Qozog‘iston va O‘zbekiston – nega bu davlat biz uchun muhim?
Ismoil Saifnazarov, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professori, falsafa fanlari doktori:
— O‘zbekiston va Qozog‘iston – tabiiy iqtisodiy hamkorlar. Iqtisodiyotlarimiz raqobat qilmaydi, bir-birini to‘ldirib turadi. O‘zaro savdo ortmoqda. 2021 yilda tovar ayirboshlash rekord daraja – 4 milliard dollarga yetdi.
O‘zbekistonning Qozog‘istonga eksporti: oziq-ovqat mahsulotlari – 278 mln dollar (eksport hajmining 30,7 foizi), mashina va uskunalar – 208 mln dollar (22,9 foiz), kimyoviy mahsulotlar va ulardan tayyorlangan buyumlar – 89 mln dollar (9,8 foiz), metallar va ulardan tayyorlangan mahsulotlar – 54 mln dollar (6 foiz), to‘qimachilik mahsulotlari va kiyim-kechak – 43 mln dollar (4,7 foiz), shuningdek, xizmatlar – 142 mln dollar (15,6 foiz).
O‘zbekistonning Qozog‘istondan importi: oziq-ovqat mahsulotlari – 867 mln dollar (import hajmining 41 foizi), metallar va metall mahsulotlari — 369 mln dollar (17,4%), energiya manbalari va neft mahsulotlari – 274 mln dollar (13 foiz), mashina va uskunalar – 140 mln dollar (6,6 foiz), kimyoviy mahsulotlar va ulardan tayyorlangan buyumlar 82 mln dollar (3,9 foiz).
O‘zbekiston va Qozog‘istonning umumiy eksporti tarkibida asosan uchinchi mamlakatlarga yetkazib beriladigan xomashyo mahsulotlari (mineral mahsulotlar, rangli va qimmatbaho metallar va boshqalar) asosiy ulushni (50-60 foiz) egallaydi. Shu bilan birga, xomashyo mahsuloti hisoblanmagan tovar pozitsiyalari bo‘yicha o‘zaro savdo-sotiqni, ayniqsa, har ikki davlat manfaatdor bo‘lgan tayyor mahsulotlar savdosini rivojlantirish borasida katta istiqbollar mavjud.
Markaziy Osiyoda Qozog‘iston va O‘zbekiston aholisi 71 foizni tashkil etadi, bunda yalpi ichki mahsulot umumiy hajmining 78 foizi va mintaqa davlatlari o‘zaro ichki savdosining 74 foizi shu ikki davlat hissasiga to‘g‘ri keladi.
Uch ta’sir: tovarlar, pul jo‘natmalar va tranzit yuklar. Nima bo‘lishi mumkin?
Qozog‘istondagi voqealar O‘zbekiston iqtisodiy hayotiga ta’sir qilmasdan qolmaydi. Qo‘shni davlatdan import qilinadigan neft, un, oziq-ovqat mahsulotlari va maishiy tovarlar uzilishi yoki tanqisligi kuzatilsa, iqtisodiyotimizga sezilarli zarar yetishi aytilmoqda. Qozog‘iston go‘sht eksportini taqiqlagan. Ma’lum muddatga chegaralar yopilib, yuk avtomobillari va poyezdlar harakati to‘xtab qoldi. Bu go‘sht va bug‘doy narxiga ta’sir qilishi mumkin. Metall, maishiy texnikalar va muayyan turdagi oziq-ovqat mahsulotlari borasida ham shunday deyish mumkin.
Ikkinchisi, Qozog‘istondagi banklar qisqa muddatga bo‘lsa-da, o‘z xizmat faoliyatini to‘xtatdi. Balki katta va tinch shaharlarda ishlayotgandir, lekin o‘zbekistonliklarning asosiy aloqasi bo‘lgan Olmaotadagi banklarda tanaffus uzoqroq davom etdi. Demak, xalqaro o‘tkazmalar, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining pul jo‘natmalari ham bir necha kunga to‘xtadi degani.
Uchinchisi, Rossiya va Xitoy kabi davlatlardan kelayotgan tranzit yuklar ham noma’lum muddatga to‘xtab qoladi. Albatta, bu ham iqtisodiyotimizga zarar.
“Bozorlarimizdagi narx-navo qo‘shnilarimizga haddan ziyod bog‘liq”
Otabek Bakirov, iqtisodchi:
— Qozog‘iston bizning uchinchi raqamli hamkorimiz. O‘tgan 11 oyda ikki davlat o‘rtasidagi tovar aylanmasi 3,5 mlrd dollardan oshgan. Shundan 2,5 milliard dollarlik qismi – import.
Biz Qozog‘istondan yirik miqdorda un, bug‘doy, boshqa oziq-ovqatlar hamda neft mahsulotlari xarid qilamiz.
Qozog‘iston bug‘doy va un eksportining yarmidan ko‘pini O‘zbekiston iste’mol qiladi. Bozorlarimizdagi narx-navo qo‘shnilarimizga haddan ziyod bog‘liq.
Qozog‘istondan neft eksportida ham O‘zbekistonning o‘rni yuqori (benzin eksportiga cheklovlar qo‘yilgach, neft importi yanayam oshdi). Bu borada yil statistikasi ochiqlangani yo‘q, lekin MDHda qozoq neftini eng ko‘p iste’mol qiladigan aynan O‘zbekiston hisoblanadi.
Shu ma’noda, biznes rivojida ham, oddiy odamlarimiz hayoti va turmush tarzida ham qo‘shnilarimizda barqarorlik bo‘lishining o‘rni juda yuqori.
Qozog‘istondagi beqarorlikning nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy ta’siri ham bo‘ladi. Mana, O‘zbekiston gaz eksportini ham to‘xtatdi. Bu ham ta’sirini ko‘rsatadi. Hamma gaz ichki iste’molga yo‘naltirilmoqda.
Mehnat muhojirlari, yuk tranzaksiyalari neft importiga salbiy ta’sirlar
Abdulla Abduqodirov, iqtisodiy tadqiqotchi:
— Qozog‘iston biz uchun juda katta siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy ahamiyatga ega mamlakat. Birinchidan, u bizning qo‘shnimiz – 19 mlnlik xalq. Ikkinchidan, Xitoy, Rossiya va Yevropadan keladigan transport yo‘llarimiz Qozog‘iston orqali o‘tadi. Bugungi kunda Turkiya ham Turkmaniston yopilgani uchun Qozog‘iston orqali yuklarini O‘zbekistonga olib keladi va olib chiqib ketadi. Ya’ni tashqi iqtisodiy aloqalar va transport kommunikatsiya uchun bu davlat biz uchun juda katta ahamiyatga ega.
Shuningdek, bizga qardosh xalq bo‘lgani sabab ijtimoiy, diniy va madaniy tomondan ham bu xalqning rivojlanishi biz uchun muhim. Chunki qo‘shni boy bo‘lsa, yonidagi mamlakatlar ham boy bo‘lib boraveradi. Qo‘shni kambag‘al bo‘lsa, unda urush bo‘lsa, yonidagi mamlakatlarda ham tinchlik bo‘lmaydi.
Iqtisodchi sifatida aytishim mumkinki, bugun ham ko‘rib turibmiz, Moskva birjalarida birja aktivligi, birja indekslari tushib ketgan. Rubl qadri dollarga nisbatan sezilarli pasaygan. Bu degani Rossiyada, pul ishlab topayotgan vatandoshlarimizga oyliklar rublda berilgani bois rublni ham qadri tushib ketishi oqibatida maoshlar kamayishiga olib keladi. Rossiyaning o‘zida narx-navo o‘sadi. Inflatsiya o‘sgandan keyin investitsiyalar, uy-joy qurish kamayadi, demakki bizning vatandoshlarga ish o‘rni kamayadi.
Har doim shunday keskin o‘zgarishlar bo‘lganda, 2008–2014 yillarni olsak, ko‘pgina vatandoshlarimiz ish topa olmay, O‘zbekistonga qaytib kelishga majbur bo‘lgan. Vatandoshlar yuboradigan pullar hajmi sezilarli kamaygan. Ya’ni biz uchun birinchi ta’sir doirasi Rossiyada, ikkinchisi Qozog‘istonda.
Tartibsizliklar davom etib, qozoq tengesining almashinuv kursi keskin tushib ketsa, Qozog‘istonda siyosiy krizis bilan birga iqtisodiy tanglik ham boshlanadi. Bunday sharoitda iqtisodiy jarayonlar ilgarigidek davom etmaydi, ularda risklar ko‘payadi. Transport korxonalari Xitoy tovarlarini Qozog‘istonning Xorgos shahri orqali olib kelar edi, bu asosiy kanal. Milliardlab Xitoy mahsulotlari Xorgos orqali bizga kirib kelayotgan edi. Bugungi kunda Xitoyning o‘zida kovid tufayli notinchlik bo‘lib turgandi, Xitoy faqat Yevropaga ketayotgan yuklarni birinchi navbatda o‘tkazib, Rossiya va boshqa mamlakatlarga ketadigan yuklarni orqaga tashlab tashqi iqtisodiy aloqalarimizni susaytirgandi. Endi buning ustiga Qozog‘istondagi notinchlik ham kelib qo‘shiladi.
Bugungi kunda Qozog‘istonda yarim millionga yaqin vatandoshimiz mehnat qiladi, ular ham O‘zbekistonga o‘z jamg‘armalarini yuborib turgandi, bu jamg‘armalar ham kamayadi. Tartibsizliklar davom etsa, ularning ko‘pchiligi ish topa olmay, bu sharoitda qaytishga majbur bo‘lishi mumkin. Biz tabiiyki qaytib kelayotgan ishchilarga qisqa vaqt ichida ish o‘rinlarini yarata olmaymiz.
Keyingi navbatda neft va neft mahsulotlari importi bilan bo‘lgan sharoit biz uchun yomonlashishi mumkin.
Katta iqtisodiy hamkor deb qaralgan mamlakatda notinchlik bo‘lishi, savdo transporti harakatlariga tahdid bizning iqtisodiyotimizga bilvosita salbiy ta’sir o‘tkazadi.