2021 yilda muomaladagi naqd pul ulushi 3 foizga kamaydi 

Iqtisodiyot 11:43 / 20.01.2022 16086

2021 yilda chakana tovar ayirboshlash hajmining 2020 yilga nisbatan 5,7 foizdan 12 foizga, pullik xizmatlar ko‘rsatish hajmining 3 foizdan 19,2 foizga o‘sishi, shuningdek, ish haqi, pensiyalar, nafaqalar va boshqa to‘lovlar oshirilishi naqd pulga talab va taklif shakllanishining asosiy omili bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Markaziy banki hisobotida aytiladi.

Natijada, 2021 yilda banklarning naqd pul aylanmasi hajmi 2020 yilga nisbatan 40,8 foizga oshib, 507,2 trln so‘mni tashkil etdi va uning tarkibiy tuzilishida o‘tgan yillarga nisbatan o‘zgarishlar kuzatilmadi. 

Naqd pul muomalasida banklar kassalariga tushumlar hajmi 251,7 trln so‘mni, bank kassalari va bankomatlardan naqd pul sarfi esa 255,5 trln so‘mni tashkil etadi. 

2022 yil 1 yanvar holatiga muomaladagi naqd pulning umumiy pul massasidagi ulushi 20 foizni tashkil etdi va o‘tgan yilga nisbatan 3 foiz punktiga kamaydi. YaIMga nisbatan esa ulush 4,1 foizdan 3,9 foizga qisqardi. 

Muomaladagi naqd pullar tarkibida katta nominalga ega bo‘lgan banknotalar ulushining o‘sishi hisobiga banknotlarning umumiy soni sezilarli darajada kamaydi. 

Xususan, 2021 yil davomida muomalaga chiqarilgan naqd pullar tarkibida 100 000 so‘mlik banknotlarning ulushi 27,3 foizdan 34,8 foizga yetgan bo‘lsa, 50 ming so‘mlik banknotlarning ulushi 38,8 foizdan 34,2 foizga, 10 000 so‘m – 15,7 foizdan 14,5 foizgacha, 5 ming so‘m – 16,1 foizdan 12,7 foizgacha, 1000 so‘m – 2,1 foizdan 1,4 foizgacha kamaydi. 2000 so‘m (0,3 foiz) va 20 000 so‘m (2,1 foiz) yangi turdagi banknotalar muomalaga chiqarildi. 

Natijada, muomalaga chiqarilgan banknotlar soni 492,4 million donaga yoki 18 foizga kamaydi. 

Muomaladagi banknotlar sonining kamayishi aholiga naqd pul hisob-kitoblarida, banklarga esa kassa operatsiyalarida qulaylik yaratish, sanash, saralash va qadoqlash jarayonlarini osonlashtirishga xizmat qilmoqda.

Shu bilan birga, 2021 yil davomida chakana savdoda foydalanish uchun va aholi punktlarida pul mablag‘larini qaytarish (mayda pul) sifatida to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish uchun 14,6 milliard so‘mlik yangi tangalar qo‘shimcha ravishda muomalaga chiqarilib, ularning naqd pul tarkibidagi ulushi 0,16 foizga yetdi. 

Ko‘proq yangiliklar: