Grin karta yutganlarni Amerikada orzudagi hayot kutadimi? "Amerika orzusi"ga erishganlarning hikoyalari

Jamiyat 22:17 / 07.11.2021 48074

“Amerika shunday diyorki, o‘z yurtida fan doktori bo‘lgan inson bu yerda pitssa tashishi yoki diplomi ham bo‘lmagan odam katta tashkilotda ishlashi – tabiiy holat. O‘zbekistondagi kasbingiz AQShda hech qanday ahamiyatga ega bo‘lmasligi mumkin. Lekin Amerika o‘z ustida ishlaydiganlarni qadrlaydi” – Kun.uz’da grin karta hayotini o‘zgartirib yuborgan o‘zbeklar.

Grin kartaga arizalar qabuli tugashiga sanoqli kunlar qoldi. Katta ehtimol bilan ko‘pchilik yoki ko‘pchilikning tanishlari, tanishlarining tanishlari bu yil grin kartada omadini sinab ko‘rgan. Raqamlar ham o‘zbekistonliklarning grin kartaga qiziqishi va unda yutish ko‘rsatkichi yuqori ekanini isbotlaydi. 2022 yilgi dastur natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston – grin karta lotereyasi g‘oliblarining top beshtaligida. O‘zbekistonliklar 6 001ta lotereyani qo‘lga kiritgan.

Hozir grin karta mavzusining ichida yurganlar tili bilan aytganda “sezon”, ya'ni hujjatlar qabuli davom etyapti. Bu gal ham dastur orqali 55 ming kishiga AQShda yashash huquqi taqdim etiladi. Dastur g‘oliblari kompyuter yordamida tasodifiy tanlanadi. Natijalar esa may oyida e'lon qilinadi.

“Amerika orzusi”da o‘z omadini sinab ko‘rishni orzu qiladiganlar soni ko‘pligi sabab grin karta mavzusida turli gipotezalar ham tarqalgan. Masalan, “Samarqandliklarning grin kartada g‘olib bo‘lishi ehtimoli ko‘proq”, “Grin karta yutgan qizlarning sovchisi ko‘p bo‘ladi”, “Sizga grin karta arizasini to‘ldirib bergan firma kodingizni bermasligi mumkin. Yutuq chiqsa, ular sizdan pul talab qilishadi”, “O‘zingiz ariza to‘ldirgandan ko‘ra, firmalar yordam bersa, yutuq chiqishi ehtimoli yuqoriroq” va hokazo.

Maqolada bu kabi mish-mishlarga oydinlik kirituvchi suhbatdoshlarimizning fikrlari bilan tanishtiramiz. Undan oldin grin kartaga oid ba'zi qiziq ma'lumotlarni ham berib o‘tmoqchimiz. Xuddi yashil chiroqdan oldin sariq chiroq bir yonib o‘chganday bu faktlarni o‘qib nafas rostlab olsangiz bo‘ladi.

Grin karta – yashil karta tarixda sariq rangda ham bo‘lgan

Bugungi grin karta tarixi Ikkinchi jahon urushi davriga borib taqaladi. 1940 yilda AQSh Kongressi hozirgi grin kartaga aloqador “Xorijliklarni ro‘yxatga olish akti”ni qabul qiladi. 

Grin karta (ingliz tilida Green card – “yashil karta” deganidir) yillar davomida avval yashil, keyin sariq, pushti, so‘ng binafsharang ko‘k bo‘lgan. Va nihoyat 2010 yildan grin karta yana yashil rangda chiqarila boshlangan.

Egalariga salkam AQSh fuqarolari bilan teng huquqlarni beradigan grin karta faqat biz bilgan lotereyadan iborat emas. Grin kartaga 4 xil yo‘l bilan ega bo‘lish mumkin:

  • AQShda doimiy ish topish bilan;
  • AQSh fuqarosi yoki rezidenti bilan oila qurish;
  • AQSh kompaniyasiga katta miqdorda investitsiya kiritish;
  • Grin karta lotereyasida yutish.

Juda ko‘pchilik uchun oxirgi variant – AQShga borishning eng oson va muqobil varianti.

“Grin karta yutgan qizlarning sovchisi ko‘p bo‘ladi”

Birinchi suhbatdoshimiz, Nargiza Jizzax viloyatining Zafarobod tumanidan, 2017 yilgi dasturda g‘olib bo‘lib, AQShga ketadi. U hozir Ohayo shtatida, do‘konlardan birida sotuvchi bo‘lib ishlaydi.

Menga grin karta lotereyasida yutuq chiqishi o‘ta tasodifiy bo‘lgan. OTMga hujjat topshirgani borgan paytimda grin karta o‘ynatadigan agentlardan biri shaxsiy ma'lumotlarimni so‘rab olgan va to‘ldirgan. Men bu ham o‘qishga topshirish uchun kerak deb o‘ylaganman.

Mening ma'lumotlarimni to‘ldirgan grin karta firmasi Samarqandda joylashgan edi. Ular menga yutuq chiqqach, anketadagi manzilimga qarab uyimizni topib kelishgan. O‘shanda 22 yoshda edim. Hammasi birdaniga sodir bo‘lgan. Uyga ko‘p sovchilar kela boshlagan: meni uzatishdi va hujjatlar bilan bog‘liq hamma ishlarni kuyov tayyorladi. Aslida, hujjat ishlarini tushunmagan odam ularni o‘zi qilsa, xato qilib qo‘yishi mumkin. Birorta harf xato bo‘lsa ham, muammo chiqishi mumkin. Agentliklar esa AQShga kelishingizgacha bo‘lgan butun jarayonga to‘liq yordam berishadi. Albatta, pul evaziga.

Men yosh kelinchak edim, bor e'tiborimni oilaga qaratganman va grin karta haqida ko‘p o‘ylamaganman ham. Hamma rasmiylashtirish ishlarini turmush o‘rtog‘im qilgan. Bu orada bizga viza chiqdi. Yashash joyimdan ma'lumotnoma kechikib qolgani uchun turmush o‘rtog‘im mendan 2 oy oldin Amerikaga ketgan. AQShga birinchi kelganimda Nyu-Yorkka borganman, sababi u yerda qarindoshlarimiz bor edi. Ikki haftacha qarindoshlarim bilan Nyu-Yorkda yashaganman. Amerikaga birinchi marta kelgan odamning qarindoshlari bo‘lsa juda yaxshi, sababi bu yerdagi yo‘l-yo‘riqni bilgan odamdan maslahat so‘rash, ularning yordamidan foydalanish juda asqatadi.

Men ham AQShga kelganimda boshida juda qiyin bo‘lgan. Kelguncha oila ishlari sabab til o‘rganishga ham vaqtim bo‘lmagan. Qarindoshlarim hujjatlarimni tezroq rasmiylashtirishga yordam bergan.

“Amerikada hayot noldan boshlanadi”

Bu yerga hamma har xil sharoitda keladi. Kimdir O‘zbekistondagi bor mulkini sotib, kimdir qarz olib keladi. Tezroq oyoqqa turib olish orzusi bo‘ladi odamda. Hamma narsa noldan boshlanadi. Lekin AQShga moslashib olgandan keyin orzularga erishish ancha oson.

Birinchi kelganimda ozroq muddat Nyu-Yorkda tozalash ishlarini bajarganman. Hozir esa Ohayo shtatining Tsinsinnati shahrida yashayman. Bu yerda mehmonxona biznesi rivojlangan. Boshida mehmonxonada tozalash ishlarini bajarganman. Ertalab soat 9:00-15:00 oralig‘ida bir ishda, 15:00dan kechki 23:00gacha boshqa joyda ishlaganman. Ikki joyda ishlaganimda soliqlardan tashqari oyiga o‘rtacha 3 ming dollar maosh olardim. Bir necha yil shunday ishlagach, yirik savdo markazlaridan biridagi do‘konga sotuvchi bo‘lib ishga kirdim. Do‘kon egalari turklar bo‘lgani uchun turk tilini o‘rgandim, ingliz tilimni ham ishimda muomala qilishga kerak bo‘ladigan darajada bilaman.

“Faqat AQShga kelish uchun uylanadigan odamlar bor, qizlar ehtiyotkor bo‘lishgani ma'qul”

AQShga kelgach odam o‘ziga yaxshiroq sharoit yaratishga harakat qiladi. Men ham yaxshiroq ish topish va qulayliklarga ega bo‘lish uchun harakat qildim, bu orada bir necha yil o‘tdi. Hozircha O‘zbekistonga bora olganim yo‘q. Yanvarda borishni mo‘ljallaganman. Bu yerda, Tsinsinnatida dugonam bilan yashayman, u bilan birga ishlab tanishib qolib juda yaqin bo‘lib ketganmiz.

AQShning hamma shtatlarida o‘zbeklar bor. O‘zbek birodarlarimiz hech qachon bir-birini qiyin vaziyatda qoldirishmaydi. Kimgadir yordam kerak bo‘lsa doim yordam qo‘lini cho‘zishadi.

AQShga kelgach, qisqa muddatdan keyin turmushimdan ajrashishimga to‘g‘ri keldi. Hayotimda hammasi juda tez sodir bo‘ldi, AQShga kelib hayotim yaxshilangan bo‘lsa-da, baxtim to‘la-to‘kis bo‘lmaganidan afsuslangan paytlarim bo‘ladi.

Bunday hayot faqat menda emas. Bu yerga oila qurib kelib, keyin turmush o‘rtog‘i ajrashib ketgan qizlarni, yosh bolasini o‘zi boqishga majbur bo‘layotgan ayollarni ko‘p ko‘rdim. Grin karta chiqqan qizlarga uylanadiganlar orasida AQShga kelib olishni o‘ylaganlar ham bo‘lar ekan. Lotereyada g‘olib bo‘ladigan qizlarga turmush o‘rtoq tanlashda o‘ta ehtiyotkor bo‘lishni tavsiya qilardim. Aslida, oila qurib AQShga kelish majburiy emas, lekin qizlarning o‘zini musofirlikka jo‘natmaslik uchun ham ularni tezroq uzatishadi.

“Fan doktori Amerikada pitssa tashishi ham mumkin”

Keyingi suhbatdoshimiz – Hamidulla Ziyayev, Costco Wholesale korporatsiyasida infratuzilma tahlilchisi bo‘lib ishlaydi. Aslida, mutaxassisligi yurist bo‘lgan vatandoshimiz ham grin karta lotereyasi orqali AQShda yangi hayot boshlagan.

Hamidulla Ziyayev. Foto: Shaxsiy arxiv

Amerika shunday diyorki, o‘z yurtida fan doktori bo‘lgan inson bu yerda pitssa tashishi yoki diplomi ham bo‘lmagan odamning katta tashkilotda ishlashi – tabiiy holat. O‘zbekistondagi kasbingiz AQShda hech qanday ahamiyatga ega bo‘lmasligi mumkin. Aksincha, O‘zbekistonda e'tiborga ega bo‘lmagan oddiy hunaringiz AQShda tez ish topish va yangi imkoniyatlar eshigini ochishga yordam berishi mumkin. Ammo umumiy xususiyat shundaki, Amerika mehnat qiluvchilarni, o‘z ustida ishlaydiganlarni ardoqlaydi. Qiyinchiliklarga rozi bo‘ladigan, o‘z ustida ishlaydigan, qisqa muddatga emas – hayotini Amerikada kechirishni istab kelgan insonlar muvaffaqiyatga ertami-kechmi erishadi, degan fikrdaman.

Amerikada o‘zbeklar, umuman, butun dunyodan kelgan immigrantlar turli sohalarda ishlashadi: ular taksichilik qilishdan tortib universitetlarda dars ham beradi. Mening kuzatishlarim bo‘yicha o‘zbeklar, asosan, yuk tashish sohasida ishlashadi. Lekin IT sohasida va boshqa nufuzli yo‘nalishlarda ishlayotgan o‘zbeklar ham ancha ko‘payyapti.

“AQShga kelgach, afsuslanib, qaytib ketishni xohlagan paytim ham bo‘lgan”

Sababi moslashuv davrida qiyinchiliklar, oldingi davrni qo‘msash bo‘ladi. O‘zbekistonda nufuzli kompaniyada yurist bo‘lib ishlaganman, u yerda yaxshigina sharoitga ega edim. AQShda esa oddiy ishchiga aylanib qolgandim. Lekin vaqt o‘tib Amerikada ham nufuzli tashkilotga ishga kirdim. Shuning bilan IT injyenering menga yuridik sohadan ham ko‘ra ko‘proq mos ekanini angladim.

Hatto hozir bosh ofisi O‘zbekistonda bo‘lgan biror yirik kompaniya IT injyenering yo‘nalishida ishga taklif qilsa, rozi bo‘lgan bo‘lardim.

Oilada o‘zbek millatiga xos barcha qadriyatlarni to‘liq saqlab qolishga harakat qilamiz. Bilmadim, balki shu jihatdan konservativdirman. Sof o‘zbek tilida gaplashishga, chet so‘zlarni qo‘shmasdan muomala qilishga harakat qilamiz.

AQShda ish topishda bir qancha narsalarni e'tiborga olish kerak:

Amerikaga kelishdan bosh maqsad – bu yerdagi hayotingiz vaqtinchalik, faqat pul ishlab, jamg‘arib vatanga qaytish niyatida bo‘lsangiz, erishish uzoq muddat talab qiladigan, ko‘p xarajatli kasbga erishishga harakat qilish to‘g‘ri bo‘lmaydi.

Salohiyat – erishishga ko‘zingiz yetmaydigan ishga vaqt sarflab, hayotga bo‘lgan qiziqishingizni so‘ndirib qo‘ymang. Masalan, men ham qanchalik advokat bo‘lish chiroyli orzu bo‘lmasin, erishish uzoq bo‘lgani uchun bu niyatdan voz kechdim.

Qiziqish – eng yomoni o‘zingiz yoqtirmagan ishni qilish bo‘lsa kerak. O‘zbekistonda huquqshunos bo‘lib ishlaganman, ma'lumotim ham huquqshunoslik bo‘yicha.

Agar inson o‘z ustida doim ishlaydigan, qiziqishlariga mos kasbni tanlasa, o‘zlari va oilalari uchun ham ko‘proq manfaatli bo‘ladi deb o‘ylayman.

O‘zbeklar grin kartaga nega buncha ko‘p qiziqishyapti?

Menimcha, bu iqtisodiy faktor bilan bog‘liq. AQSh va O‘zbekiston orasida kunlik daromad miqdori o‘rtasidagi tafovut anchagina bo‘lsa kerak.

Lekin Amerikaga tezroq moslashib o‘z ustida ko‘proq ishlamasa, o‘z yurtida professor bo‘lgan odam pitssa tashishi mumkin. Iqtisodiy farovonlik uchun o‘z qadrini qurbon qilish qanchalik to‘g‘riligi esa boshqa masala.

“Tasdiqlash kodi uchun pul talab qiladigan grin karta firmalari ham bor”

Shohxusrav Sodirov – grin karta yo‘nalishidagi biznes egasi.

Shohxusrav Sodirov. Foto: Shaxsiy arxiv

Grin karta agentliklari lotereyaga ariza to‘ldirib berishdan tortib to viza olib AQShga ketgungacha bo‘lgan jarayonda hujjatlarni to‘ldirib berish, tarjima qilish xizmatlarini ko‘rsatadi. Bizning firma har yilgi arizalar mavsumida o‘rtacha 25 mingga yaqin odamga shunday xizmat ko‘rsatadi. To‘g‘ri, aslida, grin karta o‘ynash uchun firma xizmatidan foydalanish shart emas, lekin odamlar rasmlarni to‘g‘ri yuklash, hujjatlarni adashmasdan to‘ldirish uchun firmalar xizmatini tanlaydi. 2014 yildan beri faoliyat yuritayotgan bo‘lsak, shu paytgacha 500dan ortiq o‘zbekistonliklar yordamimiz bilan AQShga ketishgan.

Grin karta yo‘nalishida xizmat ko‘rsatayotgan hammaga ham ishonib bo‘lmaydi. Sababi grin kartada ariza to‘ldiruvchining tasdiqlash kodini bermasdan yutuq chiqsa, pul talab qiladiganlar ham bor. Kodsiz esa hech narsa qilib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘ta ehtiyotkor bo‘lish lozim.

Samarqandliklar nega ko‘p yutadi?

Grin karta haqida 7 yoshdan 70 yoshgacha deyarli barcha samarqandliklar bilishadi. Bu viloyatda grin karta firmalari ham ko‘p. Ular yil davomida grin karta uchun ishtirokchilarning anketa ma'lumotlarini yig‘ib yurishadi va to‘plab Samarqand shahridagi asosiy ofisiga jo‘natishadi. Va u yerda barcha anketalar jamlanib, grin kartaga qabul boshlangach, bu ma'lumotlar kiritiladi. Yutuq ko‘p chiqishining sababi oddiy: samarqandliklar ko‘proq grin karta o‘ynaydi va respublikada ko‘proq odam Samarqanddagi grin karta firmalari xizmatidan foydalanadi.

“To‘rtinchi urinishda grin karta chiqdi”

Bahromjon Qosimov esa 2020 yilgi grin karta g‘oliblaridan biri, hali O‘zbekistonda, Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanidan, 3 farzandning otasi, savdo-sotiq bilan shug‘ullanadi.

Bahromjon Qosimov. Foto: Shaxsiy arxiv

Grin kartaga 2015 yillardan boshlab qiziqqanman. Ungacha ham grin karta haqida eshitgandim, lekin bir o‘rtog‘im yutib AQShga ketgach, astoydil qiziqqanman. Shundan so‘ng to‘rt marta o‘ynab oxirgi martasida yutdim. Har safar grin kartaga hujjatni o‘zim to‘ldirganman. Aslida, uni to‘ldirish qiyin emas, faqat hammasini e'tiborli bo‘lib yozish kerak, xolos.

Yutuq chiqqan 2020 yili may oyida chiqishi kerak bo‘lgan javoblar iyunda chiqdi. Bizning yilda g‘olib bo‘lganlar pandemiya sabab bo‘lib suhbatga chaqirilmadik, hozir bu yil uchun ajratilgan vizalar muzlatilgan.

Hozircha AQShga ketishim aniq emas. Hammasi viza olishga bog‘liq. Lekin hozir yaxshi niyat bilan ingliz tilini o‘rganishga harakat qilyapman. Amerikaga borishni orzu qilgan odam til bilishi kerak.

AQShda tanishlarim bor. Ular yuk mashinasi haydaydi, taksichilik qiladi. Menga ham Amerikaga borish nasib qilsa, boshlanishiga yuk mashinasi haydash niyatidaman.

“Qizlarim ingliz tilini o‘rganishyapti”

Elbek Ayupov – Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridan, neft-gaz sohasida ishlaydi. 2 nafar farzandi bor.

Elbek Ayupov. Foto: Shaxsiy arxiv

Grin karta haqida avvaldan bilardim. 2008 yoki 2009 yilmidi, bir o‘ynab ko‘rgandim, lekin natijasi bilan qiziqib ham ko‘rmagandim. Chiqmagan bo‘lsa kerak deb o‘ylaganman. Ancha yildan keyin yana bir marta o‘ynab ko‘rdim va 2020 yilgilar orasida menga ham yutuq chiqdi. Hozir 2020 yilgilar uchun ajratilgan vizalar muzlatilgan. Mening hujjatlarim qabul qilingan va “suhbatga tayyor” statusidaman. Bu – viza olish ehtimoli bor degani.

Hozir neft-gaz yo‘nalishida laboratoriyada ishlayman. Mutaxassisligim – kimyo. Agar AQShga viza chiqadigan bo‘lsa, aynan shu yo‘nalishda ish topishga harakat qilib ko‘raman. Ayolim esa kosmetologiya yo‘nalishida ishlaydi, o‘zining doimiy mijozlariga ega. U ham Amerikada shu ishini davom ettirishga harakat qilsa kerak. Lekin tayyor mijozlarini tashlab ketishni uncha xohlamaydi. Qizlarimiz esa hozir ingliz tilini o‘rganishyapti.

Suhbatdoshlar fikrlaridan chiqarilgan xulosa: AQSh – mo‘jizalar mamlakati emas, orzulariga erishish uchun mehnat qilganlarga tezroq va ko‘proq narsaga erishish imkonini beradigan yurt. Ammo qayerda bo‘lsa ham, hamma narsa insonning o‘ziga, uning potensialiga bog‘liq.

Aytgancha, grin kartaga arizalar qabuli tugashiga ikki kun qoldi.

Zilola G‘aybullayeva,

Kun.uz jurnalisti

Ko‘proq yangiliklar: