Belgilab olingan maqsadlarga ko‘ra, pullar yangi Yevropaning qadriyatlarini o‘zida aks ettirib, bitkoyn va onlayn to‘lovlar asrida qog‘oz pullarning umrini uzaytirib berishi kerak, deb yozadi BBC.
Yevropa Markaziy banki rahbari Kristin Lagardga ko‘ra, dizayni o‘zgartirilgan banknotlar «barcha yoshdagi zamonaviy yevropaliklar uchun yaqinroq bo‘lishi kerak».
Yevro joriy etilganidan so‘ng YeI qarz krizisiga duchor bo‘ldi, breksitdan so‘ng Buyuk Britaniyadan ayrildi, avvaliga qochqinlar uchun chegaralarni ochdi, so‘ng esa mahkam qilib yopdi. Sayyoramizdagi eng yirik siyosiy ittifoqda yangi o‘zlikni axtarish uning a'zolari o‘rtasida bo‘linish hosil qilmoqda va Yevropa qadriyatlari borasida qizg‘in munozaralarni o‘rtaga chiqarmoqda. Qadriyatlar esa oltitagina: inson qadri, erkinlik, demokratiya, tenglik, qonun ustuvorligi va inson huquqi.
Hozirgi yevro yaqindagina yangilangan edi, biroq uning dizayni qariyb o‘zgartirilmadi. Faqat 500 yevrolik qog‘oz puldan voz kechildi, xaritada yevrohududga kirgan Malta va Kipr paydo bo‘ldi. Qolgani esa xuddi avvalgidek qoldirildi — oddiy, shaffof, hech kimni xafa qilib qo‘ymaslik uchun simvolizmlardan yiroq.
Hozir banknotlarda derazalar, eshiklar va ko‘priklar — ochiqlik va hamkorlik kabi Yevropa ruhiyati simvollari tasvirlangan. Boz ustiga, bular Yevropa arxitekturasining qandaydir muayyan yodgorliklari emas, turli davrlar: klassitsizm, gotika va barokkodan sxematik misollardir.
Yangi kupyuralarda nimalar tasvirlanishi 2024 yilda aniq bo‘ladi.
Reja esa quyidagicha. Avvaliga YeMB yevrohudud davlatlarida fokus guruhlar o‘tkazib, yangi dizayn uchun mavzularning taxminiy ro‘yxatini tuzadi. Shundan so‘ng ekspertlar guruhi (har bir davlatdan bitta) short-list tuzadi, YeMB esa aholidan tanlangan mavzular bo‘yicha takliflar jo‘natishni so‘raydi. Bundan so‘ng grafik yechimlar tanlovi o‘tkaziladi va uning natijalari yana omma muhokamasiga qo‘yiladi. So‘nggi so‘zni baribir YeMB aytadi.
Banknotlarni yangilash qarori taxmin qilinganidek, ijtimoiy tarmoqlarni qizitib yubordi. Dushanba kuni ertalab bo‘lishiga qaramasdan zukkolik olimpiadasi to‘liq kuch bilan boshlanib ketdi, Yevropa o‘zligi uchun madaniyat tortishuvlari yangicha kuch bilan qaytaladi.
Naqd yevroning umrini cho‘zish
Yevroning yigirma yil yashashi — bu shak-shubhasiz muvaffaqiyat tarixi, lekin u yorqin kelajakni va'da qilolmaydi.
20 yil ichida yevrohudud birorta a'zosidan ayrilgani yo‘q, aksincha, a'zolari sonini 11dan 19tagacha ko‘paytirib oldi va dollarning jahon zaxira valutasi sifatidagi monopolligiga nuqta qo‘yib, sayyoraning eng yirik iqtisodiyoti — AQShga qarshi chiqdi.
Yevrohududga a'zo 19ta davlatda 340 million odam yashaydi, bu esa AQShdagidan ko‘proq. Yevroga yana bir necha davlat valutalari bog‘langan, u yarim milliarddan ortiq insonning hayotida hamda Yevropaning kelgusidagi integratsiyalashuvida asosiy rol o‘ynaydi. Yevropa Ittifoqidagi 27 davlatning barchasi qachonlardir yevroga o‘tishi shart, faqat Daniyadan tashqari, lekin uning kronasi ham yagona Yevropa puliga bog‘langan.
Biroq, o‘tgan vaqt ichida markaziy banklarning to‘lov vositalari emissiyasi monopoliyasiga yangi tahdid bo‘ldi — kriptovalutalar. YeMBning bitkoynga kontrhujumi va uning bu boradagi asosiy quroli — raqamli yevro hozircha dastlabki rejalashtirish bosqichida.
Koronavirus pandemiyasi davrida yanada ommalashgan naqdsiz to‘lovlar avj olgan davrda pul belgilari dizaynini almashtirish taajjub bilan qarshi olinmoqda.
Biroq naqd pul hali uzoq vaqt to‘lov vositasi sifatida qolishiga YeMBning ishonchi komil, shuning uchun yangilanish va e'tibor talab qilmoqda. So‘rovnomalar va statistika ham buni tasdiqlab turibdi.
2019 yilda YeMB yevrohududning 19 davlatidan 17tasida to‘lov odatlari bo‘yicha keng qamrovli tadqiqot o‘tkazgan va yevropaliklar naqd puldan hali voz kechmasligiga ishonch hosil qilgan. Do‘konlarda va o‘zaro oldi-berdida yevropaliklarning 73 foizi naqd puldan foydalanar ekan, pul o‘tkazmalarida barcha to‘lovlarning 48 foizi naqd, 41 foizi kartalar orqali amalga oshiriladi.
Biroq vaziyat sekin-asta o‘zgarmoqda. Agar 2016 yilda so‘ralganlarning 32 foizi naqd pulni afzal ko‘rishini bildirgan bo‘lsa, 2019 yilga kelib bundaylar 27 foizni tashkil etgan, naqdsiz to‘lovlarni afzal biluvchilar ulushi esa 43 foizdan 49 foizga oshgan.
Biroq, yevropaliklar naqd puldan to‘liq voz kechishga hali tayyor emas, so‘ralganlarning 55 foizi naqd pul va tangalarsiz kelajakni tasavvur eta olmasligini bildirishgan.
«Pandemiya davrida naqdsiz to‘lovlar oshib borayotganiga qaramasdan, naqd valutaga talab omonat sifatidagi roli tufayli sezilarli tarzda oshgan. «Cash–2030» strategiyasi doirasida yaqin kelajakda, hattoki raqamli yevroning ehtimolli muomalaga kiritilishidan keyin ham naqd pullar to‘lov vositasi sifatida muomalada bo‘lishi uchun choralar qo‘llaymiz», — deya xabar bergan YeMB.