Soliq qo‘mitasi nega yana e’tibor markazida? Muammolar tug‘diradigan o‘zgarishlar haqida

Iqtisodiyot 19:27 / 21.01.2022 45270

Otabek Bakirov, iqtisodchi:

Soliq qonunchiligi va ma’murchiligidagi o‘zgarishlar bo‘yicha e’tirozlarning eng asosiy ildizi Soliq organlari va biznes hamjamiyati o‘rtasida dialog yo‘qligining natijasi. Biz hozircha har ikki tomondan ham faqat monologlarni eshityapmiz.

Afsuski, muammolar, men ayniqsa, mulk solig‘ini nazarda tutyapman, parlament muhokamalari vaqtidayoq bartaraf etilishi kerak edi. Agar amaldagi parlament O‘zbekiston jamiyatini, uning biznes hamjamiyatini ham ifoda etganida.

Muammolar, hattoki viloyat va tuman kengashlarida, mahalliy budjetlarni tasdiqlash jarayonida ham yechilsa bo‘lardi. Mulk solig‘i bo‘yicha kamaytiruvchi koeffitsiyentlar qo‘llanmaganidan ko‘ryapmizki, mahalliy kengashlar ham tadbirkorlar manfaatlarini ifodalamas ekan.

Soliq ma’murchiligini raqamlashtirish va biznesni soyadan chiqarish niyatlari ezgu, lekin amalda qo‘llanayotgan tadbirlar, agar biznesning ham yutug‘iga xizmat qilishi ta’minlanmasa, teskari natijalar beradi. Buning hammasi oqibatda cho‘ntagimizda aks etadi.

Ma’murchilik va qoidalardagi o‘zgarishlar, toki bu o‘zgarishlar to‘liq kuchga kirguncha va xatolar bartaraf etilmaguncha, biznesni jazolash vositasiga aylanmasligi kerak. Har bir o‘zgarish ko‘nikish va biznes yo‘riqlarini o‘zgartirishga imkon beradigan kamida uch oylik o‘tish davri qoidalarini inobatga olishi lozim.

 

Yuliy Yusupov, iqtisodchi:  

So‘nggi 1,5-2 yil davomida soliq qo‘mitasining vakolat va imkoniyatlari tadbirkorlik subektlarining huquq va erkinliklariga zarar yetkazadigan darajada oshgani kuzatilmoqda. Bu qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish orqali ham, qo‘mita tomonidan ushbu vakolatlarni keskin tortib olish orqali ham sodir bo‘ladi.

Qo‘mita o‘z xatti-harakatlarini biznesni soyadan chiqarish, «qochuvchilar»ni soliq to‘lashga majburlash, hamma uchun yagona tartib o‘rnatish zarurligi bilan oqlaydi. Maqsad to‘g‘ri. Ammo bu unga erishish uchun hech qanday vositani oqlamaydi. Va ba’zi vositalar nafaqat mumkin bo‘lgan foydalarni yo‘qqa chiqaradi, balki oxir-oqibat maqsadga qarshi ishlaydi.

Ikkita misol. Birinchisi, QQS to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnomani berishni rad etish yoki tugatish, bu soliqni to‘lash bilan bog‘liq bo‘lmagan ba’zi bir kichik qoidabuzarliklar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Huquqbuzarliklarni jazolashning boshqa usullari ham bor, ko‘proq tasodifiy xatolar uchun. Jazo sifatida QQS to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnomani qaytarib olish yoki bermaslikdan foydalanish o‘ta muvaffaqiyatsiz va zararli usuldir.

Nega? Birinchidan, bu kompaniyani hech kim ishlashni istamaydigan «oq qarg‘a»ga aylantiradi. Bu esa kompaniyani to‘liq ishlash va o‘sha soliqlarni to‘lash uchun pul topish imkoniyatidan mahrum qiladi, xodimlarga ish haqi to‘lash haqida aytmasa ham bo‘ladi. Ikkinchidan, Davlat soliq qo‘mitasi qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash zanjirlarini o‘z qo‘li bilan yo‘q qilib, mazkur soliqni obro‘sizlantirib, biznesni soyaga suryapti. Bu xuddi xodim ish joyiga sigaret qoldig‘ini tashlagani uchun uning qo‘lini kesib, mehnat unumdorligi oshishini kutish bilan bir xil.

