Oxirgi kunlarda dollar kursi so‘mga nisbatan keskin o‘sishda davom etmoqda. Xususan 7 dekabr kuni 1 AQSh dollari 10 ming 769 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 23 dekabr holatiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 10 ming 848 so‘mga yetdi.
Shunday bo‘lsa-da, 2021 yil so‘m uchun eng barqaror yillardan biri bo‘lib qolmoqda. Joriy yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, 1 dollar 10 476 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 1 aprel holatiga ko‘ra, 10 474 so‘mni, 1 iyun holatiga ko‘ra, 10 580 so‘mni, 1 oktabr holatiga ko‘ra esa, 10 691 so‘mni tashkil etgan. 23 dekabr holatiga, yil boshidan beri so‘m dollarga nisbatan 3,55 foizga qadrini yo‘qotgan.
Iqtisodchi Otabek Bakirovga ko‘ra, joriy yildagi so‘mning nisbatan barqarorligi asosan tashqi omillar bilan bog‘liq.
«So‘m barqarorligini saqlagan tashqi omillar qatoriga, eng avvalo, asosiy savdo hamkorlarimiz Rossiya, Xitoy va Qozog‘iston valutalarining nisbiy barqarorligini qo‘shish mumkin.
Tugashiga bir necha kun qolgan 2021 yil davomida dollar kursi rublga nisbatan, garchi yil davomida ko‘p volatillikka uchragan bo‘lsa-da, yil oxirida yana yil boshidagi kursga qaytgani, tenge 3,8 foiz atrofida qadrsizlangani, yuan esa 2,5 foizga mustahkamlanganini ko‘rish mumkin. Ya’ni tashqi savdo hamkorlarimiz valutalarining ta’siri neytral darajada turdi. Turk lirasi garchi yil davomida 97 foizga (15 dekabr holatiga ko‘ra) qadrini yo‘qotgan bo‘lsa-da, Turkiya bilan savdoda salbiy saldoga ega bo‘lmaganimiz vaziyatni yumshatmoqda.
Ikkinchi tashqi omil barcha yirik mamlakatlar markaziy banklari 2021 yilda yumshoq pul-kredit shartlarini saqlab qolgani bo‘ldi. Agar vaziyat teskarisi bo‘lganida buning bosimini sezgan bo‘lardik (2022 yilda seza boshlaymiz). Uchinchi omil rasmiy raqamlarda tiklanayotgan eksport, kutilganidan tezroq o‘sayotgan pul o‘tkazmalari to‘lov balansimizni barqaror holda saqlashga imkon bermoqda. Yana bir omil valuta kursiga ta’sir qiluvchi pul-kredit kanallarining qizib ketishiga yo‘l qo‘yilmayotgani, dollarlashuvga qarshi samarali harakatlar boshlangani bilan ham bog‘liq.
Nima bo‘lganda ham, 2021 yildagi choralar va vositalar yaxshi ishladi va so‘m kursi o‘zining nisbiy barqarorligini saqlab qoldi. Lekin oldinda juda murakkab 2022 yil turganini inobatga olmaslik mumkin emas», — deydi u.
So‘nggi 10 yil davomida dollarning so‘mga nisbatan kursi qanday shakllandi?
Markaziy bankning 2010–2020 yillar uchun to‘lov balansi va tashqi qarz haqida tayyorlangan hisobotida qayd etilishicha, 2010 yilda 1 dollarning yil davomidagi o‘rtacha qiymati 1586,5 so‘mga teng bo‘lgan bo‘lsa, 2020 yilga kelib 1 dollarning yillik o‘rtacha qiymati 10 ming 55 so‘mni tashkil qilgan.
O‘zbekistonda 2017 yildan valutani erkin konvertatsiya qilish tadbirlari boshlangandan keyin dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi keskin oshgan. Taqqoslash uchun, 2016 yilda 1 dollarning so‘mga nisbatan o‘rtacha rasmiy qiymati 2 965,7 so‘mga, 2017 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra esa, 3239,6 so‘mga teng bo‘lgan. Ammo banklardan valuta sotib olishning deyarli imkoniyati mavjud emasdi. Qora bozorda esa banklarga nisbatan dollar kursi ancha baland bo‘lgan.
«Valuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birlamchi chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2017 yilning 2 sentyabrida prezident farmoni qabul qilingan va 4210,35 so‘m kurs dastlabki kurs bo‘lishi belgilangan. 2017 yil oxiriga kelib, 1 dollarning qiymati – 8 120,7 so‘mga yetadi. Valuta konvertatsiyasini liberallashtirish siyosati tufayli 2017 yilda dollar kursi 50 foizga devalvatsiya qilindi.
Ma’lumot uchun, 2017 yildagi prezident farmoniga qadar O‘zbekistonda qisman (cheklangan) konvertatsiya mavjud bo‘lgan. Xorijiy valutani xarid qilish jismoniy shaxslar uchun alohida tartibga ko‘ra (2 ming dollargacha turistik maqsadlar uchun, undan ortiq miqdor esa davolanish hamda o‘qish xarajatlari uchun taqdim qilingan va xalqaro plastik kartaga o‘tkazib berilgan) va yuridik shaxslar uchun alohida tartibga ko‘ra, (birjaga beriladigan talabnomaga asosan navbatma-navbat banklarning mavjud imkoniyatiga ko‘ra, davlat kursida konvertatsiya qilib berilgan. Biroq ushbu navbatlarning ayrimlari 1 oydan 1 yilgacha, ayrim hollarda esa bir necha yilgacha navbat kutish holatlari kuzatilgan) amalga oshirilgan. Xorijiy valutani milliy valutaga davlat kursida almashtirishga esa hech qanday cheklovlar bo‘lmagan.
2018 yil yakunlari bo‘yicha esa 1 dollar 8339,5 so‘mni tashkil qilib, dollarning so‘mga nisbatan qiymati yil davomida 2,8 foiz oshgan.
Mos ravishda, 2019 yilda (yil yakunlari bo‘yicha 1 dollar 9507 so‘mni tashkil etgan) dollarning ustunligi 12,3 foizga, 2020 yilda esa (yil yakunlari bo‘yicha 1 dollarning qiymati 10476 so‘m bo‘lgan) esa 9,3 foizga ko‘paygan.
Umuman, 2017 yilning 5 sentyabrida (valuta konvertatsiyasini liberallashtirish siyosatidan keyingi kurs) 1 dollar 8100 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning 23 dekabr holatida bu qiymat 10848 so‘mga yetgan. O‘tgan davr mobaynida dollarning ustunligi 25,4 foizga oshgan.
Ma’lumot uchun, 1994 yil 1 iyulda so‘m banknotalari ilk marta muomalaga chiqarilgan edi va valuta birjasida 1 AQSh dollarining qiymati roppa-rosa 7 so‘m bo‘lgan. O‘tgan davr mobaynida dollarning so‘mga nisbatan ustunligi 1550 barobar oshgan.
2022 yil uchun kutilmalar qanday?
Markaziy bank boshqaruv kengashining joriy yil hisobidan o‘tkazilgan oxirgi yig‘ilishida milliy valuta almashuv kursi keskin tebranishlarining oldini olish bo‘yicha yetarli darajada imkoniyatlar mavjudligi ma’lum qilingandi.
«Ichki valuta bozoridagi vaziyat, so‘mning real samarali almashuv kursi dinamikasi va unga nisbatan yuqori bosimning mavjud emasligi, Markaziy bankning milliy valuta almashuv kursi keskin tebranishlarining oldini olish bo‘yicha yetarli imkoniyatlarga ega ekanligi kelgusi oylarda yuqori devalvatsion kutilmalarga asos mavjud emasligini anglatadi», — deyiladi bayonotda.
Shuningdek, «2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonunda keyingi yilda 1 AQSh dollarining o‘rtacha yillik summasi – 11 321 so‘m atrofida shakllanishi prognoz qilingan.