Mozilla Common Voice bilan birga o‘zbek tilini raqamlashtirishda ishtirok eting va maxsus sovg‘aga ega bo‘ling

Jamiyat 14:00 / 04.11.2021 7602

Katta hajmdagi ma'lumotlar – yirik kompaniyalar foydalanadigan qimmatli manba bo‘lib, u hamma uchun ham ochiq emas.

O‘zbek tilidagi ma'lumotlarning yetishmasligi va katta hajmdagi ma'lumotlardan foydalanishdagi cheklovlar, innovatsiyalarga va mahalliy startaplarning rivojlanishiga to‘sqinlik qilmoqda. Ovozni aniqlash texnologiyasi hamma uchun ochiq va mavjud bo‘lishi uchun biz UzbekVoice loyihasini ishga tushirdik.

Mazkur loyiha doirasida biz sizni ma'lumotlar to‘plashda ko‘maklashishga chorlaymiz. Buning uchun o‘zbek tilidagi gaplarni o‘qish yoki tinglash kifoya. Vaqtingizning atigi 5 daqiqasini 5 ta jumlani o‘qishga sarflab siz o‘zbek tilini rivojlantirishga hamda raqamlashtirishga ulkan hissa qo‘shgan bo‘lasiz. Siz shuningdek, qimmatbaho sovrinni yutib olishingiz ham mumkin. Uch nafar eng faol o‘quvchi va uchta faol tinglovchi hard drive HDD Smart Watch yoki powerbank (bir kishiga faqat bitta sovrin beriladi) sohibiga aylanishi mumkin.

Tashabbusda ishtirok etish qoidalari qanday?

1. Mozilla Common Voice platformasining O‘zbek tili sahifasiga kiring (commonvoice.mozilla.org/uz). Platformada ro‘yxatdan o‘ting (ixtiyoriy);

2. “O‘qish” tugmasini bosing va o‘zbek tilidagi jumlalarni o‘qib, ovozingizni bazada yozib qoldiring;

3. “Tinglash”ni bosing va boshqalar o‘qigan gaplarni tinglab, aniqligini tekshiring.

Ikkala jarayon ham tashabbusimiz rivoji uchun juda muhim!

Tashabbusda ishtirok etish uchun profil mavjud bo‘lishi shart emas, lekin siz sovrinlar uchun kurashishni va ma'lumotlarning aniqligini yaxshilashda bizga yordam berishni istasangiz, ro‘yxatdan o‘tish maqsadga muvofiqdir. Profilda siz o‘zingizning reytingingizni kuzatishingiz, shuningdek boshqa o‘quvchilar hamda tinglovchilarning reytingi guvohi bo‘lishingiz mumkin. Siz kiritgan yozuvlar miqdori omma uchun ochiq bo‘ladi, ammo sizda foydalanuvchi nomingizni ochiq yoki anonim qilib qo‘yish imkoni bor. Biz sizning elektron pochtangizdan foydalanmaymiz, shuningdek demografik ma'lumotlar bo‘lishi ham shart emas.

Har qanday ishlab chiqaruvchi o‘z ilovalari va saytlarini yaratishda foydalanishi mumkin bo‘lgan ma'lumotlarning katta ochiq bazasini yaratishga yordam berish uchun, bizga o‘z ovozingizni yuboring. Birgalikda biz sun'iy intellekt algoritmlarini o‘zbek tilini tushunishga o‘rgata olamiz, demak biz tilni raqamlashtirishga va undan foydalanish ko‘lamini kengaytirishga o‘z hissamizni qo‘shgan bo‘lamiz. Haqiqiy odamlar qanday gapirayotganini mashinalar tushunishiga yordam berish uchun, iboralarni talaffuz qiling. Sifatni yaxshilash uchun boshqa volontyorlarning ishini tekshiring.

Sizning ishtirokingiz muhimdir!

Mazkur tashabbus BMTTDning O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish Vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ”O‘zbekistonda raqamli transformatsiyani rivojlantirish” loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.

Reklama huquqi asosida

Ko‘proq yangiliklar: