O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkiloti hududiy sektorlar o‘rtasida respublika kitobxonlik tanlovini o‘tkazadi. Tanlovda hududlardagi kitobxon yoshlar va jamoa sardori sifatida sektor rahbarlari ishtirok etadi. Bu haqda tashkilot raisi Shavkat Zayniddinov Kun.uz’ga xabar berdi.
Zayniddinovga ko‘ra, «Zukko kitobxon» nomli tanlov tashkil etilishiga «Yosh kitobxon» tanlovining yoshlar orasida yaxshi kutib olingani va shu kabi tanlovlarga chekka hududlardagi kitobxonlarni ham jalb qilish rejasi sabab bo‘lgan.
«Zukko kitobxon» tanlovi tuman (shahar), viloyat va respublika bosqichi tarzida tashkil etiladi.
Tanlovni chekka hududlardagi yoshlarni ham kitobxonlikka keng jalb qilish maqsadida tashkil qilyapmiz. Bunda har bir sektor jamoasi tarkibida hududning uyushmagan yoshlari va shuningdek, jamoa sardori sifatida sektor rahbarlari ham (hokim, prokuror, ichki ishlar boshlig‘i va davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i) qatnashadi.
Biz bu tanlov orqali sektor rahbarlarining chekka tumanlarga va undagi yoshlar hayotiga ko‘proq kirib borishiga ham erishmoqchimiz. Tanlov nizomi va o‘tkazish shartlarini tez orada e'lon qilamiz», – dedi tashkilot raisi.
Shavkat Zayniddinovning qo‘shimcha qilishicha, tanlovning final bosqichida g‘oliblikka erishgan hudud yoshlari uchun o‘sha hududda katta bir kutubxona tashkil etishga yetarli miqdorda (1 o‘ringa 10 ming, 2 o‘ringa 5 ming va 3 o‘ringa 3 mingta) kitoblar jamlanmasi topshiriladi.