«Bu integratsion loyihaga shubha bilan qarash uchun asoslar yetarli» - Tahlilchi YOII va O‘zbekistonning unga yaqinlashuvi haqida

Iqtisodiyot 16:57 / 14.01.2022 24569

«Bu masalada e’tibor qaratish kerak bo‘lgan ikki nuqta bor. Birinchidan, Qirg‘iziston bu tashkilotga a’zo, lekin qirg‘izistonlik mehnat muhojirlarining Rossiyadagi hozirgi vaziyati o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining vaziyatidan tubdan farq qilmaydi. O‘sha qiyinchiliklar – o‘sha qiyinchilik, o‘sha diskriminatsiya – o‘sha diskriminatsiya.

Ikkinchidan, Rossiya boshqa davlatlarni Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo qilish uchun bosim vositasi sifatida mehnat muhojirlaridan foydalanayotgani ko‘rinib turibdi.

Bu – har bir davlatning tafakkuri va sivilizatsiyasini ko‘rsatadigan holat. Agar bu tashkilotga a’zolik O‘zbekistonga to‘liq foyda keltiradigan bo‘lsa, O‘zbekiston unga a’zolik uchun allaqachon navbatga turgan bo‘lardi.

Masalan, Yevropada davlatlarning Yevropa ittifoqiga a’zo bo‘lishi uning obro‘yini global miqyosga ko‘taradigan hodisa. Ya’ni bu tashkilotda inson huquqlari, huquqiy davlatchilik, farovonlik va erkinlikni ta’minlaydigan qoidalar, qadriyatlar mujassam bo‘lgan. Lekin Rossiya yoki YOII bilan unday emas.

Ciyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov 

Rossiyaning reputatsiyasi G‘arb bilan gibrid shaklda kurashayotgan davlatdir.

Bugungi kunda Xitoy va G‘arb o‘rtasidagi «sovuq urush» haqida ko‘p gapirilyapti. Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi munosabatlar esa ancha avval chigallashib ulgurgan.

Mana shunday fonda possovet hududiga bosim qilayotgan va undan avval «yigirmanchi asrning eng katta fojiasi – totalitar sovet ittifoqining qulashidir», degan davlatning integratsion loyihasiga shubha bilan qarashimiz tabiiy. Chunki O‘zbekiston uchun eng katta qadriyat mustaqillik bo‘lar ekan, unga yetishi mumkin bo‘lgan zarar, xavflar menimcha asosli.

Biz YOIIga davlatning mustaqilligi prizmasi orqali qarashimiz tabiiy», dedi tahlilchi Kamoliddin Rabbimov.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilish mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: