Islomobodda Islom hamkorlik tashkilotining sammiti doirasida O‘zbekiston Transport vaziri Ilhom Mahkamov va Tolibon Tashqi ishlar vaziri v.b. Amir Xon Muttaqiy o‘rtasida uchrashuv o‘tkazilgan. Unda O‘zbekiston tomoni 2022 yilning bahorida «Termiz–Mozori Sharif–Kobul–Peshovar» temir yo‘li qurilishini boshlash va texnik ishlar uchun bir qancha afg‘onistonlik kadrlarni tayyorlash majburiyatini olgan. Bu haqda The News International nashri xabar bermoqda.
Transafg‘on temir yo‘lining uzunligi taxminan 573 kmni tashkil qiladi. Loyiha 4,8 milliard dollarga baholangan. Ushbu temir yo‘l Janubiy Osiyo davlatlarini Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan bog‘lashi ko‘zda tutilgan.
«Bu katta loyiha. Unda har bir davlat o‘z rolini o‘ynaydi. Har bir davlatning qurilish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha o‘z o‘rni bor va mablag‘ ajratadi. Texnik masalalar hali tugallanmagan. Tez orada bizning delegatsiya bu ishlarni muhokama qilish uchun O‘zbekistonga tashrif buyuradi», — degan «Tolibon» hukumati moliya vaziri matbuot kotibi Ahmad Voil Haqmal.
Ma’lumot uchun, 2 fevral kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston o‘rtasida «Mozori Sharif–Kobul–Peshovar» temir yo‘lini qurish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi («Yo‘l xaritasi») qabul qilingandi.
Ekspertlarning taxminlariga ko‘ra, yangi temir yo‘lning qurilishi O‘zbekistondan Pokistonga yuklarni tashish vaqtini 30-35 kundan 10-15 kungacha qisqartiradi. Shuningdek, transport xarajatlarini Rossiya va Pokiston o‘rtasida 15-20 foizga, Markaziy Osiyo va Pokiston davlatlari o‘rtasida esa 30-35 foizga kamaytirishi mumkin.
Shu bilan birga, Xalqaro moliya institutlari «Mozori Sharif–Kobul–Peshovar» temir yo‘li qurilishi loyihasini chuqur iqtisodiy-ilmiy tahlil qilish kerakligini ta’kidlagan. Bu temir yo‘l yo‘nalishining aksariyat qismi tog‘li hududlardan o‘tganligi bilan izohlanadi.
Avvalroq, joriy yilning 6-7 dekabr kunlari Toshkentda «Termiz–Mozori Sharif–Kobul–Peshovar» temir yo‘li liniyasini loyihalash va qurish bo‘yicha transport vazirliklari rahbarlari ishtirokida uch tomonlama (O‘zbekiston, Afg‘oniston, Pokiston) va ko‘p tomonlama (O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Afg‘oniston, Pokiston) muzokaralar bo‘lib o‘tgani xabar qilingandi.