Shu yilning 26 aprel kuni Bosh prokuraturaning 33 yashar xodimi Samir Rahmonov vafot etgan edi. Marhumning otasi o‘g‘lining voyaga yetmagan farzandlari boquvchisiz qolgani sababli qonun hujjatlarida belgilangan tovon puli berilishini so‘rab dastavval bosh prokuror nomiga xat bilan murojaat qilganini, biroq iltimosi bo‘yicha rad javobini olgach, Bosh prokuraturani sudga bergandi.
Samir Rahmonovning o‘limi bo‘yicha berilgan rasmiy xabarlarda uning yurak kasalligi borligi qayd etilgan. Marhumning otasi farzandi prokuratura tizimiga ishga kirganda sog‘lom bo‘lgani, kasalliklar esa uning so‘nggi uch yildagi faoliyati davomida orttirilganini, bunga Bosh prokuraturadagi ish vaqti tartibsizligi sabab bo‘lganini aytgandi.
“Hujjatlarda qayd etilishicha, farzandim klinikaga olib kelinganidan so‘ng, shifoxonada qazo qilgan. Men Bosh prokuraturaning ushbu xatti-harakatlaridan qattiq noroziman. Chunki Samirbek klinikaga olib kelingan vaqtda dalolatnoma tuzilgan va u 4 shifokor tomonidan imzolanib, bosh shifokor muhr bilan tasdiqlagan. Hujjatda shifoxonaga Bosh prokuraturadan o‘g‘limning jasadi olib kelingani ochiq-oydin yozib qo‘yilgan. Ya'ni farzandim shifoxonaga olib kelish jarayonida ham emas, balki Bosh prokuraturaning o‘zida, ish vaqtida, xizmat vazifasini bajarayotgan paytida vafot etgani ma'lum bo‘ldi.
Bosh prokuratura xodimlari IIV Markaziy poliklinikasida tibbiy ko‘rikdan o‘tadi va shu yerda ro‘yxatda turadi. O‘g‘limning tibbiyot daftarchasini olib o‘rganganimda u yurak-qon tomir kasalliklari bo‘yicha doimiy ro‘yxatga olingani, bir necha marta kasal bo‘lib muolaja olgani, biroq oxirigacha davolanmasdan ishxonaga chaqirib olinganidan xabar topdim. O‘g‘limda bu kasallik so‘nggi uch yilda – Bosh prokuraturaning markaziy apparatidagi faoliyati davomida paydo bo‘lgan. Bu ma'lumotlarning hammasini sudga taqdim etganman”, – degan edi A'zam Rahmonov Kun.uz’ga bergan intervyusida.
Da'voni ko‘rib chiqqan fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining 2021 yil 17 sentyabrdagi hal qiluv qarori bilan da'vogar – A'zamjon Rahmonovning javobgar – Bosh prokuraturaga nisbatan farzandi vafoti munosabati bilan ish joyidan nafaqa puli hamda ma'naviy zarar undirish to‘g‘risidagi da'vo va qo‘shimcha da'vo arizalari rad qilingandi. Shundan so‘ng da'vogar fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudiga FIB Mirobod tumanlararo sudining hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya shikoyati kiritadi.
Toshkent shahar sudi matbuot xizmati xabar berishicha, apellyatsiya shikoyatini 2021 yil 12 noyabr kuni Toshkent shahar sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay'atida ko‘rish boshlangan va 6 dekabr kuni ishni ko‘rib chiqish yakunlangan.
“Ishni ko‘rish jarayonida IIV Tibbiyot boshqarmasi, Bosh prokuraturadan olti nafar xodim va o‘sha kuni bo‘limda ish o‘rganishda bo‘lgan Harbiy prokuratura apparati xodimi, Toshkent shahar Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat huquq inspeksiyasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi TXKMRMKTK, Shayxontohur tuman prokuraturasi, Mirobod tumani prokuraturasi, RSTEIAM Toshkent shahar filiali Morfologiya bo‘limi Sergeli punktining davlat sud tibbiy ekspertizasidan, Toshkent shahar Bandlik bosh boshqarmasi, Davlat mehnat huquq inspeksiyasi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Mirobod tumani Budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi, Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyalari vakillarining ko‘rsatmalari eshitilib, yozma ma'lumotlar va tegishli hujjatlar olindi.
Ishni ko‘rishda marhum S.Rahmonovning xotini N.Rahmonova ishga jalb qilinmagani, uning huquq va majburiyatlari tushuntirilmagani, birinchi instansiya sudida ko‘rilishi mobaynida da'vogar A.Rahmonovda uning manfaatlarida sudga murojaat qilish va ishtirok etish huquqini beruvchi ishonchnoma bo‘lmagani, qolaversa, A.Rahmonovning o‘zi boquvchisini yo‘qotganlik uchun nafaqa olish huquqiga ega shaxslar doirasiga kirmasligi sababli, 2021 yil 6 dekabr kuni sudlov hay'atining ajrimi bilan birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bekor qilinib, ish yangidan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudiga yuborildi”, deyiladi shahar sudining rasmiy relizida.
A'zamjon Rahmonov Kun.uz’ga bergan intervyusida o‘lim sababini aniqlash bo‘yicha sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazilmagani, Samir Rahmonovning jasadini ekspertizaga olib bormoqchi bo‘lishganda u o‘g‘lining tanasi yorilishiga rozi bo‘lmaganini aytgan, bu harakatini o‘lim sababi ekspertizasiz ham ro‘yirost ma'lumligi, farzandining bosh miyasida qon tomirlari yorilgani yaqqol ko‘rinib turgani bilan izohlagandi.
Shuningdek, marhumning yaqinlari hodisa ro‘y bergan kuni ish beruvchi – Bosh prokuratura mehnat inspeksiyalarini jalb qilib, xodimining o‘limi yuzasidan surishtiruv o‘tkazmagani, qonunchilikda belgilangan tartibda dalolatnomalar tuzmaganini aytishgandi.
Sud mazkur holatlarda qonunchilik talabi buzilgan deb topgan va ishni puxta o‘rganmagani uchun 2021 yil 6 dekabr kuni sudlov hay'atining ajrimi bilan RSTEIAM Toshkent shahar filiali Morfologiya bo‘limi Sergeli punktining davlat sud tibbiy ekspertizasi boshlig‘i hamda Toshkent shahar Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat huquq inspeksiyasi boshlig‘iga nisbatan xususiy ajrimlar chiqargan.
A'zamjon Rahmonov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda o‘g‘lining manfaatlarini himoya qilib sudga murojaat qilish va ishtirok etish huquqini beruvchi ishonchnoma bo‘lmagani haqida Toshkent shahar sudining axborot xizmati tomonidan tarqatilgan ma'lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirdi.
“Sud qaroridan qisman rozimiz, qisman norozimiz. Sababi shuncha vaqt ovora bo‘lganimizni ko‘rib-bilib turgan bo‘lsa-da, Toshkent shahar sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati masalaga uzil-kesil nuqta qo‘yish o‘rniga ishni birinchi instansiya sudiga qaytarishga qaror qildi, ya'ni mas'uliyatni zimmasiga olgisi kelmadi, nazarimizda.
Shunga qaramay apellyatsiya sudi hamma vajlarni tekshirib ko‘rganini, ishga aloqador o‘nlab odamlar – shifokorlar, mutaxassislar, ekspertlar, mehnat inspeksiyasi vakillari, tergovchilarni eshitib chiqqanini e'tirof etishim kerak. Shu sababli ko‘p narsalarga oydinlik kiritildi. Ya'ni o‘g‘lim vafot etgan kuni hech qanday hujjatlar rasmiylashtirilmagani, mehnat inspeksiyasi jalb qilinmaganiga oid bir qator faktlar tasdig‘ini topdi.
Ish yana FIB Mirobod sudiga qaytarildi. Endi uni boshqa sudya ko‘rib chiqadi. Kelinim uchinchi shaxs sifatida ishga jalb qilinadigan bo‘ldi. Sudda birga qatnashamiz, nasib etsa. Toshkent shahar sudi o‘g‘limning manfaatlarini himoya qilib sudga murojaat qilish va ishtirok etish huquqini beruvchi ishonchnoma bo‘lmaganini ma'lum qilibdi. Bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, sababi 22 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan apellyatsiya sudida kelinimning nomidan menga yozib berilgan ishonchnomani taqdim etganman”, deydi A'zamjon Rahmonov.