Pop tumanining mirobodliklari bilan uchrashish uchun borib, ularda mahalliy hokimlik vakillarining va'dalariga ishonch qolmaganiga guvoh bo‘ldik.
Ota-onalar g‘arib maktab deya ta'riflagan Pop tumani Mirobod qishlog‘idagi 52-umumta'lim maktabidagi holat haqiqatda achinarli. 180 o‘quvchiga moslashgan ta'lim dargohida 352 nafar o‘quvchi ta'lim oladi. Maktabdagi 15-20 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan 8 ta sinf xonasida 25-30 nafar bola tiqilib o‘qiyapti.
O‘qish jarayoni sanitariya talablariga javob bermaydi. Sinflarda partalar doska qoqilgan devorga taqab qo‘yilgan. O‘qituvchilar xonasi koridorga joylashgan bo‘lib, stol-stulga joy yo‘qligi sabab, o‘qituvchilar navbatma-navbat o‘tirib darsga tayyorgarlik ko‘rishadi. Maktab ahli uchun oshxona, sport va tadbirlar zali, to‘garaklar uchun xonalar – orzu.
Direktor, o‘rinbosarlar, xo‘jalik mudiri, psixolog va kadr menejmenti mutaxassislari bir xonada o‘tirishadi.
Bolalar maktabga uch uloq simyog‘ochlar ostidan qatnaydilar. Bir so‘z bilan aytganda, maktab muammolarga to‘la. Besh yildan beri qishloq ahli va o‘qituvchilarning murojaat qilmagan tashkiloti qolmagan.
Eng qizig‘i, Kun.uz muxbiri mazkur maktabga muammolar yuzasidan 2019 yili ham kelgan va tuman mutasaddilari muassasa 2020 yilgi dasturga tushgani va mirobodlik o‘quvchilar 2021/22 o‘quv yilini yangi maktabda boshlashini aytishgandi.
Vaqt o‘tdi. O‘sha kamchiliklar o‘sha holicha, rahbarlarning va'dalari esa va'daligicha qoldi.
Maktabning 10-sinflariga biologiya darsi o‘tilayotgan xonaga kiramiz.
“Xonamiz tor. Sharoit yaxshi emas. Xona torligi uchun partalarga joy yetishmaydi. Doska qoqilgan devorga tirab parta qo‘yganmiz. Tiqilishib o‘tiramiz. Xonalar dars o‘tishga yetishmagani uchun to‘garaklar haqida o‘ylamasak ham bo‘ladi”, deydi o‘qituvchi Hilola Ergasheva.
Doska yonida o‘tirib dars olayotgan o‘quvchi Pirahmad Boyzoqov o‘qituvchiga yaqin o‘tirgani uchun bilimi kuchli bo‘layotganini aytib hazil ham qildi.
Maktabda 39 nafar pedagog xodim faoliyat yuritadi. O‘qituvchilar xonasiga kiramiz. Muallimlar uchun moslashtirilgan xonada ularning dars jarayoniga tayyorgarlik ko‘rishi uchun sharoit yo‘q edi.
“Aslida mana bu xonani o‘qituvchilar xonasi deyishning o‘zi noto‘g‘ri. Eski koridorni ikkiga bo‘lib yarmini kutubxona, yarmini o‘qituvchilar xonasi qilganmiz. Birorta tadbirga fikr-maslahat almashadigan bo‘lsak, ijodiy ishlar qiladigan bo‘lsak, yarmimizga joy yetmaydi, tik turib o‘tkazamiz.
Konspekt yoki jurnallarni yozishga ham sharoit yo‘q. Ko‘rgazmali qurollarning yarmi sinf xonalarida oyoq osti bo‘lib turibdi. Sig‘dira olmayapmiz. Sharoitimiz og‘ir. Bino yetishmaydi. O‘qituvchilarimiz ikkinchi smenadan 18:20da chiqishadi. Uyi uzoqlar qiynaladi. Axir 21-asrda yashayapmiz”, – deydi rus tili o‘qituvchisi Ziyodjon To‘ychiyev.
Yuqorida aytganimizdek, xona yetishmayotgani sabab direktor, ilmiy bo‘lim mudiri, xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosar, psixolog va kadrlar menejmenti xodimi bir xonada o‘tirar ekan.
“Shu maktabda 30 yildan beri jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi bo‘lib ishlab kelaman. Sport zalimiz yo‘q. Darslarimizni tashqarida o‘tamiz. Kiyinish-yechinish xonalari orzu. Qaniydi biz ham to‘garaklar o‘tsak. Qish oylarida tashqarida dars bo‘lsa, sovuq o‘tib ketadi. Men ham mana o‘quvchilarimdan chempionlar chiqishini xohlayman. Bu sharoitda qanaqa qilib chiqadi?”, – deydi A'zamjon Hasanov.
Kompyuter sinfidagi kompyuterlar keltirilganiga 15 yil bo‘libdi. Texnologik va ma'nan eskirgan kompyuterlarning ayrimlari ishlamaydi. 2006 yilda chiqarilgan uskunalar zamonaviy dasturlarni ko‘tara olmasligi, o‘quv dasturida berilgan mavzularni o‘qitishda qiyinchiliklar tug‘dirmoqda.
O‘qituvchi Dilafruz Daliyeva to‘lib yurgan ekan, u holatga quyidagicha izoh berdi: “Faqat ofis dasturlarida ishlaymiz. Ehtiyot qismlarimiz yo‘qligi sababli beshta kompyuterimiz ishlamaydi. Internetga ulanishning iloji yo‘q. Rosa qiynalyapmiz. Oddiy programmalardan hatto “Paskal”ni yuklab bo‘lmaydi. O‘quvchilarimning orzusi shahar maktablaridagidek kompyuterlarda ishlab, internetlarga ulanish”.
Mutasaddilar tashrifi
Ta'lim muassasasidagi holat bilan tanishayotganimizda u yerga tuman hokimining o‘rinbosari Zafarbek Arslonov, tuman xalq ta'limi bo‘limi mudiri Avazbek Husainov va tuman prokurorining katta yordamchisi Sobirjon Yo‘ldoshevlar kelishdi.
“Maktabdagi holatdan xabarimiz bor. Shuning uchun ham muassasani 2022 yilgi dasturga kiritganmiz. Holatini ko‘rib, sharoitini ko‘rib, 2022-2026 yillarga mo‘ljallab tasdiqlayotgan besh yillik dasturning birinchi yiliga kiritilishi taklifini berganmiz”, – deydi tuman Xalq ta'limi bo‘limi mudiri Avazbek Husainov.
Mutasaddilarning kelganini eshitib, maktabga mahalla aholisi vakillari ham kelishgan ekan. “Maktabimiz 2016 yildan beri dasturga tushadi. Mana oradan besh yil o‘tdi, lekin natija yo‘q. Axir undagi kamchiliklardan rahbarlarning xabari bor-ku?” deya e'tiroz bildirdi Diloromxon Yo‘ldosheva.
Mahalla oqsoqoli Obidjon Qosimov, farzandlarini maktabga olib kelgan Marg‘uba Saidahrorovalar maktab binosini aholi 1984 yili hashar yo‘li bilan qurgani haqida gapirib, o‘qituvchilar kollektivi bilimli pedagoglardan iborat bo‘lsa-da, sharoit yo‘qligi uchun ular ham qiynalayotgani haqida gapirdilar.
O‘qituvchilar va mahalla ahli mutasaddilarning va'dalariga ishonmay qo‘yishganini bildirishdi.
“Men 2016 yili birinchi sinf olganman. O‘sha paytda ota-onalarga “Maktabimiz rekonstruksiyaga tushdi. Hammasi yaxshi bo‘ladi”, deganim esimda.
Yillar o‘tdi. Koeffisentimiz kamaymay, faqat oshib boryapti. Ota-onalarning talabi o‘rinli. Biz ham zamonaviy maktablarda, o‘quvchilarimizga yaxshi sharoitlarda ta'lim bergimiz keladi. Shahar maktablaridagi o‘qituvchilardan hech qanaqa kam joyimiz yo‘q. Bolalarimizni ham kam joyi yo‘q.
Masalan men Yangiobodda yashayman. Yangioboddan shu 52-maktabga o‘quvchilarni olib kelishning o‘zi bo‘lmaydi. Har yili va'da berib olib kelamiz. “Bizga maktab quriladi, qo‘shimcha bino tushadi, sport zal bo‘ladi”, deya. Yangi bino qurilishiga ham ishonmay qo‘ydik”, deydi bolang‘ich sinf o‘qituvchisi Marg‘ubaxon Aliboyeva.
Pop tuman hokimi o‘rinbosari Zafarbek Arslonov o‘qituvchi va mahalla ahliga o‘z fikrlarini bildirib, kelgusi yil eski maktab binosi o‘rnida zamonaviy bino qad ko‘tarishini aytdi.
“52-maktabni 2022 yilda ta'mirlanadigan maktablar ro‘yxatiga qo‘shganmiz. Xudo xohlasa, kelasi yil 240 o‘rinlik maktab binosi va sport zal qurilishi rejalashtirilgan. Nasib qilsa, yuzimiz yorug‘ bo‘lgan holda keyingi yili mana shu qishloq ahliga yangi maktabni qo‘rib bitkazib topshiramiz.
Haqiqatdan ham 2016 yildan beri takliflar bildirib kelinayotgani aytildi. Lekin o‘sha ishchi guruhlar tomonidan, komissiya tomonidan o‘rganilgan paytida boshqa xududdagi maktablarni bundan achinarli holatda ekani va aholining demografik o‘sishi kabi sabab va vajlar keltirilgan. Xudo xohlasa, yanagi yil shu maktabning navbati”, – deydi Zafarbek Arslonov.
Tuman hokimi o‘rinbosari va XTB mudirining “Maktab binosi qurilishi 2022 yilgi Dasturga aniq kiritilgan” deya takror-takror ta'kidlaganiga ishongimiz keldi... Biroq bunday gaplarning ko‘pini eshitgan qishloq aholisi va o‘qituvchilarni ishontirish qiyin bo‘ldi.
Murojaatchilarning e'tirozlari juda o‘rinli edi. Ular hokimiyatdan murakkab va mukammal qulayliklarni emas, elementar sharoitni so‘rashmoqda. Qishloq bolalari ham shahardagi tengdoshlari singari keng va yorug‘, barcha sharoitlarga ega maktablarda ta'lim olishga haqli.
O‘ylaymizki, Namangan viloyati va Pop tuman hokimligi bu safar Mirobod qishlog‘i ahlining haqli talablarini amalga oshiradi.
Elmurod Ermatov,
Azizbek Ismoilov.