaydi.
So‘nggi paytlarda gaz narxining biroz pasayishiga qaramay, o‘g‘itlar qimmatlashda davom etmoqda. Chunki ommaviy ishlab chiqarish mavsumi yaqinlashyapti va o‘g‘it bo‘yicha takliflar keskin kamaygan. Talab esa yuqoriligicha qolmoqda.
Masalan, makkajo‘xori yetishtirish tannarxida ham o‘g‘it xarajatlarining ulushi 30-45 foizga yetadi. Makkajo‘xori ozuqa ishlab chiqarish uchun asosdir va bu, tabiiyki, go‘sht va sut mahsulotlari narxiga va hatto baliq bahosiga ham ta’sir qiladi. Zero, Osiyoda baliqning asosiy qismi okeandan tutilmaydi, balki yetishtiriladi.
Bu bittagina ekin bilan bog‘liq misol. Boshqa ekinlar uchun ham vaziyat xuddi shunday. Ayni jihat meva-sabzavotlarga ham tegishli bo‘lib, bu yerda gektariga azotli o‘g‘itlarga bo‘lgan ehtiyoj dala ekinlarini yetishtirishdan ko‘ra yuqoriroq.
Bu shuni anglatadiki, 2022 yilda rivojlanayotgan mamlakatlarda o‘g‘itlardan foydalanish ko‘rsatkichi kamayishi mumkin va faol modda tarkibi va e’lon qilingani o‘rtasidagi nomuvofiqlik yuzaga kela boshlaydi.
Albatta, mo‘jiza sodir bo‘lmaydi: o‘g‘itlar qanchalik kam bo‘lsa, hosil ham shu qadar past bo‘ladi.
Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi ekinlari uchun ajratilgan maydonlar doimiy ravishda qisqarib bormoqda, Yer yuzi aholisi esa o‘sishda davom etmoqda. Shunga ko‘ra, oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlashmasligi uchun har yili qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilishini sezilarli darajada oshirish zarur.
Hosil boy berilishiga so‘nggi yillarda jiddiy muammoga aylangan iqlim o‘zgarishi omili ham ta’sir qilmasdan qolmaydi.
Meva-sabzavot sanoatida faoliyat olib boruvchilar narx qimmatlashishi bilan bir qatorda joriy yilda quyidagi to‘rt muhim omilga ham e’tibor qaratishlari lozim:
1) Yuqorida aytib o‘tilgan ichki tarmoq omili;
2) O‘g‘it yetishmasligi, materiallar va jihozlar tannarxi o‘sishi hamda sifati yomonlashuvi;
3) Ishchi kuchi yetishmasligi;
4) Iste’molning elastikligi;
Shu bilan birga har bir tarmoq va mintaqa ichida vaziyat tubdan farq qilishi mumkin. Masalan, golubikani oladigan bo‘lsak, yetakchi eksportyor mamlakatlarda ushbu rezavorning o‘rtacha narxi yildan yilga pasaymoqda, ammo uni yetishtirish xarajatlari o‘sishda davom etyapti. Ushbu bozordagi olma va boshqa ko‘plab mahsulotlar bilan bog‘liq vaziyat ham shunga o‘xshash.
Shunga ko‘ra, ishlab chiqarish hajmini oshiradigan segmentda ishlaydiganlar faqat inflatsiyaga tayanmasligi kerak. Boz ustiga, 2022 yilda ishlab chiqarish xarajatlari ham juda keskin oshadi.
O‘g‘itlar yoki o‘simliklarni himoyalovchi vositalardan foydalanishni kamaytirish orqali pul tejashga harakat qiladigan ishlab chiqaruvchilar hosilni boy berish va sifat yomonlashuvi muammosiga duch kelishlari mumkin. Zero, bozordagi tovar narxini aynan sifat belgilab beradi.
Har doim juda muhim bo‘lgan ishchi kuchi yetishmasligi omili 2022 yilda ko‘plab mamlakatlarda asosiy masalaga aylanadi. O‘zbekiston va Tojikiston bunday muammoga duch kelmasliklari mumkin. Umuman olganda, Markaziy Osiyo mamlakatlari, faqat mahsulot hajmi haqida emas, balki sifati haqida ham o‘ylay boshlashi kerak. Bu o‘z-o‘zini tanitish uchun muayyan bir imkoniyatdir.
Transport bozori mutaxassislari 2022 yilda tariflarning pasayishini kutishmayapti. Bu xarajatlar butunlay iste’molchiga emas, balki qisman ishlab chiqaruvchi zimmasiga ham o‘tadi. Ushbu omil ham meva-sabzavot sektori uchun salbiydir.
Umuman olganda, bir qancha omillar 2022 yil oziq-ovqat sektori uchun oson kechmasligini ko‘rsatmoqda.