Senat yalpi majlisida Tanzila Norboyeva moliya vaziri Timur Ishmetovdan hokim yordamchilarining avvalgi yuqori maoshlarini saqlab qolish masalasi haqida so‘radi.
Moliya vaziri bu narsa davlat budjetida nazarda tutilganini tasdiqlab, agarda hokim yordamchisi avval davlat budjetidan oylik olib kelgan bo‘lsa va avvalgi maoshi yangi lavoziminikidan past bo‘lsa, eski ish joyidagi maoshi saqlanib, yangisidan maosh olmasligini bildirdi.
Ma’lumot uchun, hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarori bilan hokim yordamchilarining maoshi miqdori belgilangan. Unga ko‘ra, mahalladagi xonadonlar soniga qarab 4 mln 932 ming so‘mdan 5 mln 754 ming so‘mgacha bo‘lgan maoshlar to‘lanadi.
Shuningdek, qarorda hokim yordamchilariga to‘lanadigan o‘rtacha oylik ish haqi miqdori nomzodning avvalgi ish joyidagidan kam bo‘lgan taqdirda yetishmagan qismi Hokim yordamchilari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan qoplab borilishi nazarda tutilgan.
Avvalroq, Kun.uz’da hokim yordamchilari lavozimiga moliya-iqtisodiyot sektorida ish tajribasiga ega bo‘lgan kasb egalari majburan o‘tkazilayotgani, ular olib kelgan yuqori maoshi kamayib ketishidan xavotirdaligi yoritilgandi.
Eslatib o‘tamiz, Senatning 22-yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasining 2022 yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonuni ma’qullandi.