O‘qituvchilikdan tadbirkorlik va biznes boshqarishgacha - Mehrinisoxon Abdurazzoqova bilan biznesni jonlantirish haqida suhbat

Iqtisodiyot 18:50 / 07.12.2021 19541

Asli kasbi o‘qituvchi bo‘lgan Mehrinisoxon Abdurazzoqova 2004 yildan biznesga kirib kelgan. Dastlab ishlab chiqarish korxonasi, keyin xizmat ko‘rsatish va ulgurji savdo bilan shug‘ullangan. U suhbat avvalida biznes bilan shug‘ullanish jarayonida uni rivojlantirish uchun o‘qib-o‘rganish kerakligini tushunganini va bunga olib kelgan sabablarni so‘zlab berdi.

— Tadbirkorlik bilan shug‘ullanar ekanmiz, faoliyatimizni qaysidir ma'noda tahlil va taftish qilishga harakat qilardik. Masalan, muvaffaqiyatga erishganimizda yoki ishimiz orqaga ketganida qaysi xatti-harakatim bunga olib kelgani mohiyatiga yetib bormasdim. Bora-bora biznesni rivojlantirish uchun ham o‘qish kerak deb tushunganman.

Qahramonimiz 2016 yildan buyon biznes konsultant sifatida faoliyatini davom ettirib keladi.

Biznesda birinchi “tugma”

— Har bir ishga kirishishda unga kirish bosqichi bo‘ladi. Kishi biror kiyim kiyganda dastlabki tugmani noto‘g‘ri qadasa, keyingilari o‘z-o‘zidan to‘g‘ri bo‘lmaydi. Shu ma'noda biznesdagi birinchi “tugma” bu oddiy qilib aytganda — maqsad. Ilmiy atama bilan aytganda kompaniyaning strategiyasi ishlab chiqilishi kerak. Kompaniya nima maqsadda tashkil etilyapti, 5 yildan keyin qanday holatda bo‘ladi kabi masalalarni qo‘ya bilish kerak.

Agar biznesni kiyimdagi tugma qadashga qiyos qilinsa, demak, uning birinchi qadami — strategiyadir.

Bir vaqtlar yapon kompaniyalari 50 yillik strategik rejalar bilan ishlagan. Hozirgi tebranuvchan zamonda hatto yaponlar rejalarni 15 yilgacha qisqartirib kelishdi. Shundan kelib chiqib bizning kompaniyalarning 5 yillik rejalari ishlab chiqilgan bo‘lishi kerak. Agar bunday rejali ishlashga o‘rganmagan kompaniyalar bo‘lsa, hech bo‘lmaganda, 1 yillik strategiya asosida ishni yo‘lga qo‘yishi maqsadga muvofiq.

Harbiy strategiya qanday qilib biznes strategiyaga evrildi?

— Biznesda keng qo‘llanadigan strategiya, taktika so‘zlari harbiy sohadan kirib kelgan. Biznesda ham harbiy jarayonda bo‘lgani kabi bozorni o‘z mahsulotlari bilan egallash yoki hukmronlik qilish bo‘yicha kurashlar bo‘ladi. Hatto tarixda o‘tgan iqtidorli lashkarboshilarning strategiyalarini biznes bilan bog‘lab yozilgan kitoblar ham bor.

Biznes uchun kompetentlik

— Kompetentlik uchta tarkibiy qismdan iborat. Bular soha bo‘yicha bilim, tajriba va malaka. Mana shu uch xislatga ega inson biznesga kompetentlik hosil qiladi. Agar ulardan birortasi, deylik, bilim yetishmasa, bunday odam kompetent emas deb tushuniladi. Ko‘plab tadbirkorlarimiz o‘zlarida yetishmayotgan qismni olishlari kerakligini tushunib borishmoqda.

Bundan tashqari, kompaniyaning ham rivojlanish bosqichlari bo‘ladi va uni spiralsimon shaklda tasavvur qilsak, ta'sischi o‘z kuchi bilan ma'lum darajagacha ko‘tara oldi, endi bu yog‘iga o‘zining ham ko‘zi yetmayaptiki, yanada odimlashga, shunda biznes strategiya bo‘yicha mutaxassislarga murojaat qiladi.

Biznes trenerlar qanday tayyorlanadi?

— Ma'lumki, bozorda talabga qarab taklif shakllanadi. Bundan ko‘p yillar muqaddam Qozog‘istonda bo‘lganimda xuddi shunday holatga guvoh bo‘lganman, bizga esa endi kirib kelyapti. Lekin shu bilan birga hammaning so‘ziga ham ishonib ketaverish kerak emas. Hozircha O‘zbekistonda biznes trenerlar uchun trener degan sertifikat beradigan dargoh O‘zbekiston-Yaponiya markazi hisoblanadi. U yerda trenerlar tayyorlaydigan uchta bosqichdan iborat maxsus kurs bor. Biznes trenerlarga bormoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga maslahat avvalo o‘sha konsultantlar qanchalik bilim va malakaga ega ekanini aniqlab olish bo‘ladi.

Tajribali hamda katta bilim, malakaga ega konsultantlarning ma'ruzalarida ham turlicha yechim taklif qilinadi. Buni qanday izohlaysiz?

Biznes seminar va treninglarda qatnashgan tadbirkorlar egallagan bilimlarini faoliyatida qo‘llash yoki qo‘llamaslik o‘z zimmalarida qoladi. Chunki ularning mavjud holati faqatgina o‘zlariga ayon. Ammo qachonki o‘sha trener uning kompaniyasiga konsultant bo‘lib borib muammolarini aniqlagandan keyingina aniq yechim berishi mumkin. Seminarda esa individual sahnada ishlanmaydi. Shuning uchun olingan bilimlarni ko‘r-ko‘rona qo‘llashdan ehtiyot bo‘lish ham kerak.

***

Suhbat davomida tajribali tadbirkor va biznes konsultant Mehrinisoxon Abdurazzoqova nega g‘arb davlatlarida biznesga oid qo‘llanmalar ko‘pligi, har sutkada ingliz tilida biznesga oid 300 ta kitob nashrdan chiqishi haqida, shuningdek, transformatsiya qilmoqchi bo‘lgan tadbirkor ishni nimadan boshlashi kerakligi, o‘zgarishlar menejmenti haqida fikrlari bilan bo‘lishdi.

To‘liq suhbatni yuqoridagi video orqali tomosha qiling.

Ko‘rsatuv homiysi: IDEA

Ko‘rsatuv muallifi va boshlovchi – Abbos Rizkiyev.
Tasvirchi – Mirvohid Mirrahimov.

Ko‘proq yangiliklar: