“Poytaxtbank”ni sotishdan tushgan pullar Toshkent shahar mahalliy budjetiga o‘tkaziladi

Iqtisodiyot 13:36 / 30.11.2021 13180

“Poytaxtbank ustav kapitalidagi davlat aksiyalari paketini sotish va undan tushgan mablag‘larni taqsimlash to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, “Poytaxtbank” AJ ustav kapitalidagi 100 foiz davlat aksiyalari paketini sotishdan tushgan mablag‘lar ushbu davlat aktivini sotish bilan bog‘liq xarajatlarni chegirgan holda Toshkent shahar mahalliy budjetiga yo‘naltiriladi.

Mahalliy budjetga kelib tushgan pullar Moliya vazirligi tomonidan Toshkent shahar mahalliy budjetiga ajratilgan budjet ssudalarini, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hamda tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlarni qaytarishga yo‘naltiriladi.

Eslatib o‘tamiz, Davaktiv shu yil may oyida “Poytaxtbank” AJ ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini sotuvga qo‘yganini e'lon qilgandi.

Sentabr oyida bo‘lib o‘tgan Iqtisodiyot forumida Davaktiv Rossiyaning “Ekspobank” banki bilan  “Poytaxtbank”ni xususiylashtirish to‘g‘risida memorandum imzoladi.

“Poytaxtbank” AJni xususiylashtirish bo‘yicha maslahatchi sifatida Deloitte konsalting kompaniyasi tanlandi.

Ma'lumot o‘rnida, bank O‘zbekiston prezidentining 2017 yildagi qaroriga muvofiq tashkil etilgan. Bankning asosiy faoliyati — tijorat bank operatsiyalari, qimmatli qog‘ozlar, valuta bilan bog‘liq operatsiyalar, kredit va kafolatlar berish.

Bank Toshkent shahar hokimligining 100 foiz muassisligida tashkil etilgan bo‘lib, ustav kapitalini shakllantirishga mahalliy budjetdan 100 milliard so‘m ajratilgan.

Ko‘proq yangiliklar: