Shokir Xoliqov Kun.uz’ga bergan intervyusida an'anaviy tarzda o‘tkaziladigan kinofestivalda qatnashish uchun besh yuzdan ziyod ariza kelib tushganini ta'kidladi.
“Festivalda Markaziy Osiyo davlatlari vakillari ishtirok etishi mumkin. Festivalda ishtirok etmoqchi bo‘lgan jamoa sayt orqali ro‘yxatdan o‘tishi kerak. Bir kishi bitta jamoa bo‘lib ham qatnashishi mumkin, ammo u ham o‘z ism-familiyasi bilanmas, balki biror nomdagi jamoa sifatida qatnashadi.
Ikki yil oldin bir tanishim menga shu festivalda qatnashishni taklif qilib, sayt havolasini yuborgandi. O‘sha paytda ishlarim ko‘pligidan qatnasha olmagandim. Bu yil tasodifan yana o‘sha saytga ko‘zim tushib qoldi, qarasam festivalga qabul boshlangan ekan. Qatnashishga qaror qildim.
Festival boshlanguncha sizga elektron pochtadan ishtirokchilarni ro‘yxatga olish jarayoni tugagani, festival qachondan boshlanishi va boshqa ma'lumotlar kelib turadi. Ishtirokchilar soni besh yuz nafardan ortganini ham ana shu xabarlar orqali bildik.
Festivalning sharti shuki, avvaldan tayyorlab qo‘yilgan materiallar yuborilishining oldini olish maqsadida tashkilotchilar tomonidan beshta shart qo‘yiladi. Bu yil bizdan film 4 minutdan oshmasligi, bosh qahramon yugurayotgan shaxs bo‘lishi, kadrda 30 raqami albatta ishtirok etishi, filmda suv tasvirlaridan foydalanilishi hamda bosh qahramon: “Ha, oson” deb so‘zlarni aytishi talab qilindi. Shartlar e'lon qilingach, 48 soat ichida film tayyorlanib yuborilishi kerak. Kechikkan ishlar qabul qilinmaydi”, deya yosh rejissyorning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Shokir Xoliqovning “Messi” filmi afg‘onistonlik qochqinlar haqida. Film qahramonlari – Murtazo va uning futbolchi ukasi boshqa davlatda tinch, osuda yashashni istaydi. Rejissyor tasvirga olish ishlari qanday kechgani haqida quyidagilarni so‘zlab berdi.
“Shartlar e'lon qilinganini men kech bildim. Elektron xabarni ochib ko‘rganimda 48 soatning katta qismi o‘tib ketgan, ya'ni bir kunni boy bergandim. Dastavval bo‘ldi, ulgurmayman deb qatnashmaslikka qaror qilgandim. Biroq keyin bir kun bo‘lsa ham vaqtim bor-ku, mendan nima ketdi deb do‘stlarim – rassom Erkin Xushmatov, operator Diyor Istamovlarni uyga chaqirib, film ssenariysi haqida bosh qotirdik.
Shartlardan biri filmda 30 raqamining ishtirok etishi bo‘lganini yuqorida aytdim. Shu payt jamoasini o‘zgartirgach, 30-raqamni olgan Messi ko‘z oldimga keldi. Shu fikrni aytishim bilan Diyor afg‘onistonlik qochqinlar haqida film olsak-chi deb qoldi. Bu o‘sha paytda dolzarb mavzu edi.
Sheriklarim ketgach, ssenariyni yozib tugatdim. Ertasiga jamoa bilan ishga kirishdik. Film uchun tanlangan joy Toshkent viloyatida joylashgan. Avval ham bu yerda boshqa bir filmni tasvirga olganimiz uchun Afg‘oniston tasavvurini beradigan joy qidirganimizda shu yer xayolga keldi.
Ssenariyni yozayotganimda rollarni kimlar ijro etishini ham o‘ylab qo‘ygandim. Filmda aka rolini o‘ynagan yigit Alizoda Mehribon, uning asli kasbi rejissyorlik, lekin rollar ham ijro etib turadi. Bosh rol ijrochisi Firdavs Bo‘riyev, u bilan avval ham birga ishlaganman. Bir-birimizni juda yaxshi tushunamiz. Kinoda birinchi o‘rinda hayvon bilan ishlash qiyin bo‘lsa, ikkinchi o‘rinda yosh bola bilan ishlash qiyin. Bu rolni begonaga berolmasdim, chunki vaqt juda-juda oz, yangi aktyorga o‘ylaganlarimni tushuntirgunimcha qosh qorayib ketardi.
Ikkovlonni olib film tasvirga olinadigan joyga bordim. Toshkentdan soat 11da chiqqan bo‘lsak, soat birlarda s'yomka ishlari boshlandi. Kechki beshgacha ishladik. Kechasi bilan montaj qilib, filmni tugatdik. Montaj yetti-sakkiz soat davom etdi. Ertalab soat sakkizlarda material tayyor bo‘ldi va uni tashkilotchilarga yubordim”, deydi Shokir Xoliqov.
Ta'kidlanishicha, festivalga 228 tadan ko‘p film kelib tushgan. Shundan birinchi bosqichda 48 ta film saralab olingan. O‘zbekistonlik yosh kinoijodkorlar tomonidan ishlangan qisqa metrajli film "48 Hour film race" festivalining “Eng yaxshi film” hamda “Eng yaxshi drama” nominatsiyalari bo‘yicha g‘olib deb topilib, Nyu-York kinoakademiyasiga o‘qish uchun yo‘llanma, diplom hamda statuetka bilan taqdirlangan.
“Buni qarangki, bir kun ichida tasvirga olib, so‘nggi soatlarda qabul qilingan filmimiz birinchi o‘ringa loyiq deb topildi. Bir filmning ikkita nominatsiyaga sazovor bo‘lishi, qolaversa, g‘olibga Nyu-York kinoakademiyasiga o‘qish uchun yo‘llanma berilishi festival tarixida birinchi marta yuz beribdi.
Ijodiy jamoam bilan avval tasvirga olingan bir qancha filmlarda birga ishlaganmiz. Bitta qo‘ng‘iroq qilsam, birpasda yetib kelib ish boshlaydigan yigitlar. Azbaroyi kinoni yaxshi ko‘rgan odamlarning atrofimda yig‘ilgani katta yutug‘im deb bilaman”, deydi Shokir Xoliqov.
Shokir Xoliqov 1992 yilda Surxondaryo viloyatning Sho‘rchi tumanida tug‘ilgan. U O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat institutida “Televideniye va radio rejissyorligi” bo‘yicha tahsil olmoqda.
Yosh rejissyor shu paytgacha Fransiya, Yaponiya, Turkiya, Hindiston, Rossiya, Makedoniya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonda bo‘lib o‘tgan qisqa metrajli filmlar xalqaro kinofestivallarida g‘olib bo‘lgan. Uning "Bizni tushunishmaydi", “Choy" qisqa metrajli filmlari bir nechta tanlovlarda g‘olib deb topilgan.
Jamshid Niyozov suhbatlashdi.