Global Pay va 1HLSW elektron pullar tizimi Markaziy bankning Elektron pullar tizimi reyestriga kiritilib, elektron pullar chiqarilishi faoliyatiga ruxsat berildi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar bermoqda. Bu bilan O‘zbekistonda faoliyatiga ruxsat berilgan elektron pullar tizimi 10taga yetdi.
“Elektron pullar tizimida huquqiy baza yaratilishi bozorda innovatsion xizmatlar va yangi ishtirokchilar paydo bo‘lishiga olib keldi. Sodda qilib aytganda, o‘zimizning so‘m virtual ko‘rinishda bo‘ladi”, — deydi MB boshqarma boshlig‘i Miraziz Mirhayotov.
U elektron pullar afzalliklarini tushuntirdi:
— Bank hisobraqam ochishni talab qilmaydi;
— boshqa to‘lov vositalariga nisbatan arzon;
— xavfsizlik ta'minlagan.
Ma'lumot uchun, 10 oy davomida 3 mln 200ta elektron hamyon fuqarolar tomonidan ishlatilmoqda. 2021 yilning 10 oyida elektron pullar tizimida 124 mlrd so‘mlik tranzaksiyalar amalga oshirilgan. Bularning 93 foizi savdo va xizmatlar uchun xaridlar, 7 foizi bir elektron hamyondan ikkinchi hamyonga pul o‘tkazmalari ulushiga to‘g‘ri keladi.
Bundan tashqari, noyabr oyida Markaziy bank Qiwi faoliyatiga ham ruxsat berdi. Elektron pullardan qanday foydalanish mumkinligi borasida mana bu yerda o‘qishingiz mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yilda elektron pullarni chiqarish va muomalaga kiritish tartibi belgilangandi.
O‘zbekistonda rasman faoliyatiga ruxsat berilgan elektron pullar tizimi ortayotganiga qaramay, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda Paypal tizimiga qo‘shilmagan yagona mamlakat bo‘lib qolmoqda. O‘tgan yil oxirida mamlakat rasmiylari Paypal bilan muzokaralar olib borayotgani xabar qilingandi. Biroq ma'lum bo‘lishicha, kompaniya O‘zbekistonga kirish niyati yo‘qligini bildirgan.