MFactor loyihasida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professori Nishonboy Sirojiddinov bilan «Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirishning tahdidlari va imkoniyatlar» mavzusida ovozli suhbat tashkil qilindi. Unda mutaxassis tashkilotga a’zolikning O‘zbekiston uchun foydali va zararli oqibatlari haqida to‘xtalib o‘tdi.
— YeOII a’zolik yangi imkoniyatlarmi yoki tahdid?
— Hukumat ushbu ikki jihatni taqqoslab, optimal yo‘lni tanlashi kerak.
Xo‘sh, YeOIIga a’zolik O‘zbekiston uchun qanday yangi imkoniyatlarni taqdim qilishi mumkin:
Birinchidan, bu tashqi iqtisodiy aloqalarga ta’sir o‘tkazadi. O‘zbekistondagi juda ko‘p sohalarda proteksionizm darajasi YeOIIga nisbatan yuqori. Ko‘p tovarlarning import bojlari, texnik to‘siqlar, milliy mahsulotlarga imtiyozlar taqdim etish darajasi kabi omillarni bunga misol sifatida ko‘rsatish mumkin.
Ya’ni bizda import proteksionizmining darajasi ancha baland. Tashkilotga a’zo bo‘lishning birinchi sharti, uchinchi mamlakatlarga nisbatan yagona import tarifi o‘rnatishdir. Bu esa O‘zbekistonda hozir amalda bo‘lgan import bojini umumiy ko‘rinishda ikki barobarga kamaytiradi.
Buning ijobiy tomoni salbiy oqibatlariga nisbatan ko‘proq. Chetdan olib kirilayotgan xomashyo narxi qancha arzon bo‘lsa, mamlakat ichida ishlab chiqarilgan tayyor mahsulot narxi ham shuncha past bo‘ladi. Raqobatbardoshlik oshadi. Bu dastlabki davrda milliy ishlab chiqarishga salbiy ta’sir o‘tkazsa-da, uzoq muddatli istiqbolda raqobat muhitini vujudga keltirishda ijobiy omil hisoblanadi.
Umuman olganda, biror iqtisodiy tashkilotga qo‘shilishda uning oqibatlari ikki jihatdan tahlil qilinishi kerak. Hozirda o‘tkazilayotgan tadqiqotlarning aksariyati qisqa muddatli davrdagi a’zolikning ijobiy va salbiy jihatlarini aniqlashga qaratilgan. Lekin davlat uchun eng muhim jihat, uzoq muddatli davrda a’zolikning iqtisodiyotga qanday ta’sir qilishi mumkinligini tahlil qilib chiqish va aniqlash hisoblanadi.
Qisqa muddatli davrda ma’lum mahsulotlar narxi oshadi, ma’lum mahsulotlar narxi esa arzonlashadi. Bu ko‘proq strukturaviy o‘zgarishlar bilan bog‘liq.
Shu bilan birga, uzoq muddatli davrni tahlil qilish juda ham qiyin. O‘n yoki o‘n besh yildan keyin O‘zbekistonning tashqi savdo aloqalari qanday bo‘lishini aniq bilmaymiz. Hozirda YeOII bizga nisbatan erkinroq savdo munosabatlarini yo‘lga qo‘ygan. Ammo bu qachongacha va qanday ko‘rinishda davom etishi noma’lum. Besh yildan keyin O‘zbekistonda tashkilotga nisbatan ham erkinroq tashqi savdo tariflarini joriy qilish istagi yuzaga kelishi mumkin. Bu tarafdan a’zolik zarar hisoblanadi.
Bir jihatga e’tibor qaratishimiz kerak, YeOII boshqa mintaqaviy integratsion tashkilotlar, xususan Yevropa Ittifoqi yoki Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlari iqtisodiy tashkilotidagi kabi idealdagi erkin tashqi savdo munosabatlarini taklif qilgani yo‘q, ya’ni tashkilot doirasida proteksionizm kuchli darajada va bu ishlab chiqarishning samaradorligiga ta’sir qiluvchi asosiy vosita hisoblanadi. O‘zbekiston tashkilotga kirdi degani o‘zining tashqi savdo siyosatidagi mustaqilligidan voz kechganini anglatadi.
YeOIIga kirganimiz zahoti barcha qoidalarni qabul qilamiz. Bu tashkilotdagi hozirda biz uchun ijobiy hisoblanadigan standartlarni joriy qilish bilan birga, keyingi davrda tashqi savdoni yanada liberallashtirish imkoniyatlaridan ham mahrum qiladi. Natijada qachon tashkilot doirasidagina o‘zgarish bo‘lsa, uni amaliyotga tatbiq qilishimiz mumkin bo‘lib qoladi.
Ko‘pchilik tashkilotga a’zo bo‘lish migrantlar uchun yaxshi bo‘lishini aytmoqda. Ha, qisqa muddatli davrda bu ijobiy samara beradi. Ammo umumiy O‘zbekistonning rivojlanishiga ta’siri noaniq.
Mamlakatning tashkilotda kuzatuvchi maqomida bo‘lishi – bugungi kun uchun optimal yechim deb o‘ylayman. Shu davr oralig‘ida barcha ijobiy va salbiy tomonlarini tahlil qilib chiqa olamiz. Hozirgi kunda Rossiya bilan G‘arb mamlakatlari o‘rtasida ziddiyatlar ortib bormoqda. Turli sanksiyalar sabab Rossiya va tashkilot mamlakatlarida iqtisodiy ahvol yomonlashsa, bu bizdagi iqtisodiy vaziyatga ham ta’sir o‘tkazmay qolmaydi. Hozir ham qaysidir ma’noda Rossiya bilan iqtisodiyotimiz bog‘liq, a’zolik esa uni yanada kuchaytiradi. Shu sabab a’zolikdan oldin uzoq muddatli davr uchun iqtisodiy oqibatlarni tahlil qilish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
— Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi yoki Jahon savdo tashkiloti?
— O‘zbekiston suveren mustaqil davlat va tashkilotlarga a’zo bo‘lishi yoki bo‘lmasligini o‘zi hal qiladi. Albatta, bosim bo‘ladi, bunga hech qanday shubha bo‘lishi mumkin ham emas. Oxirgi yillarda Rossiyada YeOIIga a’zo bo‘lmagan mamlakatlardan keladigan ishchi kuchiga nisbatan cheklovlar va taqiqlar ko‘payib boryapti. Ko‘p sohalarda uchinchi davlatdan borgan migrantlarning ishlashi mumkin emas. YeOIIga a’zo bo‘lgan mamlakatlardan borganlar uchun esa bunaqa cheklovlar yo‘q. Bu tashkilotga a’zo bo‘lishga undovchi bosimlardan biri.
Albatta, G‘arb davlatlari O‘zbekistonning bu integratsion tashkilotga kirishiga qarshi va buni yashirayotgani ham yo‘q. Ikki yil oldin AQSh tashqi savdo vaziri O‘zbekiston YeOIIga kirsa, bu uning Jahon savdo tashkilotiga a’zoligini judayam kechiktirib yuborishi yoki umuman a’zolikka qabul qilinmasligi haqida aytgandi. G‘arb davlatlari JSTga kirishimizni ko‘proq xohlashadi. Yana bir bor eslataman, qaysi tashkilotga kirishini, avvalo, O‘zbekistonning o‘zi hal qiladi.
Nazariy jihatdan qaraydigan bo‘lsak, har ikki tashkilotga a’zo bo‘lish bir-birini inkor etmaydi. Chunki YeOII davlatlarining 4tasi bevosita JSTga a’zo. Lekin qaysi ketma-ketlikda kirish O‘zbekiston uchun juda muhim masala deb hisoblayman. Mening fikrimcha, agar JSTga kirmasdan, birinchi YeOIIga kiradigan bo‘lsak, O‘zbekiston ancha narsa yutqazishi mumkin.
Birinchidan, YeOIIga kirsak, tashqi savdo bo‘yicha tashkilot qoidalarini to‘liq qabul qilamiz. Unda JSTga kirish uchun olib borayotgan muzokaralar mantiqsiz bo‘lib qoladi. Chunki o‘zimiz tashqi savdo siyosatimizni mustaqil belgilashdan voz kechib bo‘lgan bo‘lamiz. Masalan, tekstil mahsulotlari uchun bojni 15 foiz qilib o‘rnatmoqchimiz. Bu YeOIIda 10 foiz qilib belgilangan. Biz mustaqil 5 foizga bojlarni oshira olmaymiz. Shu bilan birga, bojni 5 foizga tushirmoqchimiz, ammo buniyam mustaqil hal qila olmaymiz.
Ikkinchi masala, xo‘p, YeOIIga a’zo ham bo‘ldik, deylik. Ma’lumki, bir qancha mamlakatlar, xususan Turkiya, Janubiy Koreya, Singapur bilan erkin savdo hududini vujudga keltirish bo‘yicha muzokaralar olib boryapmiz. Agar biz YeOIIga kirsak, alohida mamlakatlar bilan erkin savdo hududini vujudga keltirishga haqqimiz bo‘lmaydi. Tashkilotda shunaqa talablar bor. Qoidasi bo‘yicha mamlakat erkin iqtisodiy hudud tashkil qilmoqchi bo‘lsa, boshqa umumiy boj to‘lovi o‘rnatiladigan integratsion tashkilotlarga kirmasligi kerak.
Ushbu masalada Ukraina bilan muammo paydo bo‘lgandi. Ukraina Yevropa Ittifoqi bilan erkin savdo hududi tuzishni xohladi, bu Yevropa davlatlarida ishlab chiqarilgan mahsulotlar Ukraina orqali YeOIIga a’zo mamlakatlar hududiga bojsiz tarqalishini anglatardi. Vaziyat alaloqibat Rossiya bilan hozirgacha davom etayotgan nizoli holatni yuzaga keltirdi.
Uchinchi masala, birinchi JSTga kiradigan bo‘lsak, tashkilotga a’zo mamlakatlar bilan kelishgan holda, o‘z manfaatlarimizdan kelib chiqib, tashqi savdo bojlarini belgilaymiz. Masalan, bizda samolyot import qilishga boj o‘rnatishdan hech qanday manfaat yo‘q, chunki samolyot ishlab chiqarmaymiz. YeOIIda esa samolyot importiga 15 foiz boj mavjud, sababi Rossiyada samolyot ishlab chiqariladi. Agar avval JSTga kirib, tashkilot bilan kelishib olsak, keyinchalik YeOIIga kirganimizda ham ayrim mahsulotlar uchun past boj to‘lovlarini saqlab qolishga asosimiz bo‘ladi.
Qancha tayyor mahsulot ishlab chiqarishimiz uchun import xomashyo tovarlariga boj kam bo‘lsa, tannarx arzonligi jihatdan tadbirkorlarimiz shunchalik raqobatbardosh bo‘ladi, xarajatlari kamayadi. Shu sababli, iqtisodiy rivojlanishimiz uchun muhim bo‘lgan, asosan import qilinuvchi mahsulotlarga past bojni o‘rnatib olishimiz kerak.
Qozog‘iston shunaqa qilgan. Taxminan 3400 turdagi tovarlarni olib kirish bojlari, YeOIIdagi standartlarga nisbatan pastroq. Asos sifatida JST doirasidagi majburiyatlarini ko‘rsatishgan. Biz ham mahalliy ishlab chiqaruvchilar manfaatini hisobga olgan holda, ba’zi import mahsulotlariga past boj to‘lovlarini o‘rnatib, keyinchalik YeOIIga kirsak to‘g‘riroq bo‘ladi.