Boysunda maktab o‘quvchisini mashinada urib yuborgan haydovchi uni ko‘chada tashlab ketgan

Jamiyat 17:49 / 03.12.2021 10375

Voqea 2 dekabr kuni soat 14:00 lar atrofida Boysun shahri ko‘chalaridan birida ro‘y bergan.

Kun.uz’ga voqeani jabrlanuvchi nomidan hikoya qilib bergan guvohlardan birining aytishicha, davlat raqami 587 bo‘lgan, oq rangli «Nexia-2» avtomashinasi haydovchisi va uning o‘rtog‘i davlat raqami 277 bo‘lgan boshqa bir xuddi shu tus va rusumdagi avtomashinalar quvlashmachoq o‘ynashadi. Boshqaruvni yo‘qotgan 587 raqamli oq rangli «Nexia-2» yo‘lning chetida maktab to‘garagiga ketayotgan bir guruh 4-sinf o‘quvchilari orasidan 2011 yilda tug‘ilgan Eldor Eshboyevni urib yuboradi.

Haydovchilar kuchli zarba natijasida hushidan ketgan Eldorni o‘lib qoldi, deb o‘ylab, uni shahar markazidan chetroqqa olib borib tashlashga urinishgan. Ular Padang qishlog‘iga yaqinlashib qolganida Eldor o‘ziga kelgan. Uning tirikligini ko‘rib, haydovchilar 10 yoshli Eldorni Padang soyiga olib borib, bo‘lib o‘tgan voqeani hech kimga aytmaysan, deb qo‘rqitishgan.

So‘ng Eldorni urib yuborgan mashinadan uni tushirib, davlat raqami 277 bo‘lgan oq «Nexia-2» mashinasiga mindirib, bolakayning ammasi yashaydigan uydan 1 km narida, ko‘cha yuziga tushirib ketishadi.

Eldor Eshboyev turadigan uyida hech kim bo‘lmaganligi sababli u qo‘shnisining uyiga og‘ir holda emaklagancha borgan va qo‘shnilar «tez tibbiy yordam» chaqirib, uni Boysun tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizishgan.

Kun.uz muxbiri jabrlanuvchi Eldorning otasi Uchqun Toshev bilan gaplashdi. Uning aytishicha, farzandi o‘rtacha ahvolda RShTYoIM Termiz filialida yotibdi. Otasiga ko‘ra, bolaning suyaklari sinmagan. Unda miya chayqalishi bor. Ko‘ngil aynib, qayt qilmoqda. Yo‘l-transport hodisasi sodir etganlar topilgan. Xususan, farzandini urib ketgan haydovchining otasi ham shifoxonaga kelib, bemor holidan xabar olgan.

«Men o‘zi tog‘da yashayman. O‘g‘lim Boysun shahrida opamnikida turib o‘qiydi. Ular bolani mashinasida urib, voqea joyidan opqochib ketib, uni qo‘rqitib, ikki soatdan so‘ng yana qaytarib opkelib tashlashgan. Bolam miya chayqalishi tufayli ko‘ngli aynigan. Agar ular to‘g‘ri shifoxonaga olib borishganida, o‘zim davolatib olgan bo‘lardim, ularga da'vo ham qilmasdim», — dedi Uchqun Toshev.

Kun.uz Surxondaryo viloyat IIB YHXB matbuot xizmatidan mazkur voqea bo‘yicha ma'lumot oldi. Unga ko‘ra, 10 yoshli Eldor Eshboyev hozir viloyat markazi Termiz shahridagi RShTYoIM filialiga yotqizilgan va unga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Bolada ko‘z ko‘karish va yuz shilinish jarohatlari bor. Uning ahvoli qoniqarli.

Ayni paytda YTH sodir etgan avtomashina ushlangan. Zarur tergov-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: