Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida 10 avgust kuni piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan ayol va uning aravachadagi farzandini Nexia urib yuborgani xabar qilingandi. Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi avtomashina haydovchisiga sud hukmi o‘qilgani haqida xabar qildi.
10 avgust kuni kechki 21:10da shaharning Mustaqillik ko‘chasida haydovchi Firdavs Ergashev boshqaruvidagi Nexia yo‘lning piyodalar o‘tish joyidan kesib o‘tayotgan ayol va uning bolalar aravachasidagi hali bir yoshga ham yetmagan farzandini urib yuborgandi. Oqibatda bola og‘ir tan jarohati olib, shahar shifoxonasiga yotqizilgan. Chaqaloq ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, shifoxonada vafot etgandi.
«Qamalsin. Qonuniy jazo olishini xohlayman», degan sud jarayonida aybdorga qonuniy jazo ko‘rilishini so‘rab YTH oqibatida farzandi vafot etgan ayol.
Sud to‘plangan hujjatlarni atroflicha o‘rganib chiqib, guvohlarning ko‘rsatmalari va dalillarga qonuniy baho berib yakuniy to‘xtamga keldi. Unga ko‘ra, haydovchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan aybdor deb topilgan va 2 yil-u 6 oy muddatga barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilinib, 6 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.