“To‘rt nafar o‘g‘lim bor edi, to‘ng‘ichim Samirbek bu yil 33 yoshga to‘lgandi. Ramazon oyida 26 aprel – dushanba kuni ertalab biz bilan xayrlashib, ishiga jo‘nab ketgandi. Soat 10:00 va 11:00 oralig‘ida o‘g‘lim Sarvarbek qo‘ng‘iroq qilib Toshkent shahar IIBB ro‘parasidagi klinikaga yetib keling dedi. Sababini aytmadi, ammo ovozidan nimadandir qattiq hayajonda ekanini sezdim. O‘sha paytda ko‘chada ish bilan yurgandim, zudlik bilan aytilgan joyga yetib bordim.
Borib ne ko‘z bilan ko‘rayki, uydan soppa-sog‘ holatda chiqib ketgan Samirbek joni uzilgan holatda yotardi. Bu biz uchun juda og‘ir musibat bo‘ldi. O‘sha kuni jasadini topshirishdi. Olib kelib dafn etdik. O‘g‘limni Alloh rahmat qilsin.
Samirbekdan 4 nafar norasida farzand yetim qoldi. Eng kattasi 13 yashar, keyingisi 11 yashar, egizaklar Fotima va Husayn kuni kecha 9 oylik bo‘lishdi. Ma'raka-marosimlarini o‘tkazdik. O‘sha paytda boshqa narsa haqida o‘ylaydigan ahvolda emasdik. Bosh prokuratura boquvchisini yo‘qotgan nevaralarimning kelajagini o‘ylab qonunlarda belgilangan nafaqalarni to‘lasa kerak deb kutdim, biroq bu bo‘yicha hech qanday tashabbus bo‘lmadi. Faqat oxirgi oyligini keltirib berishdi, Bosh prokuratura va kasaba uyushmasidan 5-6 mln so‘m miqdorida yordam qilishdi, albatta. Ammo bu Mehnat kodeksida yoki prokuratura to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan normalar doirasidagi yordam va nafaqalar emasdi”, deya A'zamjon Rahmonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Marhumning otasi o‘g‘lining voyaga yetmagan farzandlari boquvchisiz qolgani sababli qonun hujjatlarida belgilangan tovon puli berilishini so‘rab dastavval bosh prokuror nomiga xat bilan murojaat qilganini, biroq iltimosi bo‘yicha rad javobini olganini ta'kidlaydi. So‘ngra sudga da'vo arizasi kiritadi.
“Bosh prokuraturaning javobidan keyin anchagacha o‘ylab yurdim. Chunki ushbu idoraga sudlarning “tishi” o‘tmasligini bilardim, lekin shunday bo‘lsa ham 4 nafar norasida bolaning haqi uchun ularga qonuniy nafaqalar to‘lab berilishini so‘rab fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudiga murojaat etishga qaror qildim.
Sudning qarori “kutganimdek” bo‘ldi. Ya'ni da'vom rad qilindi. Bu javobgar tomon – Bosh prokuraturaning, balki tazyig‘i ostida yuz bergan bo‘lishi mumkin. Shundan so‘ng fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudiga FIB Mirobod tumanlararo sudining hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya berishga majbur bo‘ldim. 12 noyabr kuni soat 14:00 shikoyatim apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqildi. Lekin hanuzgacha Bosh prokuratura aloqaga chiqib, sudgacha bu masalaga yechim topish bo‘yicha jiddiy harakatlar bo‘lgani yo‘q”, – deydi A'zam Rahmonov.
Samir Rahmonovning o‘limi bo‘yicha berilgan rasmiy xabarlarda farzandingizda yurak kasalligi borligi qayd etilgan. Marhumning otasi farzandi prokuratura tizimiga ishga kirganda sog‘lom bo‘lgani, kasalliklar esa uning so‘nggi uch yildagi faoliyati davomida orttirilganini, bunga Bosh prokuraturadagi ish vaqtining tartibsizligi sabab bo‘lganini aytmoqda.
“Prokuratura tizimiga xizmatga qabul qilinuvchilar uchun “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunda belgilab qo‘yilganki, nomzodning sog‘lig‘i talabga javob bersa, ishga qabul qilinadi. Bu qonunning 43-moddasida alohida keltirilgan. Ya'ni nomzodlar sog‘lom bo‘lishi kerak. Samirbek 23 yoshida barcha tibbiy ko‘riklardan o‘tib xizmatga kirgandi. Avlodimizda nasldan o‘tadigan boshqa kasalliklarimiz yo‘q. Shuning uchun o‘g‘limning yurak xurujiga uchragani, miya qon tomirlarining yorilishi kuzatilgani, bularning barchasi Bosh prokuraturadagi tartibsiz ish vaqti bilan bog‘liq. Samirbek xizmat faoliyati davomida bu kasallikni orttirdi.
Hujjatlar iloji boricha Bosh prokuraturaga gap tegmaydigan qilib rasmiylashtirilganining guvohi bo‘ldim. Ularda qayd etilishicha, farzandim klinikaga olib kelinganidan so‘ng, shifoxonada qazo qilgan. Men Bosh prokuraturaning ushbu xatti-harakatlaridan qattiq noroziman. Chunki Samirbek klinikaga olib kelingan vaqtda dalolatnoma tuzilgan va u 4 shifokor tomonidan imzolanib, bosh shifokor muhr bilan tasdiqlagan. Hujjatda shifoxonaga Bosh prokuraturadan o‘g‘limning jasadi olib kelingani ochiq-oydin yozib qo‘yilgan. Ya'ni farzandim shifoxonaga olib kelish jarayonida ham emas, balki Bosh prokuraturaning o‘zida, ish vaqtida, xizmat vazifasini bajarayotgan paytida vafot etgani ma'lum bo‘ldi.
Bosh prokuratura xodimlari IIV Markaziy poliklinikasida tibbiy ko‘rikdan o‘tadi va shu yerda ro‘yxatda turadi. O‘g‘limning tibbiyot daftarchasini olib o‘rganganimda u yurak-qon tomir kasalliklari bo‘yicha doimiy ro‘yxatga olingani, bir necha marta kasal bo‘lib muolaja olgani, biroq oxirigacha davolanmasdan ishxonaga chaqirib olinganidan xabar topdim. O‘g‘limda bu kasallik so‘nggi uch yilda – Bosh prokuraturaning markaziy apparatidagi faoliyati davomida paydo bo‘lgan. Bu ma'lumotlarning hammasini sudga taqdim etganman”, – deydi A'zam Rahmonov.
Ma'lum bo‘lishicha, o‘lim sababini aniqlash bo‘yicha sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazilmagan. Samir Rahmonovning jasadini ekspertizaga olib bormoqchi bo‘lishganda marhumning otasi o‘g‘lining tanasi yorilishiga rozi bo‘lmagan. U bu harakatini o‘lim sababi ekspertizasiz ham ro‘yi-rost ma'lumligi, farzandining bosh miyasida qon tomirlari yorilgani yaqqol ko‘rinib turgani bilan izohlagan.
Marhumning yaqinlari hodisa ro‘y bergan kuni ish beruvchi – Bosh prokuratura mehnat inspeksiyalarini jalb qilib, xodimining o‘limi yuzasidan surishtiruv o‘tkazmagani, qonunchilikda belgilangan tartibda dalolatnomalar tuzmaganini aytmoqda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Shayxontohur tuman prokuraturasida holat bo‘yicha jinoyat ishi ochilib, ma'lum vaqtdan keyin yopib qo‘yilgan.
“Sudda ishtirok etgan Bosh prokuraturaning ishonchli vakili iloji boricha Samirbekning o‘limi ish vaqtida ro‘y bergan baxsiz hodisa emasligiga, uning Bosh prokuratura binosida ish vaqtida vafot etmaganiga, o‘lim holati marhum o‘z xizmat vazifalarini bajarayotganda ro‘y berganini tan olmasdan boquvchisiz qolgan 4 nafar norasida uchun tovon puli to‘lab berilishi haqidagi da'voni rad etishga harakat qildi. Lekin Mehnat kodeksining 187-, 194-moddalarida ish joyida, xizmat vazifalarini bajarayotgan paytda vafot etgan insonning oilasiga, boquvchisiz qolgan farzandlariga qonun doirasida nafaqa, ma'naviy zarar va boshqa to‘lovlar to‘lanishi belgilangan. Afsuski, prokuratura qonunda belgilangan bu normalar o‘z xodimiga nisbatan tatbiq etilishiga qarshilik ko‘rsatib kelmoqda”, – deydi A'zamjon Rahmonov.
Uning aytishicha, “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunning 51-moddasida prokuratura organlari xodimlarining hayoti va sog‘lig‘i respublika budjeti mablag‘lari hisobidan davlat tomonidan majburiy tartibda sug‘urtalanishi belgilangan bo‘lsa-da, marhum farzandi ham, Bosh prokuraturaning boshqa xodimlari ham sug‘urtalanmagan. A'zam Rahmonov Bosh prokuratura va “O‘zbekinvest” sug‘urta kompaniyasi o‘rtasida ish beruvchining javobgarligini sug‘urtalash bo‘yicha shartnoma tuzilgan bo‘lib, uning qiymati 60 mlrd so‘mdan ortiq ekani va mazkur hujjat bugungi kunda ham amaldaligini, biroq hech bo‘lmasa shu hujjat doirasida bo‘lsa ham farzandi uchun tovon puli to‘lab berilmayotganini ta'kidlaydi.
Toshkent shahar sudi tomonidan 2 noyabr kuni e'lon qilingan rasmiy bayonotda A'zamjon Rahmonov fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudiga javobgar Bosh prokuraturaga nisbatan farzandi vafoti munosabati bilan ish joyidan nafaqa puli undirish hamda ma'naviy zararni undirish to‘g‘risidagi da'vo arizasini ko‘rib chiqish ikki marta qoldirilgani, so‘ngra sudning 2021 yil 17 sentyabrdagi hal qiluv qarori bilan da'vogar da'volari rad qilingani, A'zamjon Rahmonov ushbu qarordan norozi bo‘lib kiritgan apellyatsiya shikoyati Toshkent shahar sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay'atida ko‘rib chiqilishi haqida so‘z boradi. Biroq bayonotda da'vo arizasi nima uchun birinchi instansiya sudi tomonidan rad etilgani yuzasidan izoh berilmagan.
Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinov Kun.uz’ning mazkur sud ishiga doir savollariga barcha ma'lumot FIB Mirobod tumanlararo sudining 17 sentyabrdagi hal qiluv qarorida mavjudligini aytish bilan kifoyalandi.
A'zamjon Rahmonovning 26 aprel kuni shakllangan tartib bo‘yicha Bosh prokuraturada ertalab yig‘ilish bo‘lgani, o‘sha yig‘ilishda balki Samir rahbarlardan qattiq “gap eshitgani”, ushbu hodisa ta'sirida sog‘lig‘i yomonlashib vafot etgan bo‘lishi mumkinligini ta'kidladi. Biroq bu taxmin ekani, uni isbotlovchi dalillarga ega emasligini ham qo‘shimcha qildi.
“Rahmatli Samir qattiq gap eshitadigan ishlar qilmas edi. Nihoyatda ishchan, tashabbuskor, intizomli va mas'uliyatli xodim edi. Uning o‘limi biz uchun ham katta yo‘qotish bo‘lgan. Hozirgacha o‘zimizga kelolganimiz yo‘q”, deya marhumning otasi aytgan fikrga munosabat bildirdi Bosh prokurorning matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov.
Kun.uz Bosh prokuratura xodimining boquvchisiz qolgan farzandlari manfaatlarini ko‘zlab ish beruvchidan tovon puli talab qilinayotgani amaldagi qonun hujjatlariga qanchalik mosligi yuzasidan izoh olish maqsadida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga murojaat qildi. Vazirlik matbuot xizmati yordami bilan Davlat mehnat inspeksiyasi boshlig‘i Qudratullo Odinayev bilan bog‘lanib, holat bo‘yicha izoh berishini so‘raganimizda u dastlab voqeadan xabari yo‘qligini ma'lum qildi. Telegram orqali unga hodisaga oid ma'lumotlar taqdim etilgach esa hujjatlarni o‘rganib chiqib izoh berishini ma'lum qildi.
Biroq ertasi kuni qo‘ng‘irog‘imizga javoban Sirdaryoda xizmat safarida ekani, kechki soat to‘rtlarda Toshkentga yetib borgach, intervyu berishini aytgan bo‘lsa-da, va'da qilingan vaqtda qo‘ng‘iroqlarimizga javob bermay qo‘ydi. 5 noyabr kuni esa shamollab qolgani, davolanayotganini aytib, izoh berishdan o‘zini olib qochdi. Intervyu berishga rozi bo‘lib turgan mulozimning o‘tgan 3 kun ichida fikridan qaytib qolgani nima bilan bog‘liqligi bizga qorong‘i.
Jamshid Niyozov, jurnalist
Tasvirchi va montaj ustasi: Abdusalim Abduvohidov