Surxondaryoda 136,3 million so‘m budjet mablag‘larini o‘zlashtirgan shaxslar jinoiy javobgarlikka tortildi

Jamiyat 20:00 / 29.11.2021 2462

Ijtimoiy tarmoqlarda Qumqo‘rg‘on tumanidagi qishloq xo‘jaligi yerlarini tomchilatib sug‘orish uskunalari o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilingani va boshqa holatlar to‘g‘risida xabarlar tarqalgan. Holat yuzasidan viloyat prokuraturasi bayonot berdi.

Aniqlanishicha, “Suvoqova Bunyodkori” UK rahbari Q.K. va korxona bosh muhandisi M.A. hamda “Suv ta'minoti va oqova suv obektlari qurilishi bo‘yicha injiniring kompaniyasi” UK Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi texnik nazoratchisi M.A. bilan o‘zaro jinoiy til biriktirgan.

Ular, Qumqo‘rg‘on tumanida oqova suv tarmog‘ini rekonstruksiya qilish bo‘yicha rasmiy hujjat hisoblangan bajarilgan ishlar qiymati to‘g‘risida “Shakl-3” ma'lumotnoma va hujjatlarga soxta ma'lumotlar kiritib taqdim etgan. So‘ng jami 8 milliard 823 million so‘mlik budjet mablag‘laridan 136,3 million so‘mni o‘zgalar mulkini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilib, davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan.

Mazkur holat yuzasidan 2021 yil 10 may kuni Bosh prokuratura Departamentining Qumqo‘rg‘on tuman bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va 209-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Qumqo‘rg‘on tuman prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilgan. Davlatga yetkazilgan 136,3 mln so‘m zarar dastlabki tergovda to‘liq qoplangan.

Qayd etilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tumani sudining 2021 yil 30 sentyabrdagi hukmi bilan ayblanuvchi Q.K., M.A. va M.A.ga nisbatan jazo muqarrarligi ta'minlangan.

«Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarda aytib o‘tilgan 2000 gektar yer maydoniga tomchilatib sug‘orish uskunalari o‘rnatilmagani hamda 7 milliard mablag‘ talon-toroj qilingani holatlari bo‘yicha Departamentning Surxondaryo viloyati boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda», deyiladi bayonotda.

Ko‘proq yangiliklar: