Investitsiyalarni o‘zlashtirish uchun qaysi davlatlardan qancha qarz olingani ma’lum qilindi

Iqtisodiyot 14:48 / 25.12.2021 17466

Joriy yilning 11 oyida investitsiyalarni o‘zlashtirish uchun xorijdan 1 mlrd 910 mln dollar jalb qilingan.

Bu haqda 25 dekabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bosh boshqarmasi boshlig‘i Inomjon Abdurahmonov ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yanvar–noyabrda 9 mlrd 229 mln dollar xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilgan. Bundan:

  • to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar 7 mlrd 318 mln dollar (prognozga nisbatan 115 foiz);
  • xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablag‘lari 1 mlrd 910 mln dollarni tashkil qildi.

Qaysi davlatlar va xorijiy moliya institutlaridan mablag‘lar jalb qilingan?

Inomjon Abdurahmonovning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablag‘larining asosiy qismi:

  • Osiyo taraqqiyot banki (jami hajmga nisbatan 25 foiz yoki 471 mln dollar);
  • Jahon banki (20 foiz yoki 382 mln dollar);
  • Xitoy (16 foiz yoki 300 mln dollar);
  • Islom taraqqiyot banki (5,2 foiz yoki 99 mln dollar)
  • Yaponiya (3,9 foiz yoki 75 mln dollar) davlatlarining moliya institutlari hissasiga to‘g‘ri keldi.

Ushbu mablag‘lar nimaga sarflangan?

Xalqaro moliya tashkilotlari va davlatlarning mablag‘lari:

  • Transport (24 foiz yoki 466 mln dollar);
  • Energetika (21 foiz yoki 404 mln dollar);
  • Qishloq va suv xo‘jaligi (17 foiz yoki 328 mln dollar);
  • Sog‘liqni saqlash (7,5 foiz yoki 143 mln dollar);
  • Kommunal xo‘jalik (7,2 foiz yoki 138 mln dollar);
  • Qishloq joylarida uy-joy qurilishi (6,3 foiz yoki 121 mln dollar) sohalariga yo‘naltirildi.

Avvalroq 2022 yil uchun jalb qilinadigan tashqi va ichki qarz limiti 4,5 mlrd dollar etib belgilangani xabar qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: