O‘lish uchun boriladigan joy. Hospislar O‘zbekistonda ham bormi?

Jamiyat 20:24 / 26.11.2021 38329

Sarlavha juda qo‘pol tuyildimi? Bu tabiiy. Lekin tabiiy jarayonlarning eng muqarrari o‘limdir. Ayniqsa murakkab kasalliklarning ortga qaytmas bosqichlarida vaziyat yanada og‘irlashadi, hech kim tan olishni istamaydigan, lekin hamma tushunib turgan holat yuzaga keladi.

Din ham, jamiyat ham hali joni uzilmagan insonga ko‘mak berish, dardini yengillatish, og‘riqlarini qoldirishni talab qiladi. Bu ishlarni amalga oshirish uchun kompleks yondashuv zarur va bu ishlar hospislarda bajariladi. Rivojlangan mamlakatlarda hospislar faoliyati ipidan ignasigacha qonunchilik, nizomlar va an'analarga ko‘ra tartibga solingan.

  • Atama haqida: Hospis — tuzalmas dardlarga chalinganlar, asosan onkologik bemorlarga kasallikning so‘nggi bosqichida palliativ yordam ko‘rsatuvchi tibbiy-ijtimoiy tashkilot. Ya'ni har qancha shafqatsiz va qo‘pol bo‘lmasin, hospis o‘lim oldi holatida bemorning azoblarini yengillatish uchun xizmat qiladi va u yerga... o‘lish uchun boriladi.

Bizda bu borada ham o‘ziga xos an'ana shakllangan. Og‘ir holatdagi bemor odatda uyiga jo‘natiladi. Bundan har ikki tomon ham manfaatdor – shifoxonada o‘lim ko‘rsatkichi oshib ketmaydi, «bemor o‘zi uyida, yaqinlari davrasida xotirjam jon beradi» degan tushuncha juda mustahkam.

Biroq dunyo tajribasi shuni ko‘rsatadiki, og‘ir kasalliklarning so‘nggi bosqichida, ya'ni o‘lim oldidan bemor bemisl azob chekadi, og‘riqlar qiynaydi, uning tanasida shunday jarayonlar yuz beradiki, har qancha yaqin qarindoshi bo‘lsa-da tibbiyotdan uzoq odam malakali yordam berishi qiyin.

Hospislarning huquqiy maqomi, ish uslubi ham turli davlatlarda turlicha. Ayrim rivojlangan davlatlar ularga to‘la-to‘kis tibbiy muassasa maqomini bergan bo‘lsa, boshqalarida ular ko‘proq ijtimoiy ko‘mak markazi sifatida ishlaydi. Hospislarning moliyaviy ta'minoti ham turlicha, pullik yoki davlat tomonidan ta'minlanishi mumkin.

Lekin qator umumiy prinsiplar borki, ularga deyarli hamma joyda amal qilinadi. Masalan: hospislarda songa emas, sifatga ishlanadi. Ya'ni bemorning so‘nggi kunlarini son jihatdan uzaytirish asosiy maqsad emas, eng muhimi – o‘sha kunlar og‘riqlarsiz va nisbiy xotirjamlikda o‘tishidir.

Bunday bemorlarga hatto chekishga ruxsat beriladi, yeguliklardan istagi muhayyo qilinadi, injiqliklariga ko‘z yumiladi, og‘riq qoldiruvchilar bo‘yicha ham qat'iy cheklovlar qo‘llanmasligi mumkin.

Savol tug‘ilishi tabiiy – O‘zbekistonda hospislar bormi?

Bizda ham bu masala vaqti-vaqti bilan ko‘tariladi. So‘nggi kunlarda bloger Aziza Umarovaning o‘z sahifasida og‘ir bemor bolalar uchun hospis tashkil etish tashabbusi keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

«Dastlab eng kichigi – besh o‘rinlisidan boshlamoqchimiz. Bir bola va bir nafar parvarishlovchi yaqini alohida xonalarda bo‘lishadi va u xonalar albatta bevosita tashqariga, bog‘ga tutashishi lozim. Bu muassasada biz bolajonlarning so‘nggi istaklarini amalga oshiramiz. Biz tashkil etmoqchi bo‘lgan hospisda albatta «Vidolashuv xonasi» bo‘ladi. Avvalo bino topishimiz lozim, lekin bunga mablag‘imiz yo‘q, bo‘lmaydi ham. Keyinchalik qator mutaxassislarni jalb qilamiz», deya yozgan Aziza Umarova o‘z sahifasida.

Jamoat faolining bu tashabbusi ko‘pchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlandi, hatto moddiy ko‘mak berish istagini bildirganlar, buning uchun pul yig‘ish tashabbusini ko‘rsatganlar ham bo‘ldi.

Bunga huquqiy asos bormi?

Bor. O‘zbekistonda hospislar masalasiga endi e'tibor berilmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 24 oktyabrdagi 892-sonli qaroriga muvofiq tasdiqlangan onkologik xizmat va onkologik bemorlarga tibbiy-psixologik yordam ko‘rsatishni rivojlantirish dasturi, shuningdek, nuklear tibbiyotni rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlangan.

Unga ko‘ra, mamlakatimizda hospislar tarmog‘i va palliativ yordam ko‘rsatish bo‘limlari ochiladi.

«Samarqand, Farg‘ona, Xorazm viloyatlarida va Toshkent shahrida 50tadan o‘ringa mo‘ljallangan mahalliy hududlararo hospis ochiladi.

Hududlararo hospislar onkologik va yuqumli bo‘lmagan boshqa kasalliklarning o‘tkazib yuborilgan bosqichini boshidan kechirayotgan bemorlarni statsionar hamda ambulatoriya sharoitida, shuningdek, uyda tibbiy davolash imkoniyati bo‘lmaganda, ularga tibbiy-psixologik yordam ko‘rsatadigan mustaqil tibbiyot muassasalari sifatida tashkil etiladi», – deyiladi hujjatda.

Yahyo Ziyayev – hospis va palliativ yordamni rivojlantirish bo‘yicha mas'ul mutaxassis:

– Mamlakatimizda hospislar va palliativ yordam ko‘rsatish bo‘limlari tashkil etishga ruxsat berilgan. To‘rt viloyatda hospislar ochilishi kerak va bugungi kunda Samarqand, Farg‘ona hamda Xorazm viloyatlarida hospislar qurilgan, ta'mirlangan. Toshkent shahridagi markazda esa 2021 yil oxiriga qadar ta'mirlash ishlari tugallanishi zarur.

Shu bilan birga, har bir onkologiya markazi viloyat bo‘limlarida 20 o‘ringacha palliativ yordam bo‘limlari ochilgan. Lekin ular hospislar funksiyalarini to‘laqonli bajara olmaydi.

Yangi qurilayotgan hospislar ishlash mexanizmi shunaqa bo‘ladiki, ko‘p bemorlarni hayotining so‘nggi kunlarida juda ko‘p simptomlar qiynaydi. Bu birinchi navbatda og‘riq, keyin psixologik distress kabilardir. Mentalitetimizda og‘ir bemorlarni uyga olib ketish odati shakllangan. Lekin murakkab paytda nafaqat bemorga, balki ularning yaqinlariga ham yordam berish zarurati tug‘iladi.

Hospislar tibbiyot bilan ijtimoiy soha chatishmasidagi muassasalar hisoblanib, ular nafaqat markazning o‘zida, balki ko‘chma brigadalar yordamida bemorlarning uylarida ham ko‘mak berishi, ya'ni gibrid shaklda ishlashi ko‘zda tutilgan.

Har qanday tirik jon borki ajal sharobini totib ko‘radi. Og‘ir holatdagi bemor deganda birinchi navbatda ko‘z o‘ngimizga keksayib qolgan, yoshini yashab bo‘lganlar keladi. Lekin yoshlar, bolalar ham shunday holatlarga tushishadiki, so‘nggi onlarda ancha-muncha odam ularning yonida bo‘lishga yuragi dosh bermaydi. Tibbiyot bemorning oxirgi kunlarini imkon qadar yengillashtirish uchun qator imkoniyatlarga ega. Hospislar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi aynan mana shu nuqtada ish berishi aniq.

Abror Zohidov

Ko‘proq yangiliklar: