To‘xtash ishorasiga bo‘ysunmagan Gentra, to‘polon ko‘targan ayollar, 3 sutkalik qamoq – navbatdagi tungi reyd tafsilotlari

Jamiyat 20:25 / 29.12.2021 37360

Toshkent shahrida “Xavfsiz poytaxt” konsepsiyasi asosida o‘tkazilgan tungi reyd davomida  Gentra haydovchici inspektorning to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmay, qochib ketishga uringan. Ushbu voqea aks etgan videoda avtomobil majburiy tartibda to‘xtatilgandan keyin ham ruldagi ayol YPX xodimlarining qonuniy talabini bajarishdan bosh tortgani, natijada voqea joyiga yordamchi kuchlar chaqirtirilgani tasvirlangan.

UzReport telekanalining “No Comment” dasturida e’lon qilingan videotasvirlarda Gentra majburiy to‘xtatilgandan so‘ng haydovchi mashinasi jarima maydoniga joylashtirilishiga faol qarshilik qilgani, ayolga hamrohlik qilib kelayotgan opasi va qarindoshlik aloqalari ochiqlanmagan erkak jarayonga aralashgani, ikki ayol ko‘chani boshiga ko‘tarib, baqir-chaqir qilganini ko‘rish mumkin. Shuningdek, dastur davomida haydovchining yonida o‘tirgan erkak mashinadan tushib, jarayonni tasvirga olayotgan operatorning faoliyatiga qarshilik qilmoqchi bo‘lganida, ichki ishlar xodimlari uni to‘xtatib qolgani ham ko‘rinadi.

Bundan tashqari, reyd davomida haydovchi va uning hamrohlari chaqiruvlariga binoan fuqaro kiyimidagi noma’lum erkaklar kelib, YPX xodimlari bilan muzokara qilishga, qandaydir hujjatlarini pesh qilib, haydovchiga chora ko‘rmaslik, majburan to‘xtatilgan avtomobilni jarima maydoniga joylashtirmaslikni so‘ragan. Videoda ichki ishlar xodimlarining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilgan ushbu shaxslar maxsus xizmat xodimlari tomonidan olib ketilganini ko‘rish mumkin.

Haydovchi ayol va uning opasi YPX xodimlarining hech bir talabiga itoat qilmagach, uzoq muzokaralardan so‘ng ular shu hududga mas’ul profilaktika inspektorining xizmat xonasiga borgan, biroq u yerda ham ish “pishmagach”, tuman ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan. Videoda butun idorani boshlariga ko‘targan ayollarning spirtli ichimlik ta’sirida yoki hushyor holda bo‘lganiga aniqlik kiritilmagan.

Dastur yakunida Gentra haydovchici va uning sheriklari to‘polon ko‘tarib, suvdan quruq chiqib keta olmagani, mojaroli vaziyatga aralashgan barcha fuqarolarga sodir etgan ma’muriy huquqbuzarliklari uchun sud tomonidan 3 sutkalik ma’muriy qamoq jazosi tayinlangani namoyish etiladi. Shu bilan birga, voqeaning bosh qahramonlari qilmishlari uchun uzr so‘rashadi.

Avvalroq, poytaxtda o‘tkazilgan maxsus reyd davomida 16 yashar piyoda, ham ayol haydovchi YTH qurboni bo‘lgani, sirena o‘rnatilgan Equinox, hujjatsiz va mast haydovchilar aniqlangani, ikki Mercedes mashinasi haydovchilari esa inspektorning to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmay, qochib ketishga uringani xabar qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: