AQShning 46-prezidenti Amerika xalqiga xayrlashuv murojaatini yo‘lladi. Bayden eng og‘ir davrda prezidentlik qilgani, lekin davlatini inqirozli vaziyatdan muvaffaqiyatli olib o‘tganini gapirdi. So‘zi oxirida Amerika boylar iskanjasida qolayotganidan xavotirini aytdi.
“Amerika doim bir so‘z bilan ifodalanishini xohlardim – imkoniyatlar. Kamtarona oilada tug‘ilgan, duduqlanadigan bola kun kelib oval kabinetda o‘tirdi, AQSh prezidenti bo‘ldi. Chunki bu – sehrli Amerika”.
Bu gaplarni prezident Bayden 15 yanvar oqshomida Oq uydan turib, xalqi bilan xayrlashuv nutqida aytdi. Baydenning xalqqa murojaati 17 daqiqadan oshiqroq davom etdi. U nafaqat prezidentligining 4 yili, balki yarim asrdan ortiq davom etgan siyosiy karerasini ham sarhisob qildi.
Bayden xalq bilan xayrlashuv nutqida avvalo G‘azodagi urushga to‘xtaldi.
“Ma’muriyatim 8 oylik tinimsiz muzokaralardan so‘ng Isroil va Hamas o‘rtasida sulh kelishuvini qildirishga muvaffaq bo‘ldi. Bu – mening jamoam muzokaralari va mening jamoam natijasi”, dedi Bayden.
Keyin u Amerika xalqi, amerikaliklarning erkinlik g‘oyasiga sodiqligi haqida gapirdi. “Amerika – dunyodagi eng qudratli g‘oya mash’alasini ushlab turgan xalqdir. Bu g‘oya shundaki, biz barchamiz teng yaralganmiz”, – dedi Jo Bayden.
Baydenning so‘zlariga ko‘ra, Amerika g‘oyasiga ishonish – erkin jamiyatni boshqaruvchi institutlarni hurmat qilish degani. Bular – prezidentlik, Kongress, sudlar, erkin va mustaqil matbuotni hurmat qilish demakdir.
U 4 yillik prezidentlik faoliyatiga nazar tashlab, Amerika tarixidagi eng og‘ir davrda rahbar bo‘lganini aytdi.
“Men xalqimiz uchun eng og‘ir davrda amerikaliklarning prezidenti bo‘lish majburiyatini oldim. Vitse-prezident Kamala Harris mening ajoyib sherigim bo‘ldi. Asrda bir marta sodir bo‘ladigan pandemiyani yengib o‘tishga muvaffaq bo‘ldik. Bunda mehnatkashlarning matonati, xavfsizligimizni ta’minlayotgan harbiy xizmatchilar va birinchi yordam xodimlarining qahramonligini, huquq himoyachilarning qat’iyatini ko‘rish men uchun sharaf bo‘ldi”, – dedi prezident.
Bayden pandemiyadan keyin davlat rahbarligini iqtisodiy inqiroz holatida qabul qilib olgani, lekin inqirozni jilovlay bilgani, 17 millionga yaqin ish o‘rinlarini yarata olganini aytdi.
Xalqaro siyosatga to‘xtalarkan, Bayden NATOning obro‘yini mustahkamlay olgani, Ukraina uchun kurashgani sabab bu davlat haliyam erkin ekani, Xitoy bilan raqobatda oldinga o‘tganini ta’kidladi.
Bayden xalqi bilan xayrlasharkan, o‘zining davlatchilikka zarar keltiradi deb hisoblagan xavotirlarini ham ochiqladi. Birinchisi bu – Amerikada haddan tashqari boy va buning ortidan siyosatga ta’siri yuqori bo‘lib borayotgan oligarxlar shakllanayotgani xavotiri edi.
“Bugun oqshom siz bilan xayrlashar ekanman, ba’zi xavotirlarimni aytishim kerak. Oz sonli o‘ta boy odamlar qo‘lida hokimiyat xavfli ravishda to‘planmoqda. Bu – bizning demokratiyamiz, erkinligimiz, huquqlarimizga soya soladi. Amerika uchun buning oqibatlarini biz allaqachon ko‘ryapmiz. Bir asr avval Amerika o‘sha vaqtdagi qaroqchi baronlarga qarshi kurashib, trastlarni yo‘q qilgandi. Lekin o‘shanda boylar jazolanmadi, ishchilar adolat uchun kurashdi. Bu o‘rta sinf edi. Aynan o‘rta sinf dunyoda bo‘lmagan taraqqiyotni olib keldi. Biz xuddi shunday davom etishimiz kerak”, – dedi u.
U kelgusi yillarda soliq siyosatini isloh qilishga ham chaqirdi. Milliarderlarga katta soliq imtiyozlarini berish emas, ularni kattaroq soliq to‘lashga majbur qilish kerak. Chunki ham hokimiyat, ham boylikning ayni shaxslar qo‘lida to‘planishi – demokratiya uchun, asosiy haq-huquqlarimiz va erkinliklarimiz uchun xavf, deydi siyosatchi.
Demokrat o‘z nutqida yani ikki muammoni tilga oldi: iqlim o‘zgarishi va ijtimoiy tarmoqlardagi dezinformatsiya.
“Amerikaliklar noto‘g‘ri va qasddan buzilgan axborotlarga ko‘milib bormoqda. Erkin matbuot sinyapti, ijtimoiy tarmoqlar faktchekingni to‘xtatyapti, haqiqat yolg‘on bilan bo‘g‘ilyapti”, – dedi u.
So‘zining oxirida Bayden 50 yil Amerika xalqiga xizmat qilish uning uchun sharaf bo‘lganini qo‘shimcha qildi. Yonida turgan jamoasi va rafiqasiga minnatdorlik bildirdi.
“Men Amerikani yaxshi ko‘raman, iymoningizni saqlang”, deya so‘zini yakunladi AQShning 46-prezidenti.
Eslatib o‘tamiz, Jo Bayden hozir 82 yoshda. U – AQSh tarixidagi eng keksa prezident. Ikkinchi muddatga nomzodini qo‘yib, saylovga ozgina qolganida nomzodlikdan voz kechgan yagona prezident. U ilk bor ayol kishi vitse-prezident bo‘lishiga yo‘l ochdi, rahbarligida esa o‘tmishdoshi Trampdan farqli o‘laroq global siyosat yuritdi. Bayden davrida dunyoda ikki urush boshlandi, ikkisida ham AQSh bilvosita faol qatnashdi.
Donald Trampning inauguratsiyasi 20 yanvar, dushanba kuni bo‘lib o‘tadi.