2021 yilning 1 yanvaridan 20 dekabrigacha bo‘lgan davrda O‘zbekistonga kartoshka importi hajmi 516,2 ming tonnani tashkil etdi. Bu butun 2020 yildagi importga nisbatan 23 foiz yuqori ko‘rsatkichdir.
Avvalgi rekord o‘tgan yili qayd etilgan edi: EastFruit tahlilchilarining ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda O‘zbekistonga kartoshka importi 421 ming tonnani tashkil etgan. Bu, o‘z navbatida, 2019 yilga nisbatan qariyb bir yarim baravar ko‘p miqdordir. Kartoshka so‘nggi bir necha yil ichida O‘zbekiston meva-sabzavot sektoridagi asosiy import mahsulotiga aylangan. 2016 yilga qadar kartoshkaning yillik import hajmi yiliga 50 ming tonnadan oshmagan bo‘lsa, 2017 yilda bu mahsulot importi 194 ming tonnani tashkil etgan. 2017 yildan 2021 yilga qadar import hajmi 2,7 barobar oshgan.
2021 yil yakuniga ko‘ra O‘zbekiston eng yirik kartoshka importyorlari reytingida kuchli beshtalikka (Belgiya, Gollandiya, Germaniya va Italiyadan ortda qolgan holda) kirishi mumkin. Bundan tashqari, iste’mol importi bo‘yicha respublika yuqoridagi mamlakatlarni ortda qoldirib, jahonda birinchi o‘rinni egallashi kutilmoqda. Sababi O‘zbekistondan oldingi o‘rinlarda turuvchi mamlakatlar kartoshkaning ko‘p qismini qayta ishlash ehtiyojlari uchun import qiladi va tayyor mahsulot – muzlatilgan kartoshka frisi hamda boshqa kartoshka mahsulotlari ko‘rinishida qayta eksport qiladi.
Kelgusi yili kartoshka importi hajmini qisqartirish maqsadida O‘zbekistonda 122 ming gektar maydonga kartoshka ekish rejalashtirilmoqda, bu 2021 yilga nisbatan 40 foizga ko‘pdir.