Ikkinchi misol – boshqa kompaniyalarning ehtimoliy (ba’zan xayoliy) qoidabuzarliklari va xatolari uchun aybsiz jazolash. Misol uchun, sheriklardan biri Qo‘mita oldida noto‘g‘ri ish qilgan bo‘lsa, siz to‘lab qo‘ygan QQSingizni qayta to‘lashingiz kerakligi yoki ilgari to‘langan QQSni hisobga qo‘shish imkoni yo‘qligi. Kim jarimaga loyiq ish qilgan bo‘lsa, o‘shani jazolang! Vijdonli soliq to‘lovchida nima ayb? Bu absurdning yuqori cho‘qqisi!

Soliq ma’murchiligi muammolarining yana bir jihati haqida. Ha, qonunlarga rioya qilish kerak. Ammo shunday yomon qonunlar borki, ularga rioya qilish jamiyatga foyda keltirmaydi, aksincha, qimmatga tushadi. Agar davlat bunday yomon qonunlarga rioya qilishga ko‘z yumsa, yaxshi, siz ularni unutishingiz mumkin. Ammo agar davlat ularga rioya qilishni talab etsa, ularni bekor qilish haqida o‘ylash kerak. Masalan, yuridik shaxs (oilaviy korxonalardan tashqari) noturar joy binolariga egalik qilishi yoki uni ijaraga olishi kerak degan talab.

Bundan tashqari, Davlat soliq qo‘mitasining normativ-huquqiy hujjatlarda ko‘rsatilmagan talablari bilan mustahkamlangan, ofis maydoni kamida 18 kvadrat metr bo‘lishi kerak hamda xodimlar soni 4 nafardan kam bo‘lmasligi kerak degan talab. Agar siz ushbu mezonlarga rioya qilmasangiz, bu sizning kompaniyangiz firibgar kompaniyaga aylanishiga olib kelishi mumkin.

Ayting-chi, nega 21 asrda, uning ustiga pandemiya paytida bunday talablar kerak? Ofisdan tashqarida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan va / yoki 1-2 xodim yetarli bo‘lgan ish turlari mavjud. Davlat, ayniqsa pandemiya sharoitida, masofaviy ishlashni rag‘batlantirishi kerak, buning uchun jazolamasligi kerak. Bizda esa aksincha...

Va bu biznes va ekspertlarning moliya organlarimiz harakatlariga nisbatan e’tirozlarining to‘liq ro‘yxati emas. Biznes yuritish xarajatlarini oshiradigan, ishbilarmonlik muhitini yomonlashtiradigan va shu bilan iqtisodiy o‘sish va soliq solinadigan bazaning o‘sishi imkoniyatlarini cheklaydigan yana ko‘plab omillar mavjud.

Oksana Ognevchuk, buxgalter:

Shubhasiz, QQS zanjirida uzilishlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, chunki bunday uzilishlar, korxonalarga to‘liq aniq bo‘lmagan va yomon nazorat qilinadigan mezonlar bo‘yicha orqavarotdan «QQSdan chiqarib tashlash» mexanizmini hisobga oladigan bo‘lsak, bir tomondan potensial ravishda «quvilgan» korxonalarning raqobatbardoshligi yo‘qotilishiga va ularning shu sababli yopilishiga olib keladi. Boshqa tomondan, biz – oxirgi iste’molchi uchun tovarlar va xizmatlar narxidagi bilvosita soliqlar ulushini oshiradi.

Ammo shuni ham yodda tutish kerakki, zamonaviy biznes jarayonlar va biznes sxemalarining murakkabligi, shuningdek, soliq to‘lovchilar harakatlarining yaxlitligini nazorat qilish imkoniyati cheklangani bois, mamlakat budjetini to‘ldirishni ta’minlashning yagona yo‘li raqamlashtirish va xavf-tahlildan foydalanish. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, soliq organlarining xatti-harakatlarini tushunish mumkin.

Shu bilan birga, raqamli yechimlar, albatta, yanada sifatli bo‘lishi va puxta sinovdan o‘tkazilgandan so‘ng foydalanishga topshirilishi kerak. Agar test «jonli» ma’lumotlar bo‘yicha o‘tkazilsa, hech bo‘lmaganda bunday test davrida, jazo choralari qo‘llanmasligi kerak.

Soliq kodeksining yangi tahriri ancha zamonaviy bo‘lib ko‘rinadi va birinchi navbatda soliqqa tortish maqsadida ilgari soliq to‘lashdan «tushib qolgan» yirik tadbirkorlik sub’yektlarining daromadlarini soliqqa tortishga qaratilgan. Elektron hisob-faktura tizimlarining analoglari va tovar-transport hujjatlarini elektron (soliq portalida) ro‘yxatdan o‘tkazish ko‘pdan beri ko‘pgina mamlakatlar, jumladan, Gruziya, Turkiya va Ozarboyjonning soliq xizmatlari arsenalida mavjud. Qo‘shni Qozog‘istonda «Virtual ombor» moduli 2018 yilda ishga tushirilgandi.

QQS nazorati va ma’muriyati bo‘yicha Rossiya tajribasi umuman olganda yomon emas. Rossiya Federatsiyasida QQS-2 va QQS-3 resurslari joriy etilgandan so‘ng, «naqdlashtiruvchi» firmalar sonini sezilarli darajada kamaytirish mumkin bo‘ldi (nazorat joriy etilgan paytda 40 foizdan 7 foizgacha).

Bugungi kunda aksariyat mamlakatlarda soliqlarni to‘lamaslik xavfining ayrim sohalarini tartibga solish bilan qamrab olmaydigan soliq doktrinalari deb ataladigan yondashuv qo‘llanadi. Bunday hollarda soliq organlari «oldini olish» bilan shug‘ullanadi – qonunda belgilanganidan ortiq ravishda operatsiyalarni nazorat qilish va qayta kvalifikatsiya qilish mexanizmlarini joriy qiladi. Keyinchalik qonun zarur reglament bilan to‘ldiriladi.

Nadejda Soldatova, buxgalterlik hisoboti bo‘yicha ekspert:

2022 yil kirib kelishi bilan mamlakat buxgalterlari hamjamiyati Davlat nazorati organlari tomonidan kiritilgan juda ko‘p yangiliklarga to‘qnash keldi. Albatta bu holat nafaqat ko‘plab savollar paydo bo‘lishiga, balki buxgalteriya hisoboti sohasida ishlaydigan xodimlarning bir necha omillarga asoslangan noroziliklarini ham keltirib chiqardi. Qizig‘i shundaki, bu savollarga o‘sha organlarning o‘zlari har doim ham javob topa olmay qoladi.

Soliq organlarining axborot tizimlariga bog‘langan hamda soliq to‘lovchilar ma’lumot bazasini doimo tahlil qilib keladigan «Svetoforlar tizimi» ana shunaqa omillardan biri sanaladi. Va bordi-yu asoslar – soliq to‘lovchilarning guvohliklari aniqlanadigan bo‘lsa, QQS avtomatik tarzda to‘xtatib qo‘yiladi va bu kontragent korxonalar bilan na bu va na boshqa tarafdan ishlash mumkin bo‘lgan holat yuzaga kelishiga olib keladi. 

Soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetida, «QQS to‘lovchilarining maxsus ro‘yxatga olish» bo‘limida o‘z guvohnomasining maqomini tekshirib ko‘rish mumkin. Ushbu ilovani ochib, guvohnomaning to‘xtatib qo‘yilish sababini tushunib olish mumkin. Agar soliq to‘lovchida birorta «qizil belgi» borligi aniqlansa, guvohnomani qayta amalga kiritish, ya’ni sabablarni bartaraf etish zarur bo‘ladi.

Albatta, bu kichik biznes vakillarining noroziligini keltirib chiqardi, negaki vaziyatni to‘g‘rilash uchun ham muddat va ko‘p mehnat qilish kerak bo‘ladi. Nazorat organlarining sabablar bartaraf etilishi bilan guvohnoma o‘z kuchini bir kecha-kunduzda qayta tiklanadi, deya ishontirishlariga qaramay, amalda vaziyat butunlay boshqacha. Doimo o‘zingiz haqingizda eslatib turishingiz, guvohnomani tiklash uchun mashaqqat chekishingiz kerak bo‘ladi.

O‘ta tuturiqsiz desa bo‘ladigan sabablar mavjud! Misol uchun, ko‘p yillar oldin budjetga qarzini to‘lamagani uchun tugatilgan korxonaga rahbarlik qilgan odamga qarashli korxonaning QQS to‘lovchisi guvohnomasi to‘xtatib qo‘yilmoqda... Qizig‘i shundaki, bunday vaziyatlarda da’vo qilish muddati ham fuqarolik, ham Soliq kodeksiga asosan nihoyasiga yetgani mutlaqo hisobga olinmaydi. Korxonaning o‘zi allaqachon tugatilgan, bu esa xohish bo‘lgan taqdirda ham budjet oldidagi qarzlarni qoplash imkoniyatini bermaydi. Qizig‘i shundaki, ushbu qarz majburiyati qanday paydo bo‘lgani ham tushunarsiz, chunki korxonani tugatish jarayoni Davlat soliq inspeksiyasining ishtirokisiz o‘tmaydi, holbuki qarzdorlik yo‘q qilinmay turib, korxonani tugatish mumkin emas edi. Ushbu masala bo‘yicha hech qanday takliflar va izohlarni topishning hech qanaqa imkoniyati yo‘q. Buning uchun esa obro‘siga mutlaqo dog‘ tushirmagan rahbarni topish kerak bo‘ladi. Bu zarurat, shu jumladan, korxona uchun ham doim noqulayliklar keltiradi.

Shuningdek, yangi e-ijara va e-aktiv hisobot mahsulotlarining joriy etilishi oqibatida ham nazorat tizimlarining «qora ro‘yxati»ga tushib qolish mumkin. Ushbu tizimlarda ishlaydiganlarni hayron qoldiradigan omillardan biri – mazkur tizimlarda ishlash bo‘yicha puxta va aniq yo‘riqnomalar yo‘qligi. Ba’zi tushunarsiz savollarga buxgalteriya hisoboti bo‘yicha mutaxassislarga shaxsan murojaat qilib javob olish mumkin. Ammo qoidalarni ishlab chiquvchi va tatbiq etuvchi organlar joriy etilayotgan yangiliklarni faoliyat jarayonida xatolarga yo‘l qo‘yilishidan qo‘rqmagan holatda batafsil o‘rganib olishga to‘laqonli imkoniyat taqdim etmayaptilar. Chunonchi, e-aktiv tizimida quyidagilar ko‘zda tutilmagan:

  • mahsulot tayyorlashga ketadigan materiallar sarfi va ishlab chiqarish materiallarini hisobdan chiqarishning me’yorini hisobga olish;
  • qayta ishlashga berilgan xomashyo hisobini yuritish;
  • ishlab chiqarishdagi brak va ishlab chiqarishda yo‘l qo‘yilayotgan yo‘qotishlar hisobini yuritish va hokazo;
  • tovar-material xarajatlarini hisobdan chiqarishning turli uslublarini qo‘llash imkoniyati;
  • bir oy davomida tayyor mahsulot sotilishini: rejadagi tannarx va tannarx yoki sotuv narxlari bo‘yicha aks ettirish imkoniyati;
  • e-aktiv tizimining 1S, 1UZ va boshqa buxgalterlik dasturlari bilan integratsiyasi.

Hozircha, 2022 yil 1 iyuligacha bu tizim QQS to‘lovchisining guvohnomasiga ta’sir etmay turadi, biroq hozirdan boshlab bu tizim bilan ishlash xavotirlarni uyg‘otmoqda.

e-ijara tizimi haqida so‘z yuritib, QQS to‘lovchisi guvohnomasining amal qilishi to‘xtatilishiga qaytsak, bu holatda soliq to‘lovchilar yana muammolarga to‘qnash kelib qoldilar. Ikki yuridik shaxs bu masalani tezda hal qilishi mumkin. Agar ijaraga beruvchi jismoniy shaxs bo‘lgan taqdirda ham bu masalani hal qilish mumkin, negaki jismoniy shaxslar bilan ijara shartnomasini hisobga olish tizimi ishlay boshlaganiga ancha bo‘lib qoldi. Biroq agar siz uch tomonlama shartnoma tuzgan bo‘lsangiz-u, unda ijaraga beruvchi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bo‘lsa, unda nima bo‘ladi? Axir, ko‘plab korxonalar davlat mulklarini sotish bo‘yicha elektron savdo jarayonida ishtirok etishlariga to‘g‘ri keladi va davlat mulkini ijaraga taqdim etish ham muayyan muddatlarni talab etadi.

Muvaffaqiyatli kechgan savdolar natijasi bo‘yicha tuzilgan shartnomani ham ro‘yxatdan o‘tkazishga ham vaqt ketadi. Holbuki, Davlat soliq inspeksiyasi bilan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi o‘rtasida elektron hamkorlik to‘g‘risida bitim tuzilganiga, ikki tashkilot o‘rtasida tuzilgan shartnoma doirasida elektron ma’lumotlari almashinuvi yo‘lga qo‘yilganiga va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi davlat mulkining ijarasi (sotuvi) haqidagi ma’lumotlarni mustaqil ravishda taqdim etish majburiyatini o‘z zimmasiga olganiga qaramay, e-ijara tizimida ro‘yxatdan o‘tmaslik guvohnomaning maqomiga ta’sir ko‘rsatadi.

Faoliyat yuritish uchun 18 kvadrat metr maydon bo‘lishi shartligi to‘g‘risidagi me’yor kichik biznesning barcha vakillari tomonidan tanqid qilingandi. Bino yoki joyi mavjudligi tasdiqlanmagan tashkilotlar tahlikaning yuqori (qizil) darajasiga tushib qolishlari mumkin, bu esa ularning boshqa QQS to‘lovchilari (kontragentlar) bilan ishlashiga ta’sir etadi, chunki ular bunday shirkat bilan ishlashdan voz kechishlari mumkin. 

Shu bilan birga, jismoniy ofisga egalik qilmay turgan holda faoliyat yuritishning qator turlari mavjud. Ayniqsa pandemiya davrida ko‘plab korxonalar masofadan turib ishlash tartibiga o‘tib olganlarida bunday faoliyat uslubi dolzarb bo‘lib qoldi. Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev 17 yanvar kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida o‘zining xususiy binosi yoki xonasiga ega bo‘lmagan ba’zi soha vakillariga istisno tariqasida shunday guvohnoma taqdim etish bo‘yicha qaror ishlab chiqarilishini bildirdi. Endi shunday qaror chiqishini kutamiz va yuqorida zikr etilgan shirkatlarning oldida turgan real muammolarini hal qila oladimi yoki yo‘qligini ko‘ramiz.

Elektron hisob-fakturalarni (ESF) taqdim etish tizimida yuzaga kalgan vaziyat ham kishini ancha hayron qoldirmoqda. Bu tizimning joriy etilishi aslida buxgalterlar ishini yengillatishga, qog‘ozbozlikni kamaytirishga qaratilgan edi, ammo doimo almashib turadigan mahsulot va xizmatlarning identifikatsiyaviy kodlari, o‘lchov birliklarida yuzaga keladigan doimiy noqisliklar va ayniqsa tuzatish kiritilgan ESFlarni taqdim etish imkoniyatidan mosuvo bo‘lish kabi doimiy ko‘rinishdagi yangiliklar joriy etilishi bilan buxgalterlarning tashvishlari yengillamay, aksincha juda ham qiyinlashdi va hatto korxonalarning qonuniy huquqlaridan mahrum etib qo‘ydi. 

Davlat soliq qo‘mitasi ushbu masalalarni qayta ko‘rib chiqadi hamda hujjatlarga tuzatish kiritish imkoniyatini beradi deya umid qilamiz. Negaki, ko‘p miqdordagi yuklarni jo‘natar ekansiz, klavishlarni bosishda xato qilib qo‘yish ehtimoli bor-u, ammo tuzatish kiritish imkoniyati yo‘q.

QQS zanjirining uzilishi koeffitsiyenti to‘g‘risida esa gapirmasa ham bo‘laveradi. Bu yerda nima qayerdan kelganini tushunishning o‘zi mushkul ish. Hatto tovarni chet eldan o‘zlari olib kelib, bojxonada rasmiylashtirib, QQSni to‘lagan import bilan shug‘ullanuvchi korxonalar ham o‘zlarining ESFlarida «qizargan-bo‘zargan» koeffitsiyentni ko‘rib qolishlari mumkin. Bu holat qanday yuzaga keldi degan savolga esa javob yo‘q.

Ishchilari ko‘p bo‘lgan korxonalarda ham ahvol shunga o‘xshab ketadi. «Qizil zona»ga tushib qolmaslik uchun endi korxonada kamida 4 kishi ishlayotgan bo‘lish kerak. Agar bunga ehtiyoj bo‘lmasa, nima bo‘ladi? Korxona mutlaqo keraksiz shtatdagi va shtatdan tashqari o‘rinlarni yaratishga qaratilgan keraksiz xarajatlarni qoplashga imkoniyatlar qidirib yurishi kerakmi? «O‘lik jonlar»ni to‘plash kimga kerak? Nega endi bu masalani korxona rahbariyati ixtiyoriga qo‘yib berilmayapti. Har holda, ish jarayonida ishchilarning soni to‘g‘risidagi masala aniq va ravshan bo‘lib qoladi-ku? Ishsizlikka qarshi kurash deya xo‘jako‘rsinga qabul qilinayotgan choralar ko‘rinishdan chiroyli, ammo yasama statistik ma’lumotlarni tuzishdan boshqa narsaga yaramaydi.

Mulk solig‘ini hisoblash sohasidagi o‘zgarishlar esa umuman kichik biznes vakillarining ulkan qatlamini «egardan tushirdi». Garchi, mazkur o‘zgarishlar o‘ta go‘zal tarzda budjet foydasiga izohlab berilgan bo‘lsa-da, ushbu biznes vakillarining o‘zlari soliqni baholash va hisoblashning adolatini isbotlay turib doimiy stress holatida qolishlarini yaxshi tushunadilar.

Ahvol shunchalikka bordiki, kichik biznes mavjud voqelikda chindan ham og‘ir zarba ostida qoldi. Ayniqsa, barcha funksiyalarni bajaradigan birgina shtatdagi buxgalter ishlaydigan kichik korxonalarning ahvoli og‘irlashdi. Bu buxgalter ham bosh, ham moddiy, ham hisob-kitob buxgalteri vazifalarini bajarishdan tashqari kadrlar bo‘limiga ham rahbarlik qiladi. Poytaxtdan tashqarida, viloyatlarda ishlaydiganlarning hayotini elektr ta’minotidagi doimiy uzilishlar murakkablashtirib turadi. Saytlar va tizimlarning ishlashini barqaror deb bo‘lmaydi, elektr ta’minotidagi muammolar esa yana bitta sezilarli bosh og‘rig‘i bo‘lib qolmoqda.

QQS to‘lash darajasiga chiqib olgan yakka tartibda tadbirkorlik qilayotganlar yoki import tovar olib kirganlarning holi achinarli bo‘lib qoldi. Ular biznes bilan shug‘ullansinlarmi yoki tizimgi kirib olib, nimalar sodir bo‘layotganini tushunishga harakat qilishsinmi? Vaholanki, ularning aksariyati o‘z bizneslarini faoliyat turiga qarab belgilangan soliq stavkasini abonent to‘lovi kabi to‘lanadigan paytda boshlaganlar va buxgalteriya hisoboti qoidalaridan bexabar bo‘lganlar. Shu o‘rinda har qanday biznes egalariga, katta bo‘ladimi yoki kichikmi, moliyaviy savodxonlik juda ham asqotishini eslatib o‘tish joiz.

Albatta, mavjud soliq ma’murchiligi tartiblariga ishni osonlashtiradigan va biznesni rivojlantirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritilishi zarur edi. Buning aksi bo‘lib chiqmayaptimi?

Qayd etish joizki, hozir sodir bo‘layotgan ishlarning bari nafaqat biznesga, balki mamlakat budjetiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Holbuki, ko‘plab kompaniyalar o‘z faoliyatini yaxshi yurita olmas ekan, soliqqa pul ajratish bazasini ham yo‘qotib qo‘yadi.  

Bordi-yu, korxonaning kamchilik va nuqsonlari bo‘lsa, shartta guvohnomaning amal qilishini to‘xtatib qo‘ymay, ularni bartaraf etish uchun qandaydir muddat taqdim etish zarur. Belgilangan muddat ichida kamchiliklarni bartaraf etishga chora ko‘rilmasa, shundan keyin chora ko‘rish kerak. Tadbirkorlikni qo‘llash haqida o‘ylab ko‘rilsa, zarar qilmaydi.

Shokir Sharipov tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: