Toshkentdagi Planetariy – e'tiborga muhtoj ilm maskani

Jamiyat 19:20 / 04.11.2021 12146

Aytish joiz, Planetariy bir necha yillar davomida e'tibordan chetda qolgan va abgor holatga kelib qolgan edi. Majmua rahbariyatining sa'y-harakatlari bilan bu makon obod manzilga aylantirilmoqda. Albatta, muammolar yetarlicha. Lavhamiz davomida o‘zingiz guvoh bo‘lishingiz mumkin.

Majmua hovlisi qarovsiz ahvolda yotgan, daraxtlar quriy boshlagan, sug‘orish tizimi ishdan chiqqan, yashil hudud qovjiray boshlagan. Majmua ichi esa talabga mutlaqo javob bermaydigan ahvolga kelib qolgan edi: dekoratsiyalar, o‘rindiqlar, urnalar, eksponatlar eskirgan, singan, buzilgan...

19 nafar xodim ishlaydigan majmua o‘z imkoniyatlari va homiylik mablag‘lari hisobidan 7 yil deganda ozmi-ko‘pmi tuzukroq holatga keltirildi. Afsuski, shahar hokimligi va Madaniyat vazirligi tomonidan Planetariyga e'tibor yetarli emas.

Eskirgan inventarlar turli buzilgan park va saroylarda “spisat” qilingan inventarlarga almashtirildi: “Turkiston” saroyidan foydalanilgan, eski, biroq yaroqli o‘rindiqlar, Uchtepa tumanidagi madaniyat va istirohat bog‘idan olib tashlanib, chiqitga chiqarilgan urnalar keltirildi va o‘rnatildi. Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti talabalarining bitiruv diplom ishi o‘laroq kiraverishdagi panno chizdirildi.

Qisqasi, yaxshi mablag‘ va e'tibor berilsa, oz fursat ichida gullab-yashnagan maskanga aylantirib qo‘yish mumkin bo‘lgan Planetariy 7 yil deganda oz-ozdan, asta-sekin obod qilib borildi. Biroq hanuz kamchiliklar bisyor, qilinishi kerak bo‘lgan ishlar yetarli.

Ayniqsa, xodimlar rag‘batlantirilishi borasida ahvol achinarli. Oyiga 700-800 ming so‘m maoshga ishlaydigan astronomiya fidoyilariga haykal qo‘ysa arziydi, ta'bir joiz bo‘lsa. Bu yerdagi ishchilarni fidoyilik, entuziazm ushlab turibdi.

Biz ko‘rsatuvni suratga olgach, uni tayyorlashimiz asnosida Planetariy rahbari majmuaga yuqori darajada e'tibor berishga va'da berilganini xabar qildi. Kerakli mablag‘ ajratish va material-texnik bazani mustahkamlashga va'dalar berilgan, tuman Obodonlashtirish boshqarmasi va Ekologiya qo‘mitasi Planetariy hovlisidagi qarovsiz daraxtlarni butab, sug‘orish tizimini rekonstruksiya qilib berishga bel bog‘lashgan.

Kun.uz va'da qilingan bu xayrli ishlar amalga oshishidan umidvor. Biz bu jarayonni kuzatib boramiz, sizni esa Planetariy bo‘ylab sayohatga taklif qilamiz.

Bobur Akmalov,
Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov.

Ko‘proq yangiliklar: