Kriptobirjalar faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizom 2019 yilda tasdiqlangandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktorining buyrug‘i bilan nizomga bir qator o‘zgarishlar kiritildi.
Xususan, endilikda:
- O‘zbekiston rezidentlari kriptoaktivlar va tokenlar bilan barcha turdagi operatsiyalarni milliy valutada (so‘mda) amalga oshirish huquqiga ega. Biroq norezidentlar kriptoaktivlarni faqat xorijiy valutaga sotishlari mumkin;
- bunda sotib olish obekti sifatida kriptoaktivlarni tanlash va bu tanlovning tegishli oqibatlari sotib oluvchining o‘z tavakkalchiligi asosida bo‘ladi;
- shuningdek, kiritilgan o‘zgartirishlar tokenning ta’riflari va u bilan bir qator operatsiyalarni, jumladan, emissiyani chiqarish, joylashtirish va ro‘yxatga olishni ham o‘z ichiga olgan;
- O‘zbekiston kriptobirjalarida sotiladigan barcha tokenlar mulkiy ta’minotga ega bo‘lishi kerak. Ta’minlanmagan tokenlarni chiqarish va joylashtirish taqiqlanadi;
- kriptobirjalar o‘zlarining tokenlarini joylashtirgan tashkilotlarni va ularning mulkiy xavfsizligi bor-yo‘qligini tekshirishlari shart. Shuningdek, jalb qilinishi rejalashtirilgan summaning kamida 10 foizi kriptobirjaning maxsus hisob raqamiga kiritilishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, ushbu qaror loyihasi muhokamasi joriy yilning 14 mayida yakunlangandi.
Shu paytgacha kriptovaluta savdosi bilan shug‘ullanish uchun O‘zbekistonda to‘laqonli huquqiy asoslar mavjud emas edi.
Kriptovaluta savdosi bilan noqonuniy shug‘ullangan fuqarolarga Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) va 190-moddasi (faoliyat bilan litsenziyasiz shug‘ullanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Avvalroq, kriptovaluta sohasida daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalari tasdiqlangandi.
Loyiha boshqaruvi milliy agentligi joriy yilning sentabr oyida O‘zbekistonda kriptovaluta bilan bog‘liq norasmiy platformalar faollashganini ma’lum qildi.