Ko‘rish qobiliyati insonning eng asosiy sezgilaridan biri hisoblanadi. Aynan shu qobiliyat tashqi ma'lumotlarning aksariyat qismini olish imkonini beradi. Obrazlar, tashqi dunyo manzaralari, hayot ranglari... Afsuski, ko‘rish qobiliyatidan mahrum bo‘lganlar bularning barchasidan bebahra. Ko‘zi ojizlar dunyosi biznikidan tubdan farq qiladi. Ko‘rish qobiliyati tufayli biz bahramand bo‘layotgan va biz oddiy deb hisoblaydigan barcha ne'matlar bunday insonlar uchun erishib bo‘lmas orzudek.
Insonlarga ko‘zi ojizlar har kuni to‘qnash kelishga to‘g‘ri keladigan murakkabliklar to‘g‘risida eslatish uchun 1984 yilda Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan Xalqaro ko‘zi ojizlar kuni ta'sis etilgan. U har yili 13 noyabr kuni nishonlanadi.
Ezgu an'anaga ko‘ra ERIELL tomonidan Yunusobod tumani Ko‘zi ojizlar jamiyatining barcha a'zolariga xayriya yordami ko‘rsatildi. Kompaniya xodimlari Jamiyatga tashrif buyurib, ERIELL guruhi nomidan ularga oziq-ovqat to‘plamlari va eng kerakli iste'mol tovarlarini taqdim etdi. Ko‘zi ojizlar jamiyati a'zolari beg‘araz yordamni mamnuniyat bilan qabul qilib, kompaniya faoliyati yanada gullab-yashnashi va unga muvaqqiyatlar yor bo‘lishini tiladi.
«Men 23 yoshimda ko‘rish qobiliyatidan mahrum bo‘lganman. Bundan oldin litseyda ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lib ishlaganman. Biroq, ko‘rish qobiliyatidan mahrum bo‘lgach, boshqa dars bera olmadim. Ko‘zi ojiz kishi dunyoni barmoqlari uchi yordamida his qilishini anglab yetgach, men davolovchi massajga o‘qidim, shuningdek koll-sentrda ham ishlayman. Aytishim mumkinki, hayot davom etmoqda, menga barcha yumushlarimda yordam berayotgan ikki nafar ajoyib qizcham voyaga yetmoqda, bundan juda baxtiyorman. ERIELLga beg‘araz yordam, biz uchun muhim bo‘lgan sanani yoddan chiqarmayotganlari uchun minnatdorlik izhor qilmoqchiman», – dedi Nasreddinova Surayyo.
O‘zbekistonda 45 mingdan ziyod ro‘yxatga olingan ko‘zi ojiz yoki ko‘rish qobiliyatidan qisman mahrum bo‘lgan fuqarolar istiqomat qiladi. Ular kundalik hayotida qanday qiyinchiliklarga duch kelayotganini tasavvur qilish mushkul. Quvonarlisi, hayot ranglaridan bebahra kishilarning ko‘pchiligi hayotning turfa sohalarida o‘zini namoyon qilmoqda.
«Jamiyatimizda barcha bir-biriga qadrdon bo‘lib ulgurgan. Biz bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaymiz, maslahatlar beramiz. Bo‘sh vaqtimizda domino o‘ynaymiz, ayrim iqtidor egalari esa musiqa asboblari chaladi, kimdir kitob mutolaa qiladi. Bu yerda hech kim o‘zini yolg‘iz his qilmaydi», – deydi Yunusobod tumani Ko‘zi ojizlar jamiyati direktori Ismailov Baxtiyor Rixsiboyevich.
«Bugun ishtirok eta olmagan barcha a'zolar nomidan ERIELLga xayrixohligingiz va ezgu ishlaringiz uchun minnatdorlik bildirib, kompaniyangiz va uning barcha xodimlariga ulkan zafarlar va eng ezgu tilaklarni izhor qilamiz», – dedi Baxtiyor Rixsiboyevich.
Bugungi kunda mamlakatimizda ko‘rish qobiliyati bo‘yicha nogironlarning jamoat tashkilotlari qo‘llab-quvvatlanmoqda. Xalqaro ko‘zi ojizlar kuni va unga bag‘ishlangan tadbirlar barchamizga nafaqat ko‘rish qobiliyatidan mahrum bo‘lganlar duch kelayotgan muammolar, balki ularning turli sohalardagi yutuqlari va muvaffaqiyatlari haqida eslatib turadi.
ERIELL Group matbuot xizmati Ⓣ