Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi Manish Prabhat bilan uchrashdi.
Tomonlar O‘zbekiston bilan Hindiston o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risida hamda investitsiyalarni rag‘batlantirish va o‘zaro himoya qilish to‘g‘risida bitimni ishlab chiqishni tezlashtirish va ularni qisqa muddatlarda imzolash dolzarbligini ta’kidladi.
O‘zbekiston tomoni savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzish tashabbusini olqishladi. Yaqin vaqtda ishchi guruhning birinchi yig‘ilishini tashkil etish imkoniyati va uning kun tartibi bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Tomonlar 2022 yilning birinchi choragida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 13-yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish masalalarini muhokama qildi.
Alohida tartibda hududlararo hamkorlikni, xususan, O‘zbekistonning Andijon viloyati va Hindistonning Gujarot shtati o‘rtasida munosabatlarni faollashtirish chora-tadbirlari o‘rganildi.
Bundan tashqari, investitsiyaviy, savdo va madaniy-gumanitar sohalarda qo‘shma loyihalar va dasturlarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda, Farg‘ona viloyati va Xaryana, Buxoro va Haydarobod, Toshkent va Nyu-Dehli shaharlari o‘rtasida bevosita hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar Hindiston Eksimbanki tomonidan O‘zbekistonda infratuzilmaviy rivojlanish va ta’lim sohalarida ustuvor loyihalarni amalga oshirishni moliyalashtirish uchun 448 mln dollar miqdorida mablag‘lar ajratilishini olqishlab, ushbu loyihalarni amalga joriy etish borasida birgalikda ishlashga kelishib oldi.
Shuningdek, Hindistonning grant mablag‘larini jalb qilish hisobiga amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan IT, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida ijtimoiy yo‘naltirilgan yangi istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha ishlarni jadallashtirishga kelishildi.
Hindistonning O‘zbekistondagi elchixonasi va O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi o‘rtasida “Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazida yangi metrologik laboratoriyani tashkil qilish va jihozlash” hamda “O‘zbekistonning Sirdaryo viloyatidagi umumta’lim maktablarini kompyuter texnikasi bilan jihozlash” loyihalarini amalga oshirish uchun grant mablag‘larini ajratish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumlari imzolandi.