2022 yilda “Tashabbusli budjet”da qanday yangiliklar kutilmoqda: mablag‘lar, tashabbus qoldirish vaqtlari va boshqalar

Iqtisodiyot 18:50 / 30.11.2021 12658

2022 yilda “Tashabbusli budjet”ga oid kutilayotgan muhim o‘zgarishlar borasida Moliya vazirligi departament boshlig‘i Sherzod Muhammedov Kun.uz'ga gapirib berdi.

MY7uQoWDd95FqsYlUmxrR6mzP5IfWCl1.jpg (1212×821)
Sherzod Muhammedov

Kelayotgan yilda “Tashabbusli budjet”ga qancha mablag‘ ajratiladi?

— 2022 yilda ushbu maqsadlar uchun yo‘naltiriladigan mablag‘lar miqdori 4 barobarga oshirildi. Ya'ni joriy yilda 400 milliarddan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgan bo‘lsa, kelgusida tuman, shahar tasdiqlanadigan budjetlarining 5 foizi sarflanadi. Ushbu mablag‘larning o‘zi ham 1,5 trln so‘mdan ortiqroq bo‘ladi. Bundan tashqari, tuman va shahar budjetlarining qo‘shimcha manbalarining 30 foizi ham tashabbusli budjet uchun yo‘naltiriladi. Joriy yilda 1600dan ortiq taklifni moliyalashtirish imkoni yaratilgan bo‘lsa, kelgusi yilda 4-5 barobar ko‘proq takliflarni moliyalashtirish imkoniyati yaratiladi.

“Tashabbusli budjet” 2022 yilda qaysi vaqtlarda o‘tkaziladi?

— Kelgusi yilda “Tashabbusli budjet” ikki marta o‘tkaziladi. Birinchisi, 2 fevraldan 2 martgacha, ya'ni 30 kun davomida. Ikkinchisi, 15 iyuldan 15 avgustgacha bo‘lib o‘tadi. Ushbu bir oylik muddatda fuqarolarimiz faqat taklif kiritadi. Ular taklif kiritgandan so‘ng bevosita 15 kun davomida bu takliflar saralanadi va 20 kun ichida fuqarolar o‘z takliflariga ovoz yig‘ishi mumkin bo‘ladi.

Loyiha ilk marta amalga oshirilganda, tizimdan ro‘yxatdan o‘tish qiyinchilik tug‘dirishi haqida e'tirozlar ham bo‘ldi. Kelgusi yilda buni soddalashtirish haqida o‘ylanganmi?

— Bu bo‘yicha bizda dastlab One ID tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tish yo‘lga qo‘yilgandi, jarayonni soddalashtirish uchun biz fuqarolarimizdan faqat telefon raqamlariga bog‘langan holda ro‘yxatdan o‘tish tizimini joriy qildik. Ya'ni anonim takliflar yoki sun'iy tarzda ovozlarning ko‘payib ketishi oldini olish maqsadida fuqarolarimizning telefon raqamlariga bog‘lagan holda ro‘yxatdan o‘tish va ovoz berish jarayonini yo‘lga qo‘ydik. Bu qanaqa? Ya'ni bir fuqaroda bitta jarayonda bitta taklif kiritish imkoniyati mavjud bo‘ladi va barcha fuqarolar faqat bitta taklifga ovoz berish imkoni mavjud. Agar biz telefon raqami orqali nazoratni olib tashlaydigan bo‘lsak, bir fuqaro yuzlab takliflarni kiritishi yoki ovoz berishi mumkin bo‘ladi. Bu bevosita adolatsizlik, adolat prinsipidan kelib chiqib bir fuqaro bir marta taklif kiritish va ovoz berish jarayonini yo‘lga qo‘ydik.

Biz hokimlikning loyihalari, jumladan hokimiyatga oshxona qurish yoki sektor binosini ta'mirlashga oid loyihalar g‘olib chiqqanini ham ko‘rdik. Kelgusida bunday hollar takrorlanmasligi uchun ma'lum choralar o‘ylanganmi?

— Hokimiyat xodimlari ham fuqaro, ular ham ma'lum bir taklifni ilgari surishi mumkin. Toshkent shahrida  hokimlik oshxonasini ta'mirlash borasida taklif bo‘ldi, biz buni ko‘rdik. Ushbu taklif ishchi guruh tomonidan o‘rganilib moderatsiyadan o‘tgan va bu taklif g‘olib deb topilgan. Bildirilgan noroziliklardan kelib chiqib ushbu taklif moliyalashtirilmadi va u g‘olib takliflar ro‘yxatidan chiqarib undan keyingi o‘rindagi taklif moliyalashtirildi. Endi bu jarayonni kelgusida takomillashtirib borish bo‘yicha ishlarimiz ko‘p. Lekin fuqarolarga taklif qoldirishga oid hech qanday cheklov qo‘ya olmaymiz, ya'ni fuqaro istalgan taklifini bildirish huquqiga ega. Agar biz ularga qandaydir cheklovlar qo‘yadigan bo‘lsak, bu fuqarolarning xohishlarini cheklash bo‘ladi. Endi hududlardagi ishchi guruhlar taklifning ijtimoiy zarurligidan kelib chiqib, saralash jarayonida e'tiborli bo‘lishi lozim.

Ishchi guruh a'zolari ham hokimlik vakillaridan iborat emasmi, bu yuqoridagi kabi holatlarni ko‘paytirmaydimi?

— Ishchi guruh a'zolari turli nodavlat-notijorat tashkilotlar vakillari va mahalliy kengash deputatlari ham mahalliy hokimlik vakillaridan iborat. Bu yerda ma'lum bir yondashuv yo‘q.

Albatta, hokimlik vakillarining aralashuvi ham bo‘ladi. Lekin takliflar bo‘yicha e'tirozlar bo‘lsa, takliflar Ochiq budjet portalida doimiy saqlanadi va barcha fuqarolar noroziligi bo‘yicha ishonch telefonlariga murojaat qilishi mumkin. Har bir hududga mas'ullar biriktirilgan. Bizga takliflar asossiz rad etilgan va qabul qilingan bo‘lsa ham moliyalashtirilmayotgani kabi e'tirozlar bo‘ldi, bunday holatlar aniq o‘rganilmoqda. Bu yerda fuqarolarimiz qo‘rqmasligi kerak, takliflar asossiz rad etilgani ham Ochiq budjet portalida ko‘rinib turadi. Buni hech kim o‘chirib tashlolmaydi. Ochiq budjet portali shunday ishlab chiqilganki, taklif kiritildimi, portalda qoladi.

Ko‘proq yangiliklar: