Ma'lum bo‘lishicha, 2021 yilning 16 oktabr kuni Qo‘shtepa tumani Xumdon mahallasi hududidagi zovur yoqasidan erkak kishining jasadi topilgan. Surishtiruv natijasida erkak Marg‘ilon shahar, «Alisher Navoiy» MFYda yashagan 34 yoshli S.Y. ekani aniqlandi.
Tergov jarayonida ma'lum bo‘lishicha, Marg‘ilon shahar Ahmad Yassaviy mahallasida yashovchi A.A. tanishlari – 2001 yilda tug‘ilgan M.M. hamda A.M. bilan jinoiy til biriktirib, avtoulovni bo‘laklarga bo‘lib sotishni reja qilgan.
15 oktabr kuni soat 21:00larda A.A. o‘ziga tegishli bo‘lgan «Lacetti» rusumli avtomashinasida jinoiy sheriklarini Farg‘ona shahrida joylashgan O‘lkashunoslik muzeyi yoniga tashlab qo‘ygan.
A.A Qo‘shtepa tumani, Xumdon mahallasiga borib, rejani amalga oshirish maqsadida sheriklarini kutib turgan. Bu orada M.M. va A.M. haydovchi S.Y. boshqaruvida bo‘lgan «Spark» avtomashinasiga o‘tirib Xumdon mahallasiga kelgan.
Haydovchini bo‘g‘ib, pichoq bilan turli joylariga tan jarohati yetkazgan guruh «Spark»ni noma'lum joyga olib qochgan.
Mazkur jinoyat ishi doirasida 4 nafar shaxsga nisbatan JKning 97-moddasi 2-qismi «i», «p» bandlari, 164-moddasi 3-qismi «g» bandi bilan ayb e'lon qilinib, sud ajrimi bilan qamoqqa olish tarzdagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
16 oktabr kuni Qo‘shtepa tumani prokuraturasi tomonidan JKning 97-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda Farg‘ona viloyat prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.