Samarqand viloyatida hanuzgacha qog‘ozbozlik va byurokratiyani «yaxshi ko‘radigan» tashkilotlar borligi ma'lum bo‘ldi

Jamiyat 19:28 / 05.11.2021 925

2021 yil 23 martda prezidentning «Aholi va tadbirkorlik sub'yektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni e'lon qilindi. Mazkur farmonga ko‘ra, joriy yil 1 iyundan boshlab aholi va tadbirkorlardan 18 turdagi hujjat hamda ayrim ma'lumotnomalarni talab qilish tartibi bekor qilingan.

Farmonda davlat organlari va tashkilotlari jismoniy shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda, ishga qabul qilish jarayonida va boshqa ma'muriy tartib-taomillarni amalga oshirishda mazkur hujjat va ma'lumotnomalarni mustaqil ravishda, «Elektron hukumat» tizimida idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali so‘rab olishi lozimligi belgilangan.

Biroq Samarqand viloyatida qator davlat idoralari va tashkilotlari tomonidan fuqarolardan ushbu hujjatlarni talab qilish holatlari hamon kuzatilmoqda. Davlat xizmatlari agentligining Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmatining ma'lum qilishicha, joriy yilning 1 iyunidan boshlab hozirgacha viloyatdagi Davlat xizmatlari markazlari orqali fuqarolar tomonidan jami 17 376 ta ana shunday hujjat va ma'lumotnomalar olingan.

Xususan, narkologiya dispanseri hisobida turish yoki turmasligi to‘g‘risida jami 4 730 ta ma'lumotnoma berilgan. Ularning:

  • 1416 tasi ichki ishlar organlari;
  • 1250 tasi tibbiyot birlashmalari va muassasalari;
  • 534 tasi mudofaa organlari;
  • 247 tasi mehnat va bandlik organlari;
  • 216 tasi mahalliy hokimliklar;
  • 132 tasi oliy va o‘rta maxsus ta'lim muassasalari;
  • 310 tasi xalq ta'limi muassasalari tomonidan so‘ralgan.

Bundan tashqari, jami 1857 nafar fuqaroning nikohi qayd etilgani yoki nikohda turmasligi to‘g‘risidagi yozma ma'lumotnoma talab qilib olingan.

Davlat idoralari tomonidan eng ko‘p so‘ralgan ma'lumotnomalar qatoriga ruhiy kasalliklar dispanserida ro‘yxatda turishi yoki turmaslik (5127 ta), sudlanmaganlik (4083 ta), tug‘ilganlik (1246 ta) hamda fuqaroning nomida uy-joy bor yoki yo‘qligi to‘g‘risidagi ma'lumotnomalarni (1117 ta) kiritish mumkin. Farmonda bunday turdagi ma'lumotnomalarni fuqarolardan talab qilish tartibi bekor qilingan.

Davlat xizmatlari agentligining Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan bugungi kunga qadar qog‘ozbozlikni davom ettirib kelgani uchun davlat tashkilotlariga 107 ta ogohlantirish berilgan. Bundan tashqari, viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi, Urgut tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazi, Urgut tumani xalq ta'limi bo‘limi, Urgut tuman irrigatsiya bo‘limi, Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Urgut tuman bo‘limi xodimlari, jami to‘qqiz kishi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 2155-moddasi (Davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qonunchilikni buzish) bilan javobgarlikka tortilgan.

Ko‘proq yangiliklar: