Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida quriladigan yangi transport yo‘laklari haqida ma'lumot berildi

Iqtisodiyot 17:41 / 09.12.2021 18641

Qozog‘istonga davlat tashrifi bilan borgan Shavkat Mirziyoyevning Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan uchrashuvida o‘zaro va uchinchi davlatlar bozorlariga chiqishni ta'minlaydigan yangi yo‘laklarni shakllantirish masalasi ham ko‘tarilgan edi.

O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti ma'lumotlariga ko‘ra, «Turkiston-Chimkent-Toshkent» yuqori tezlikda harakatlanishga mo‘ljallangan temir yo‘l loyihasi 2024 yilda ishga tushirilishi kutilmoqda. Ikki tarafdan 5 juft poyezdlar harakatlanganda taxminan yiliga 1,9 million yo‘lovchi tashiladi. Ushbu magistral O‘zbekiston va Qozog‘iston bog‘lovchi yagona sayyohlik yo‘nalishi sifatida tan olingan hamda ikki davlatning sayyohlik imkoniyatlarini oshirishga imkon beradi.

Uchrashuvda erishilgan yana bir kelishuv «Uchquduq-Qizilo‘rda» temir va avtomobil yo‘li ushbu hududlar o‘rtasidagi masofani 3-3,5 barobar qisqartirishi, kapital va ishchi kuchi aylanmasini oshirishi kutilmoqda. Shuningdek, ushbu transport koridori Markaziy Osiyo mamlakatlarini Qozog‘istonning markaziy va shimoliy qismlari orqali Rossiya bilan bog‘laydi.

Ma'lum qilinishicha, ikki davlat o‘rtasida temir yo‘l orqali yuk tashish hajmi yildan yilga oshib bormoqda. Xususan, 2020 yilda bu ko‘rsatkich 21 million tonnani tashkil qilgan.

Prezident huzuridagi «aql markazi»ning ma'lum qilishicha, umumiy maydoni 400 gektar bo‘lgan «Markaziy Osiyo» sanoat kooperatsiyasi xalqaro markazi qurilishi joriy yil aprelida boshlangan. Markazning ikki tarafdan kunlik o‘tkazish quvvati 35 ming kishi va 5 mingta yuk avtomobilini tashkil qiladi. Loyiha O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish uchun yirik sanoat va savdo-logistika platformasi bo‘lishi aytilmoqda.

  • Eslatib o‘tamiz, 5-6 dekabr kunlari prezident Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonga davlat tashrifini amalga oshirdi. Tashrif davomida Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolandi, 20dan ortiq turli shartnomalar tuzildi, ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasini 10 milliard dollarga yetkazish borasida kelishuvlarga erishildi.
Ko‘proq yangiliklar: